Qirg‘izistonning Barak anklavi O‘zbekiston hududiga o‘tadi, bu anklav o‘rniga O‘zbekiston Andijon viloyatining chegaradosh hududlaridan qo‘shni davlatga yer beradi. Bu ma’lumotni Qirg‘iziston hukumati rasmiy vakili Chingiz Esengul uulu tasdiqladi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
-Chegaraning aniqlanmay qolgan hududlari masalasida O‘zbekiston va Qirg‘iziston qo‘shma ishchi guruhlari tadqiqotlarni olib bormoqda. Ularning orasida Barak anklavi ham bor. Hozirgi kunda Barak anklavi va uning atrofidagi aniqlanmagan hududlar ustida ish olib borilayapti,-dedi rasmiy.
Chingiz Esengul uuluning aytishicha, Barak qishlog‘ini O‘zbekistonga berib, uning o‘rniga boshqa yerdan yer olish masalasi ikki davlat chegarasini aniqlash bo‘yicha komissiyaning Farg‘onada 1-7 avgust kunlari o‘tgan navbatdagi majslisida ko‘rib chiqilgan.
Barak qishlog‘i raisi Burkanbek Ashirov qishloq ahli O‘zbekiston bilan yer almashinishga rozi ekanini bildirdi:
-Biz Barak qishlog‘ini O‘zbekistonga tashlab chiqib ketadigan bo‘layapmiz. Buning O‘rniga O‘zbekiston Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanidagi Birlashgan qishlog‘idan bizga yer beradigan bo‘layapti. Bu qishloq sharq tomondan Qirg‘izistonning Oqtosh qishlog‘i, janub tomondan Qashqarqishloq qishlog‘ining Andijon mahallasi bilan chegaradosh. O‘zbekiston gektarga gektar mansabida yer beradigan bo‘ldi. Qishloq ahli majlis qilib, bu taklifga rozi bo‘ldik. Lekin masala kamida 1-1,5 yil ichida hal bo‘lar ekan. Hozircha bu borada muzokaralar olib borilmoqda ekan, - dedi Burkanbek Ashirov.
O‘sh viloyatining Qorasuv tumaniga qarashli Barak qishlog‘i O‘zbekiston ichkarisida joylashgan. Qishloqdan 5 kilometr tashqariga chiqilsa Qorasuv tuman markaziga kirib kelinadi. Biroq mana shu 5 kilometr masofa O‘zbekistonga tegishli. O‘zbekiston bu yerdan o‘tishga ruxsat bermagani uchun Barak qishlog‘i aholisi 2013 yilning 17 yanvaridan beri Qorasuvga borib -kelish uchun 600 kilometr masofani bosib o‘tishga majbur bo‘lmoqda.
-Bu yo‘l O‘zbekistonga tegishli bo‘lgani uchun juda qiynalganmiz. Bizga yo‘lak bermaganidan keyin bu qishloqni almashtirish eng yaxshi qaror buo‘ladi. Faqat O‘zbekiston bizning 280 gektar yerimiz o‘ringa 280 gektardan kam bo‘lmagan yerni berishi shart,- dedi Barak qishlog‘i turg‘uni Almaz Karimov.
Chegara masalalari bo‘yicha ekspert Salamat Alamanov esa O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumatlari yer almashtirish masalasida juda ehtiyotkor bo‘lishlari kerak, deb hisoblaydi:
-Bu masala hal etilganidan keyin tanqidchilar paydo bo‘ladi, bu masalani siyosiy o‘yinga aylantiradiganlar paydo bo‘ladi. Masalan, Qarqira hududini Qozog‘istonga berib, uning o‘rniga Qozog‘istondan ikki barobar ko‘p yer olinganidan keyin ham ayrim siyosatchilar buni norozilik bildirish vositasiga aylantirishdi, -dedi Salamat Alamanov.
O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasining uzunligi 1378 kilometrni tashkil etadi.
Prezident Mirziyoev davlat tashrifi bilan 2017 yilning 5 sentabrida Bishkekka borganida mazkur chegaraning 1170 kilometri aniqlanib bo‘lingani to‘g‘risidagi hujjat imzolangan edi.
Hozirgi kunda ikki davlat chegarasining qolgan 208 kilometrni aniqlash ishlari olib borilmoqda.