Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanidan o‘tadigan poezd ostiga 17 yashar qiz va 20 yashar yigit o‘zlarini birga tashlab halok etdi.
Marhumlar yaqinlarining aytishlaricha, bu ikki yosh bir-biriga ko‘ngil qo‘ygan, lekin qizning yaqinlari bu nikohga ruxsat bermagan.
Surxondaryo viloyati temir yo‘l militsiyasi shunday voqea bo‘lganini tasdiqladi.
Jarqo‘rg‘on tumanining Qum qishlog‘ida yashagan 17 yashar G.Q. va 20 yashar B.K. 10 avgustga o‘tar kechasi, soat 02.08 da Termiz-Qumqo‘rg‘on-Toshkent temir yo‘lidan o‘tayotgan yuk poezdining ostiga tashlab o‘z joniga qasd qilgan.
Bu xabarni tasdiqlagan Surxondaryo viloyati temir yo‘l militsiyasi mulozimining Ozodlikka aytishicha, sodir bo‘lgan holat yuzasidan surishtiruvni prokuratura olib bormoqda.
Ismi sir qolishini so‘ragan Qumqishloq mahlla faollaridan birining aytishicha, otalardan birining nikohga rozilik bermagani yoshlarning o‘z joniga qasd qilishiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin:
“Bu qiz hali maktabda o‘qiydi, bu yil 11 sinfga o‘tgan edi. Ular sevishgan, ammo qizning yaqinlaridan biri ularning kelajakdagi nikohiga jiddiy qarshi bo‘lgan. Taxmin qilishlaricha, shu sabab ikkalasi o‘zlarini birga poezdning ostiga tashlagan. Poezd ezib o‘tib ketgan. Kecha janozasi bo‘ldi ikkovini. Ikkalasi mahalladosh bo‘lgan. Yigitning otasi hayot, onasi sal ilgariroq vafot etgan edi. Oilada kenja o‘g‘il edi. Qishloqda katta motam bo‘ldi”, deydi mahalla faollaridan biri.
Ozodlikning Jarqo‘rg‘on ichki ishlar bo‘limidan olgan ma’lumotiga ko‘ra, bu ish bo‘yicha O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 103(o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish) moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
O‘zbekistonda maishiy muammolar, ota-onalarning yoshlar nikohiga to‘sqinlik qilishi oqibatida o‘z joniga qasd qilish holatlari uchrab turadi.
Joriy yilning 16 iyun kuni Farg‘ona viloyatining Dang‘ara tumanidan O‘zbekiston tumaniga kelin bo‘lib tushgan 20 yashar kelinchak 16 iyun kuni poezdning ostiga o‘zini tashlab, halok etgan edi. Marhuma qo‘shnilarining iddao qilishlaricha, qaynonasi bilan janjallashib uyiga haydalgan kelin o‘z joniga shu tarzda qasd qilgan.
2015 yilning 2 mayida Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanidagi 23-maktabning ikki nafar 9-sinf o‘quvchisi o‘zlarini “Urganch-Toshkent” yo‘lovchi poezdining tagiga tashlab o‘ldi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, 2 may kuni ro‘y bergan hodisada ikki dugona bir-birini quchoqlagan holda o‘zlarini poezd tagiga otib halok bo‘lgan edi.
2015 yilning 23 avgust kuni esa, Farg‘ona viloyatining So‘x tumanida istiqomat qilgan 15 yashar maktab o‘quvchisi 21 yashar sevgan yigiti bilan o‘zini tog‘dan tashlab, halok etgan edi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, qiz bilan yigit uydan qochib ketib, bir necha kun tog‘da yashirinib yurgan va qidiruvchilar kelganda jonlariga qasd qilgan.