Samarqandning Nurobod tumanida militsiya zobiti do‘kon sotuvchisi bo‘lgan o‘rta yoshlardagi ayolni jamoat joyida ro‘mol o‘ragani uchun Ichki ishlar bo‘limiga olib ketishga urinayotgani aks etgan bir necha video parcha Ozodlik redaktsiyasiga 13 sentabr kuni kelib tushdi.
Sotuvchi ayolning eri militsiya xodimini o‘z rafiqasining e’tiqodini toptaganlikda ayblaydi.
Nurobod tumani IIBsining Terrorizm va uyushgan jinyatchilikka qarshi kurash bo‘limi tergovchisi Jahongir Abdunabiev esa, Ozodlik bilan suhbatda, O‘zbekiston Ma’muriy kodeksiga ko‘ra, ayollar jamoat joylarida hijobda yurishi mumkin emasligini aytdi.
31 avgust kuni Nurobod tuman markazida olingan videotasvirlardan birida o‘zini Nurobod tuman IIBsi katta leytenanti Jahongir Abdunabiev, deb tanishtirgan fuqaro kiyimidagi shaxs ro‘mol o‘ragan do‘kon sotuvchisiga jamoatchilik joyida hijobda yurish mumkin emasligini aytadi va o‘zi bilan militsiyaga borishni talab qiladi.
Ayol “sabab nima?” deb so‘raganida, militsiya zobiti “jamaot joyida hijobda yuribsiz”, deb javob qiladi.
Shu orada sotuvchi ayolning eri ekani ishonilgan erkak hodisani videoga olaturib “bizni, kerak bo‘lsa, sud orqali chaqirasan, sababni ko‘rsatasan, u davrlar o‘tib ketdi”, deya militsiya zobitiga e’tiroz bildiradi.
Yana bir videoparchada esa, ayni ayolning yig‘layotgani va erining militsiya xodimlari bino atrofini o‘rab olganidan shikoyat qilayotgani tasvirlangan.
Ro‘mol o‘ragan sotuvchi ayolning o‘zi va uning turmush o‘rtog‘i bilan suhbatlashish imkoni bo‘lmadi.
Voqea yuzasidan izoh olish uchun Ozodlik ro‘mol o‘ragan ayolni IIBga olib ketishga uringan militsiya zobiti Jahongir Abdunabievning o‘zi bilan bog‘landi.
O‘zini Nurobod tuman IIBsining Terrorizm va uyushgan jinyatlikka qarshi kurash bo‘limi tergovchisi deb tanishtirgan Abdunabiev voqea Nurobod tumani markazidagi hususiy oziq-ovqat do‘konida 31 avgust kuni bo‘lganini aytdi:
- Biz shu kuni do‘konga boryapmiz. O‘zimni tanishtiryapman, ichki ishlardanman, deb. Opaga o‘zimni tanishtirib, "ichki ishlarga o‘ta olasizmi", dedim. "Nima uchun o‘tishim kerak, men bormayman", deydi. Shunaqa-shunaqa deb tushuntirdim. O‘rtada eri kelib qoldi. Eri vahima qilib, "sen kimsan, nimaga o‘tadi", deydi. "Hijobga o‘xshash kiyim kiyib yuribdi", dedim ,"shu masalaga oydinlik kiritsin", dedim. Eri "bormaydi", deb turib oldi va janjal ko‘tardi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Jamoatchilik joyida ro‘mol o‘rash mumkin emasmi?
Ayollarning diniy e’tiqodini ifoda etuvchi ro‘mol o‘rashni taqiqlash, uni majburan yechtirish va o‘z e’tiqodiga ko‘ra kiyinganlarning mehnat joyi, ta’lim va davlatning ijtimoiy xizmatlarida kamsitilishi, ularga shubha va gumon bilan qarash hamda jamiyatda obro‘sini tushirishga urinish, avvalo, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va milliy qonunlariga, qolaversa, O‘zbekiston ustunligini tan olib ratifikatsiya qilgan xalqaro inson huquqlari normalariga xilofdir.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi vijdon erkinligini kafolatlaydi.
Uning 31-moddasida shunday deyiladi: “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi”.
Lekin Nurobod tumani IIBsining Terrorizm va uyushgan jinyatga qarshi kurash bo‘limi tergovchisi Jahongir Abdunabiev O‘zbekiston ma’muriy kodeksiga ko‘ra ayollar jamoat joylarida hijobda yurishi mumkin emasligini aytadi:
- Bizning dinga qarshiligimiz yo‘q. Har kim xohlagan diniga e’tiqod qilish yoki qilmaslik huquqiga ega. O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi bor. O‘shanda jamoat joylarida diniy libosda yurish, degan modda bor. Lekin, bu modda bo‘yicha biz hech kimga chora ko‘rganimiz yo‘q, xolbuki bu ayolni turgan joyi jamoat joyi hisoblanadi. Chunki u yer katta magistral yo‘li o‘tadigan ko‘cha, shoh bekat u er.
Samarqand viloyat hokimligi axborot xizmati mulozimi Ozodlik bilan suhbatda Nuroboddagi voqeadan xabari yo‘q ekanini aytdi:
- O‘zbekistonning hamma joyida bo‘lgani kabi bizni viloyatda ham diniy erkinliklar berilgan, ro‘mol o‘ragani uchun hech kim ta’qib etilmaydi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
O‘zbekistonda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning 14 moddasi 5 bandida: “O‘zbekison Respublikasi fuqarolarining (diniy tashkilotlarning xizmatidagilar bundan mustasno) jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlariga yo‘l qo‘yilmaydi”, deyilgan.
Xuddi shu qoida O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy Javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 1841-moddasida ham o‘z aksini topgan: "O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining (diniy tashkilotlarning xizmatidagilar bundan mustasno) jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlari – eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravaricha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi".
Yuqoridagi qonun normalaridan ma’lum bo‘ladiki, O‘zbekistonda fuqarolarning jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlari taqiqlanadi va bu harakat tegishli javobgarlikni keltirib chiqaradi.
Qonunda “ibodat libosi” iborasiga esa, izoh berilmagan.