O‘zbekistonda gaz ballonlar bilan jihozlangan avtomobillar va gaz to‘ldirish shoxobchalarini yoppasiga xatlovdan o‘tkazish boshlangan. Xatlov o‘tgan hafta Buxoroda besh kishi o‘limiga sabab bo‘lgan avtobus portlashi hodisasi ortidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Avtomobil va Daryo transporti agentligining jamoatchilikka gapirish vakolati yo‘qligi uchun o‘z shaxsi sir qolishini so‘ragan mulozimiga ko‘ra, kelasi ikki oy ichida ham jismoniy ham yuridik shaxslarga tegishli gaz ballon bilan jihozlangan barcha avtoulovlar invertarizatsiya qilinadi.
- Birinchi navbatda yo‘lovchi tashiydigan mashinalar tekshiriladi. Har bir gaz ballonli mashina yoki shoxobcha obdon ko‘zdan kechiriladi, tekshiruvlar bo‘yicha akt tuzilib, har bir avtoulov va shoxobcha egasiga xavfsizlik sertifikati beriladi. Shunday sertifikatsiz mashinalarni boshqargan haydovchilar yoki gaz to‘ldirish bilan shug‘ullanuvchi shoxobcha egalari yirik miqdorda jarimaga tortiladi, - dedi agentlik mulozimi.
O‘zbekistonda benzin tanqis va qimmatligi bois ko‘pgina engil mashinalar, shuningdek, avtobus va yuk mashinalari gaz bilan yurishga o‘tib olgan.
O‘zbekiston Avtomobil va Daryo transporti agentligi ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi kunda mamlakatdagi avtomobillarning deyarli yarmi gaz ballon bilan jihozlangan.
Gaz ballonli "Damas" mashinasida yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanadigan andijonlik haydovchi mashina vaqtida texnik ko‘rikdan o‘tkazilmasligi oqibatida portlashlar bo‘lishini aytadi.
-Gaz ballonlar yilda bir marta tekshirilishi kerak, Lekin, ko‘pchilik bir-ikki so‘mni ketidan quvib o‘lishga ham tayyor-da. Tekshirtirmaydi. Gaz to‘ldiradigan shoxobchalar ham aybdor, chunki ko‘pchilik shoxobchalar gaz to‘ldirganda me’yorga e’tibor bermaydi, gaz ballon bosimini tekshirmaydi, oqibatda portlashlar bo‘ladi, - deydi ismini aytishni istamagan andijonlik taksi haydovchisi.
Ayni paytda gaz ballonli mashinalar avariya payti portlab ketishi bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar ko‘p bo‘lgan.
Xatlov shunday hodisalarning kelgusida oldini olish maqsadida O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi va Avtomobil va Daryo transporti agentligi tarafidan o‘tkazilmoqda.
- Hozir gazda yuradigan barcha avtoulovlar ro‘yxatga olinib, shu avtomobillarining holatini, xususan, o‘rnatilgan gaz ballonlarini tez-tez tekshirib borishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz, - dedi Avtomobil va Daryo transporti vgentligining jamoatchilikka gapirish vakolati yo‘qligi uchun o‘z shaxsi sir qolishini so‘ragan mulozimi.
18 sentabr kuni Buxoroning Kogon tumanida 26 nafar yo‘lovchini olib borayotgan avtobus portlashi oqibatida kamida 5 kishi halok bo‘ldi, 21 odam jarohatlandi.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasining Ozodlikka bildirishicha, mardikor ishchilarni Vobkent tumanidan Qorovulbozor tumaniga makkajo‘xori terimiga olib ketayotgan Isuzu avtobusi “Kogon-Qorovulbozor” yo‘nalishining 201 km.da harakatlanib ketayotganida, avtoulov gaz baloni portlagan.
Mazkur holat yuzasidan Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 259-moddasi, 2-qismi “a”, “b” bandlari, Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish bo‘yicha jinoyat ishi ochgan.
Shuningdek, “Zelich oil” metan gaz quyish shahobchasida avtomobillarga yoqilg‘i quyish normalariga rioya qilinishi ahvolini o‘rganish borasida, mutaxassislar jalb qilinib, o‘rganishlar olib borilmoqda.