Prokuratura militsiya zobitining qiynoqqa solingani haqidagi iddaolarni rad etdi

Hilola O‘rinboeva Ozodlik bilan suhbatda eri qiynoqlar oqibatida tuman kasalxonasi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilganini iddao qilgan.

Namangan tuman Ichki ishlar bo‘limi tergov bo‘linmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan 36 yoshli militsiya kapitanining turmush o‘rtog‘i Hilola O‘rinboeva tuman prokuraturasi xodimlari erini tergov davomida tinimsiz qiynoqqa solgani, o‘zi va oilasini jinsiy zo‘rlash bilan qo‘rqitgani haqida Ozodlikka shikoyat qildi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati pora olganlikda gumonlanib o‘tgan oy hibsga olingan sobiq militsiya zobitining qiynoqqa solingani haqida uning oila a’zolari bildirgan iddaolarni rad etdi.

10 avgust kuni Hilola O‘rinboeva Ozodlik bilan suhbatda eri qiynoqlar oqibatida tuman kasalxonasi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilganini iddao qilgandi:

- Erimni kuch ishlatib tuman prokuraturasi ma’muriy binosining 2- qavatiga olib kirib ketishgan. Kechki 6 ga qadar jismoniy va ruhiy tazyiq o‘tkazishgan. Shimini yechib qo‘yib, tursikda turgan holatda so‘roq-savol qilishgan, tepishgan. “Pora oldim deb bo‘yningga olmasang, xotining, bola-chaqang, singillaringni olib kelib, yechintirib, zo‘rlaymiz, o‘zingni ham zo‘rlaymiz, keyin bo‘yningga olasan”, deb bosim o‘tkazishgan. Boris ismli rus millatiga mansub yigit¸ hamda qorachadan kelgan bola shunaqa qilgan. Keyin ular hujum qilayotganda ikkinchi qavat derazasidan itarib yuborishgan. Boshi bilan tushib, majaq bo‘lgan. Xullas¸ shundan so‘ng erim reanimatsiyaga tushib qoldi. Shifoxonada hushiga kelganida erim o‘zi qanday tazyiqqa olinganini gapirib berdi.

O‘zbekiston prokuraturasiga ko‘ra, O‘rinboev tergovchilardan qochayotib, 4 metr balandlikdagi derazadan sakragan paytda muvozanatni yo‘qotib yuzi bilan yerga tushgan.

Hibsga olingan sobiq militsiya zobiti advokatlaridan biri ham o‘z mijoziga nisbatan tergov davomida bosim o‘tkazilganini aytadi:

- Tergov davomida ruhiy bosimlar qo‘llanilganini aytgan. Bu haqda sudga ham shikoyat qildi. Lekin, tergov davom etayotgani bois ko‘p narsa aytolmayman.

"Iddaolar asossiz"

Ozodlik so‘rovi bo‘yicha surishtiruv o‘tkazgan O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 14 avgust kuni militsiya zobitining qiynoqqa solingani haqidagi iddaolar asossiz ekani aniqlanganini bildirdi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati Ozodlikka yo‘llagan bildiruvda ta’kidlanishicha, Namangan tuman prokuraturasi binosida bayonnoma rasmiylashtirish jarayonida G‘.O‘rinbaev jinoiy javobgarlikdan qutulish maqsadida, 2-qavatda joylashgan xona derazasidan taxminan 4 metr balandlikdan yerga sakrab, muvozanatini yo‘qotib, yuz qismi bilan yiqilib, tan jarohati olgan va shifoxonaga yotqizilgan.

Bosh prokuratura militsiya zobiti yaqinlarining tergovchi sud-tibbiy ekspertlarga ta’sir o‘tkazilganligi haqidagi vajlari ham asossiz ekanini ma’lum qildi.

