Talabalar Diplomatiya universiteti rektoratiga kontrakt puli oshirilganidan norozilik bildirdi

5 sentabr kuni JIDU talabalari rektorat binosi oldiga to‘planmoqda.

Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining o‘qish kontrakt puli ikki baravar oshirilishidan norozi bo‘lgan o‘nlab talabasi yangi o‘quv yilining birinchi kuni - 5 sentabrda oliygoh rektorati binosi oldida yig‘ildi. Talabalar o‘qish pulini to‘lay olmay bilim yurtidan haydalish xavfi ostida qolganliklarini aytmoqda.

O‘tgan oy Universitet o‘qish pulini 12 million so‘mdan birdaniga qariyb 24 million so‘mga ko‘targandi. Universitetning buxgalteriya masalalariga mas’ul mulozim Ozodlik bilan suhbatda o‘qish narxlari talabalar manfaatini ko‘zlab o‘quv sifatini ko‘tarish maqsadida oshirilganini aytdi​.

Oldinroq universitet rektorati ham o‘qish narxlari oshirilishi yuzasidan izoh bergandi.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan talabalaridan biri o‘qish pulining kutilmaganda ikki baravar ko‘tarilishi o‘zi va ko‘plab kursdoshlarini ancha mushkul ahvolda qoldirganini aytdi:

- Biz hozir rektorga o‘qish haqi asossiz oshirilgani yuzasidan noroziligimizni bildirish uchun rektorat oldiga to‘plandik. Men bilan birga ellikka yaqin talaba turibdi. Biz o‘qish haqi avvalgiday qoldirilishi yoki o‘qish pulini to‘lay olmayotgan talabalarga yengilliklar berilishini talab qilyapmiz. O‘tgan yil o‘qishga qabul qilinganimda o‘qish puli 12 million so‘m edi. Hozir esa 24 millionga chiqib ketdi. Bundan hamma norozi. Rektorga ham portalga ham shikoyat qildik, hech natija bo‘lmayapti.

JIDU talabalari rektorat binosi oldida.

Universitetning boshqa bir talabasi esa o‘qish puli oshgani sabab kontrakt pulini to‘lay olmay, o‘qishni davom ettiraolmaslik xavfi ostida qolganini aytdi:

- Men oddiy oiladanman. O‘qishga o‘z bilimim bilan kirganman. Yaxshi baholarga o‘qiyman. Ota-onam kontrakt pulini to‘lashga qurbi yetmaydi. Shu paytgacha qarz qilib to‘lab kelayotgandik. Hozir ikki baravar ko‘tarilib, o‘qish yiliga sal kam 3 ming dolllarga to‘g‘ri kelyapti. Bu pulni men qaerdan olaman?!

JIDU talabalari rektorat binosi tomon yurish qilmoqda.

Ozodlik talabalarning arzi yuzasidan Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga bog‘landi.

Universitetning buxgalteriya masalalariga mas’ul mulozim Ozodlik bilan suhbatda o‘qish narxlari talabalar manfaatini ko‘zlab o‘quv sifatini ko‘tarish maqsadida oshirilganini aytdi:

- Universitetning moddiy-texnika infratuzilmasi yangilanmoqda, sport inshootlari qayta qurilmoqda, talabalar uchun yangi axborot-resurs markazi barpo etilmoqda, bular shu studentlar uchun qilinyapti va pul turadi. Bundan tashqari xalqaro iqtisodiy, siyosiy va huquqiy sohalardagi malakali xorijlik mutaxassislarni universitetning ta’lim jarayoniga jalb qilyamiz. Joriy o‘quv yilida chet eldan kamida 10-15 nafar yetakchi xalqaro olimni taklif qilish rejalashtirilgan. Ular bepulga kelmaydi albatta. Bu ishlarni hammasi talabalar uchun, ularning sifatli bilim olishlari uchun qilinyapti.

Bundan oldin universitet rektorati ham o‘qish narxlari oshirilishi yuzasidan izoh bergandi.

Ayni paytda universitet o‘qish pulini bir yo‘la o‘tkazish imkoniga ega bo‘lmagan talabalarga ko‘mak berishga harakat qilayotgani va ularni qo‘llab-quvvatlash uchun turli variantlar taklif etmoqda. JIDU mas’ul xodimi bunday dedi:.

- Iloji boricha, biz hozir har bir talaba bilan ishlayapmiz, ularni moliyaviy muammolarini o‘rganyapmiz. Ularga qulay variantlarni taklif qilyapmiz, universitetda ishlash imkonlarini taklif qilyapmiz, o‘qish pulini har oyda bo‘lib-bo‘lib to‘lash masalasini ham o‘rganyapmiz.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti mulozimi o‘qish pulini to‘lamagan talaba o‘qishdan haydalishi mumkinligini istisno etmadi.

Lekin, universitetda hozircha o‘qish pulini to‘lamay qolib talabaning o‘qishdan haydalgani holati bo‘lmagan.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti o‘quv bazasini yangilash va o‘qish narxlarining oshirilishi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning JIDU faoliyatiga nisbatan qattiq tanqidiy chiqishi ortidan ro‘y bermoqda.

Shu yil yanvar oyida Mirziyoev O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va elchixonalar xodimlari bilan uchrashuvida JIDUni qattiq tanqid qilar ekan, bunday degan edi:

- Afsuski, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti chinakam istiqbolli, o‘z kasbiga sadoqatli va professional yosh kadrlar tayyorlash bo‘yicha vazifalarni to‘laqonli bajarayotgani yo‘q. Universitet bitiruvchilarining davlat idoralariga ishga joylashishi o‘ta past darajada qolmoqda.

Prezidentga ko‘ra, 2017 yilda universitetni bitirgan 235 mutaxassisning 14 nafarigina Tashqi ishlar vazirligiga ishga qabul qilingan.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti.

Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti 1992 yilda oldingi Toshkent Oliy partiya maktabi binosida ochilgan edi.

Bugungi kunda uch mingdan ortiq talaba Xalqaro munosabatlar, Xalqaro iqtisodiy munosabatlar, Xalqaro huquq sohalari bo‘yicha ayni oliygohda ta’lim oladi.