Izboskanda hususiy shirkatga 3 ming dollar to‘lab Hajga otlanganlar ziyorati barbod bo‘ldi, pulini ham ololmayapti

Din ishlari qo‘mitasiga ko‘ra, bu yil 7200 nafar o‘zbekistonlik Hajga borgan.

Andijon viloyatining Izboskan tumanida hususiy sayyohlik shirkatiga 3 ming AQSh dollari to‘lab, Hajga borolmaganlar pullarini qaytarib ololmayotganliklari haqida Ozodlikka shikoyat qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, 27 nafar izboskanlik tumandagi "Koinotga sayohat" shirkatiga ikki oy oldin Hajga borish uchun har biri 3 ming AQSh dollari to‘lagan, lekin Saudiya Arabistoni sayyohlik vizasi bermagani bois, safar amalga oshmagan.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari qo‘mitasi​ aholiga faqat hukumat yo‘nalishi bo‘yicha Hajga borishni tavsiya qilmoqda.

Andijonning Izboskan tumanida yashovchi ismi sir qolishini so‘ragan 69 yoshli otaxon Ozodlik bilan suhbatda ikki oy avval Hajga borish uchun “Koinotga sayohat” shirkatiga 3 ming AQSh dollari miqdorida pul to‘lagani, lekin safar amalga oshmagani, pulini ham qaytarib ololmayotganini aytdi:

- Hukumat liniyasi bo‘yicha ketish uchun olti yil avval navbatga yozilgan edim. Navbatim o‘tib ketibdi. Mana bu yil sayyohlik shirkatlari orqali ketish imkoniyatlari paydo bo‘ldi, shunga 3 ming dollar to‘lab 27 kishi ketmoqchi bo‘ldik. Sayyohlik firmasi "viza ololmadik", dedi. Endi bir umr Hajga yiqqan pulimizni ham qaytarib ololmayapmiz.

Ozodlik Hajga safari amalga oshmay qolgan izboskanliklarning shikoyati yuzasidan “Koinotga sayohat” shirkatiga bog‘landi.

Shirkatning ismini aytmagan xodimi Saudiya Arabistoni sayyohlik vizasi bermagani uchun safar barbod bo‘lgani, lekin to‘langan pullar mijozlarga to‘laligicha qaytarib berilishini va’da qildi:

- Dubaydagi sayyohlik shirkati bilan shu ziyoratni uyushtirmoqchi bo‘ldik. Lekin viza o‘xshamadi. O‘zbekistondan juda ko‘p odamga viza berib yuborishgan ekan bizga berishmadi. Shuning uchun hozir Dubaydagi shirkatdan biz pullarni qaytarib olishga harakat qilyapmiz. Ozgina sabr qilishsa albatta qaytarib beramiz.

Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda sayyohlik shirkatlari ham aholiga Umra va Haj safarlarini uyushtirishni boshlagan.

Izboskanliklar hususiy sayyohlik shirkatlari Haj safari uchun taklif etayotgan narxlar hukumatnikidan qariyb ikki baravar arzon, bundan tashqari yillab navbatga turishning keragi ham yo‘qligini aytishadi.

- Aynan shuning uchun biz shu shirkat yo‘nalishi bo‘yicha bu yil Hajga ketmoqchi bo‘lgandik-da, chunki hukumat yo‘nalishi bo‘yicha 6 ming AQSh dollariga tushyapti, olti yil oldin navbatga turgan bo‘lsak ham navbatimiz kelmayapti, - deydi Hajga 3 ming AQSh dollari to‘lab, ketolmay qolgan izboskanliklardan yana biri.

Aholisi 32 millionga yaqinlashgan O‘zbekiston uchun Haj ziyorati kvotasi qariyb 40 foizga oshirilgan.

​O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari qo‘mitasi mulozimi Nusratilla Nodirov so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ayrim hususiy sayyohlik shirkatlari ham Haj safarlarni taklif etayotgani va bunga qonuniy to‘siq yo‘qligini tasdiqlaydi, lekin shunday bo‘lsa-da, aholini bunday shirkatlar va’dalariga aldanib qolmaslikka chaqiradi:

- Arzonga uchib aldanib qolayotganlar ko‘p bo‘lyapti. Shuning uchun faqat hukumat yo‘nalishi bo‘yicha Hajga borishlarini tavsiya qilgan bo‘lar edik. Chunki Saudiya Arabistoni O‘zbekistonga qancha odam yuborish bo‘yicha kvota beradi va shu kvota bo‘yicha safarni yuz foiz biz amalga oshiramiz. Vizasi, yotar-turari, ovqati, sug‘urtasi hammasi ichida bo‘ladi. Lekin, turistik shirkatlar odamlarni pulini olib, nimalarni va’da qilyapti, biz bilmaymiz. Shuning uchun ko‘pchilik aldanib qolyapti.

Aholisi 32 millionga yaqinlashgan O‘zbekiston uchun Haj ziyorati kvotasi o‘tgan yili qariyb 40 foizga oshirildi.

Din ishlari qo‘mitasiga ko‘ra, bu yil 7200 nafar o‘zbekistonlik Hajga borgan.

O‘zbekiston ijtimoiy tarmoqlarida ayrim foydalanuvchilar Haj ziyorati uchun navbat bir necha yillarga cho‘zilayotgani, tanish-bilishchilik va ayrim holatlarda poraxo‘rlik ham kuzatilayotganini da’vo qilishadi.

Lekin, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari qo‘mitasi mulozimi Haj ziyoratini uyushtirishda poraxo‘rlik va korrupsiya borligini qat’iyan rad etdi.