AQSh: Xitoy xorijiy davlatlarga diplomatik bosimni oshirmoqda

AQSh Salvadorning Xitoy foydasiga Tayvan bilan diplomatik aloqalarni uzganidan xavotir bildirdi. Vashingtonga ko‘ra, Xitoy iqtisodiy ko‘mak evaziga yangi do‘stlariga bosim o‘tkazmoqda.

Salvadorning Xitoyni norozi qilmaslik uchun Tayvan bilan aloqalarni uzish qarori Oq uyning keskin tanqidiga duchor bo‘ldi.

Vashington ayni paytda Xitoyni tashqi davlatlar ichki siyosatiga aralashayotganlikda ayblab, Salvadorning bu qarori javobsiz qolmasligi haqida ogohlantirdi.

Oq uyning bunday keskin javobidan Salvador hukumati hayratda. Salvador rasmiylariga ko‘ra, AQShning o‘zi 1979 yil Xitoy bilan aloqalarni tiklab, Tayvan bilan diplomatik rishtalarni uzgan edi.

"AQSh buni 40 yil oldin qilgan edi. Ular Xitoy bilan kuchli diplomatik aloqaga ega. Qo‘shma Shtatlarning bu mavqeini tushunmadik", - deydi Salvador Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Evelin Marokin.

Xitoy ham o‘z navbatida Vashingtonni boshqalar ishiga aralashmaslikka chaqirdi.

"Xitoy uchun Lotin Amerikasi va Karib mintaqasi ko‘p qutbli va iqtisodiy jihatdan global dunyoda mustaqil va taraqqiy etayotgan kuch sifatida muhim. Xitoy boshqa davlatlarning o‘z ichki va tashqi ishlarini o‘zlari hal qilish huquqiga ega ekanini ayrim odamlarga eslatib qo‘yishni istaydi va ularni gegemonlikni bas qilishga chaqiradi", - dedi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so‘zlovchisi Lu Kang.

AQSh o‘tmishda Tayvan bilan aloqani uzgan davlatlarga, hatto Panamaga ham bu qadar e’tiroz bildirmagan edi. Tahlilchi Bonni Gleyzerning aytishicha, Oq uy Salvadorga keskin munosabati bilan boshqa davlatlarga ogohlantirish bermoqda.

"Bunga Xitoyning dunyo bo‘ylab harakatlari, siyosiy ta’siri va harbiy faoliyati kuchaygani sabab. AQSh Xitoydan tahdidlar kelayotganini ko‘rmoqda va shunga mos keskin javob qaytarmoqda", - deydi u.

So‘nggi tanqidiy bayonot AQSh va Xitoy o‘rtasidagi ikki kunlik savdo muzokaralari biror jiddiy natijasiz tugashi ortidan yuz berdi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo ixtilofi kuchayib bormoqda.