Qashqadaryodagi Yarg‘unchi masjidi xodimlariga oyiga 1 million so‘m ehson puli tushirish majburiyati yuklatildi. Aks holda masjid yopilishi mumkinligidan ogohlantirildi.
Masjidga yopishtirilgan e’lon
Qashqadaryo viloyat, G‘uzor tumanidagi Yarg‘unchi jome masjidi eshigiga "agar masjid oyiga bir million so‘m pul mablag‘i tushirmasa, yopilishi mumkinligi" haqidagi e’lon yopishtirildi.
Masjidga borgan namozxonlar tomonidan suratga olinib, Ozodlikka yo‘llangan ushbu e’lon tilxat ko‘rinishida bo‘lib, unga masjid imomi Burhon Pardaev bilan mutavvallisi O‘rol Boymirzaev imzo chekkan.
Tilxatda imom Pardaev va mutavvalli Boymirzaev masjidga oyiga bir million so‘m pul tushmagani borasida ogohlantirilgani yozilgan.
“Oyiga masjidimiz hisob raqamiga 1.000.000 (bir million) so‘m pul mablag‘i tushmasa masjidning faoliyatini ixtiyoriy ravishda to‘xtatishga rozimiz” deyiladi tilxat davomida.
Yarg‘unchi masjidi imomi Burhon Pardaev Ozodlik bilan suhbatda masjid eshigiga ayni mazmundagi e’lon yopishtirilganini tasdiqlab, bu O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Qashqadaryo viloyat vakilligi talabi bilan yozilganini aytdi:
- Ha, vakillikdan topshiriq bo‘lgandi. “Buni masjidning eshigiga osib qo‘yasan” dedi. Chunki xalq bilsin, jome masjidku bizniki. O‘zini-o‘zi boshqarish, faoliyat yuritish uchun ko‘proq tushum qilishi kerak. Odamlar ehson qutisiga ko‘proq tashlasin degan ma’nodami, endi. Shunday gurung bo‘lgandi, dedi Burhon Pardaev 8 avgust kuni.
Pardaevga ko‘ra, masjidning tushum puli juda kam bo‘lgani bois O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Qashqadaryo viloyat vakilligi shunday chorani qo‘llagan.
- Tushum kam bo‘lgani uchun ish haqi ololmaymizku axir. Ish haqi yozish uchun eng kam ish haqining 2,5 barobaridan kam yozish mumkin emas, shunga muvofiq bo‘lishi kerak. Yetmagani uchun ish haqi yo‘q bo‘lib turibdi hozir, dedi Burhon Pardaev.
Pardaevning aytishicha, masjidning pul bilan bog‘liq muammosi haqidagi e’lon masjid eshigiga yopishtirilgach, pul tushumi biroz oshgan.
- Ish berdi. Bir million bo‘lmasa ham, odamlar yordam qilishdi. Undan tashqari masjidi yo‘q qishloq joylaridagi mahalla mo‘minlari e’lonni o‘qigach, 50 ming so‘mdan schyotimizga o‘tkazib beradigan bo‘lishdi, deydi Pardaev.
Yarg‘unchi masjidi G‘uzor tumanidagi eng kam pul tushadigan masjid ekanini aytgan Pardaevga ko‘ra, bu namozxonlar sonining kamligi va odamlarning kambag‘alligi bilan bog‘liq.
- Pul tushishi bu bizning ixtiyorimizdagi narsa emasku. Xalq endi boy bo‘lsa, ko‘proq tushadi, kambag‘al bo‘lsa, kamroq tushadi, deydi Pardaev.
Pardaevning hisob-kitobicha, juma namozlariga 45-50 namozxon keladi va ehson pullarining 25 foizi Musulmonlar idorasi va boshqa tashkilotlarga o‘tkaziladi. Qolgan pul esa masjid harajatlarini qoplashga etmayapti.
Vikipediya ma’lumotlariga qaraganda, G‘uzor tumanida 187 ming kishi istiqomat qiladi (2016 yilgi ma’lumot). Yarg‘unchi masjidi imomining aytishicha, tumanda 4 ta jome masjidi bor.
O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Qashqadaryo viloyati vakilligi Yarg‘unchi masjidiga yopishtirilgan e’lon bilan bog‘liq savollarimizni javobsiz qoldirdi.
O‘zbekistonning boshqa masjidlarida ham Yarg‘unchi masjididagi kabi holat bor yoki yo‘qligi Ozodlikka noma’lum.
Andijondagi masjidlardan birining imomiga ko‘ra, viloyatda Yarg‘unchi masjididagi kabi tushum pul bilan bog‘liq holat kuzatilmagan.
“Lekin masjidlar nizomida agar masjid o‘zini-o‘zi qoplay olmasa, yopiladi”, degan joyi bor deydi andijonlik imom.
Ehson qutilari va "Vaqf" jamg‘armasi
Masjidlar Adliya vazirligi ro‘yxatidan nodavlat notijorat tashkilot sifatida ro‘yxatda o‘tkaziladi.
Uch oydirki, masjidlardagi ehson qutilariga tushgan pullar O‘zbekiston musulmonlari idorasi qoshidagi “Vaqf” xayriya jamoat jamg‘armasiga o‘tkazilmoqda.
Andijonlik imomning aytishicha, yangi tartib yo‘lga qo‘yilgach, tushum pullari nazorati yanada kuchaytirilgan:
“Ehson qutilarini soliqdan kelib muhrlab ketishadi. Har juma kuni qutilar ochiladi. Ochish payti soliqdan, IIB, MIB, MXXdan vakil bo‘ladi. Quti ochilgach pullarni inkasatorlar olib ketishadi”, deydi andijonlik imom.
“Vaqf” xayriya tashkiloti joriy yil 10 may kuni Adliya Vazirligi ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, hozir O‘zbekistonda 2 ming 37 ta masjid bor. Ularda jami 5 mingdan ortiq imom va imom noiblari ishlamoqda.
Musulmonlar idorasining mulozimiga ko‘ra, imomlarning 80 - 90 foizi oylik bilan ta’minlangan. Bu oylik miqdori har bir masjidning o‘z daromadi va ehsonlari hisobidan masjidda ishlovchi jamoaning o‘zi tomonidan belgilanadi.