Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Og‘ir atletika bo‘yicha ilk oltin medal va Osiyo rekordi
Indoneziyada o‘tayotgan Osiyo o‘yinlarida 26 avgust kuni o‘zbekistonlik Ruslan Nuriddinov dast ko‘tarishda 191kilo, siltab ko‘tarishda 230 kilo, umumiy hisobda 421kg natija ko‘rsatib oltin medalga sazovor bo‘ldi.
“Ushbu oltin medal o‘zbekistonlik og‘ir atletikachilar uchun Osiyo o‘yinlari tarixidagi birinchisi hisoblanadi”, deyiladi Milliy Olimpiya qo‘mitasi xabarida.
Ayni shu kuni Ruslan Nuriddinov siltab ko‘tarishda 227 kg tosh ko‘tarib Osiyo rekordini o‘rnatdi.
Nuriddinovning medali O‘zbekiston jamoasi Osiyo o‘yinlarida qo‘lga kiritgan 6-oltin medal bo‘ldi.
Ruslan Nuriddinov Rio olimpiadasida dast ko‘tarishda 194 kilo, siltab ko‘tarishda 237 kilo toshni o‘ziga bo‘ysundirib, Olimpiada chempioni unvonini qo‘lga kiritgan edi.
U siltab ko‘tarishda Olimpiada rekordini yangilashni ham uddalagan. Bu borada avvalgi rekord (236 kg) Pekin Olimpiadasida belaruslik Andrey Aramnau tomonidan o‘rnatilgandi.
Og‘ir atletika bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi musobaqada Omadoy Otaqo‘zieva dast ko‘tarishda 101 kilo, siltab ko‘tarishda 131 kilo, umumiy hisobda esa 232 kilo toshni ko‘tarib kumush medalga sazovrr bo‘ldi
Tokio Olimpiadasiga ilk litsenziya
25 avgust kuni tennis bo‘yicha musobaqalarda o‘zbekistonlik tennischi Denis Istomin oltin medalni qo‘lga kiritgan edi.
Denis Istomin mazkur g‘alabasi bilan 2020 yili Yaponiya poytaxti Tokio shahrida bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlari litsenziyasini ham qo‘lga kiritdi. Bu O‘zbekistonga Tokio olimpiadasida qatnashishi uchun berilgan ilk litsenziya bo‘ldi.
O‘zbekiston sport delegatsiyasi 16 yil ichida ilk marotaba tennis bo‘yicha Osiyo o‘yinlarida oltin medalga ega chiqdi.
Bungacha 2002 yili Pusan mezbonlik qilgan Osiyo Olimpiadasida Iroda To‘laganova oltin medalga sazovor bo‘lgandi.
Medal bo‘yicha umumjamoa hisobi
Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston jamoasi jami 28ta medalga egalik qilmoqda. Ulardan 6tasi oltin, 11 ta kumush va 11ta bronza. To‘qqizinchi kun musobaqalaridan so‘ng O‘zbekiston delegatsiyasi medallar bo‘yicha umumiy reytingdagi 8-o‘rindan 10-o‘ringa tushib qoldi.
O‘zbekistonning reytingdagi avvalgi o‘rinlarini 9ta oltin medalni qo‘lga kiritgan Tailand va 7 ta oltin medalga egalik qilayotgan Hindiston egalladi.
Oltin medallar: Bekzod Abdurahmonov (erkin kurash) Nikita Rafalovich (taekvando), Mo‘minjon Abdullaev (erkin kurash), Shahboz Abdujabborov va Shahboz Xolmurzaev (akademik eshkak eshish). Denis Istomin (tennis), Ruslan Nuriddinov (og‘ir atletika)
Kumush medallar: Dmitriy Shokin (taekvando), Darya Latisheva (ushu taulu), Rustam Assakalov (grek-rim kurashi), Doston Yoqubov (og‘ir atletika), Niyoz Po‘latov (taekvando), Sardor To‘lqinxo‘jaev va Alisher Turdiev (akademik eshkak eshish), Oksana Chusovitina (gimnastika), Omadoy Otaqo‘zieva (og‘ir atletika), akademik eshkak eshish bo‘yicha sakkiz kishilik ekipaj ( Alisher Yarov, Dostonjon Baxriev, Islom Mambetnazarov, Dostonjon Xursanov, Shohjahon Najmiev, Otamurod Rahimov, Shehroz Hakimov, Zafar Usmonov, Anatoliy Krasnov), Murod Xolmurodov (velosport)
Bronza medallar: Sirojiddin Hasanov , Magomed Ibragimov, Davit Modzmanashvili (uchalasi ham erkin kurash bo‘yicha), Nigora Tursunqulova (taekvando), Adhamjon Ergashev (og‘ir atletika), Svetlana Osipova (taekvando), Akademik eshkak eshish bo‘yicha to‘rtlik musobaqasi jamoasi, Sadriddin Saymatov (karate), Suhrob Xodjaev (bosqon uloqtirish), Barno Mirzaeva (karate), Abdumalik Salimov (penchak silat)
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlarida Markaziy Osiyo davlatlari orasida yetakchilik qilmoqda
27 avgust holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Osiyo o‘yinlarida medallar bo‘yicha reytingning 10- pog‘onasini egallab, Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi o‘rinda bormoqda.
11- o‘rinni 5 oltin, 8ta kumush, 28ta bronza-jami 41 medal olgan Qozog‘iston egallamoqda. Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha uchinchi o‘rinda Qirg‘iziston (2 ta oltin, 5 kumush, 9bronza, jami 16ta) bormoqda. Osiyo o‘yinlari reytingida bu davlat 17- o‘rinda.
To‘rtinchi o‘rinda 1 kumush va 2ta bronza medal bilan Osiyo reytingida 29-pog‘onada turgan Turkmaniston, beshinchi o‘rinda esa 1ta kumush medal bilan Tojikiston bormoqda. Tojikiston Osiyo o‘yinlari reytingida 32 o‘rinda.
Mazkur reytingning birinchi uchligini Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreya egallamoqda.
XVIII Osiyo o‘yinlariga Indoneziya poytaxti Jakarta hamda Sumatra orolidagi yirik shaharlardan biri Palembang mezbonlik qilmoqda.
18 avgustdan 2 sentabrgacha davom etadigan o‘yinlarda 45 mamlakatdan jami 9 704 nafar sportchi 42 ta sport turi bo‘yicha 476 ta medal uchun kurashadi.