"Sud-tibbiy ekspertizaning 27.07.2018 yilgi xulosasida, G‘.Urinbaevda aniqlangan jarohatlar balandlikdan yiqilishi oqibatida olinishi inkor etilmasligi, sog‘lig‘ini buzilishiga sabab bo‘lgan yengil tan jarohatlar turkumiga kirishi ko‘rsatilgan. G‘.Urinbaevni qochishga urinib, yiqilganligi holati bo‘yicha tergovchi tomonidan bayonnoma tuzilgan, G‘.Urinbaevni qochishga uringanligini uning advokati R.Nazarov ham ko‘rganligi sababli ushbu bayonnomani imzolagan. Tergov davrida xolislar V. va N.lar G‘.Urinbaevga nisbatan noqonuniy hatti-harakatlar sodir etilmaganini, u deraza orqali qochmoqchi bo‘lib, yiqilib tushganini ko‘rsatishgan. Shu sababli, go‘yoki G‘.Urinbaevni Departament xodimlari va boshqalar urishganligi, prokuratura binosining 2-qavatidan itarib yuborishganligi haqidagi vajlari asossiz deb topilgan", - deyiladi prokuratura bildiruvida. (Bosh prokuratura matbuot xizmati bildiruvi tahrirsiz berildi - tahr.)

Hozirda O‘rinboev kasalxona reanimatsiya bo‘limidan tuman militsiyasi tergov izolyatoriga o‘tkazilgan.

Militsiya zobiti nega qamoqqa olindi?

O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga ko‘ra, Namangan tuman Ichki ishlar bo‘limida tergov bo‘linmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan militsiya kapitani G‘olibjon O‘rinboevga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi poraxo‘rlik bandi bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.

Prokuraturaning bildiruvida ta’kidlanishicha, O‘rinbaev fuqaro R. Absattarov bilan jinoiy til biriktirib, bo‘linma katta tergovchisi O.ning ish yurituvida bo‘lgan M. boshqaruvidagi “Kobalt” va A. boshqaruvidagi “Spark” rusumli avtomashinalar o‘rtasida sodir etilgan yo‘l-transport hodisasi yuzasidan JKning 266-moddasi 2-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha M.ni jinoiy javobgarlikka tortmaslik va “Kobalt” avtomashinasini jarima maydonchasidan chiqarib berish evaziga uning ukasi B.dan 1000 AQSh dollarini pora sifatida berishini talab qilgan.

26.07.2018 yildagi tezkor tadbir davomida R.Absattarov tuman IIBning binosi oldida ko‘chada B.dan 500 AQSh dollarini olib, IIBning xovlisida pullarni G‘.Urinbaevga bergan. Mazkur holat yuzasidan 26.07.2018 yilda Namangan viloyat prokuraturasi tomonidan G‘.Urinbaev va R.Absattarovlarga nisbatan JKning 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ariza muallifi B., guvoh X. va boshqalar G‘.O‘rinbaevni jinoyatini fosh qiluvchi ko‘rsatuvlar berishgan, M. ko‘rsatuvlarini R.Absattarov bilan o‘tkazilgan yuzlashtirishda tasdiqlagan. Shuningdek. R.Absattarov ko‘rsatuvlarida G‘.Urinbaev M.ni jinoiy javobgarlikka tortmaslik evaziga 1000 AQSh dollari berilishini talab qilib, 26.07.2018 yil kuni 500 dollardan 200 dollarini unga qaytarib berib, 300 dollarni cho‘ntagiga solib, pulni 1000 AQSh dollari qilib olib kelishni talab qilganligini ko‘rsatgan”. - deyiladi prokuratura bildiruvida.(Bosh prokuratura matbuot xizmati bildiruvi tahrirsiz berildi - tahr.)

"Prezidentga arz qilamiz!"

Ayni paytda militsiya zobiti yaqinlari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevga arz qilish ahdida ekanliklarini aytishmoqda. Hibsdagi militsiya sobiq zobitining rafiqasi Hilola O‘rinboeva bunday dedi:

- Biz prezidentdan yordam so‘raymiz, chunki prokuratura xodimlari aybni majburlab bo‘yniga qo‘ydirish uchun ruhiy va jismoniy bosim qilishgan. Biz Toshkentga prezident qabuliga borishga ham tayyormiz.