Bir odam o‘limiga sababchi bo‘lgan militsiya zobiti qidirilmoqda

Navoiy viloyatining Nurota tumanida 1 kishining o‘limiga sababchi bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi sodir etganlikda gumonlanayotgan militsiya zobitiga nisbatan qidiruv e’lon qilindi.
Profilaktika inspektori Aziz O‘razov shu yilning fevral oyida Nurota-Navoiy yo‘lida ro‘y bergan avtohalokat ortidan uy qamog‘iga olingandi. Biroq u 18 sentabr kungiga belgilangan ochiq suddan oldin g‘oib bo‘ldi.

Jamoatchilikka gapirish vakolati yo‘qligi uchun o‘z shaxsi sir qolishini so‘ragan Nurota tumani huquq tizimi mulozimi 35 yoshli militsiya zobiti Aziz O‘razovga qidiruv e’lon qilinganini tasdiqladi.

- Extiyot chorasi sifatida belgilangan uy qamog‘i talablarini qasddan bajarmagani va sudga uni olib kelish imkoni bo‘lmagani uchun u qidirilmoqda. O‘razov topilgach unga nisbatan uy qamog‘i extiyot chorasi o‘zgartirilib, qamoq chorasi qo‘llanilishi haqida sud ajrim chiqardi, - dedi Nurota tumani huquq tizimi mulozimi.

O‘razov O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 266-moddasi, ya’ni Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzishda ayblanib, ishi sudga oshirilgan edi.

Tergov hujjatlariga ko‘ra, Aziz O‘razov shu yilning fevral oyida “Nurota-Navoiy” yo‘lida o‘zining "Neksiya" avtomashinasida qarama-qarshi tomondan kelayotgan "Damas" mashinasini urib yuborgan, oqibatida "Damas" mashinasi rulida bo‘lgan 65 yoshli Ahmad Boboqulov halok bo‘lgan.

Marhumning o‘g‘li Avaz Boboqulov Ozodlik bilan suhbatda militsiya zobiti mashinani mast xolda boshqarib, otasi o‘limiga sababchi bo‘lgani, uni huquq-tartibot tizimlari ataylab qochirib yuborganini iddao qiladi.

- Mast holatda mashinani boshqarib otamni o‘limiga sababchi bo‘lgan militsiya zobitiga uy qamog‘i qo‘llab turib, ataylab qochirib yuborishgan. 18 sentabr kuni sudga kelishi kerak edi, bular o‘zlari qochirib yuborishdi. Go‘yoki qidiruv e’lon qilishgan, lekin hech kim qidirmayapti. Orada shuncha kun o‘tdi, go‘yo O‘razovni qaerdaligini hech kim bilmaydi. Agar boshqa odam bo‘lsa darrov topishardi, - deya iddao qildi Avaz Boboqulov.

Marhum Ahmad Boboqulovning turmush o‘rtog‘i Zaynab Hamroeva O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevga videomurojaat qilib, erining o‘limiga sababchi bo‘lgan militsiya zobitini jazoga tortishda yordam so‘raydi.

Nurota tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Uyg‘un Shukurov Ozodlik bilan suhbatda O‘razovning qaerdaligi noma’lum ekanini aytib, uning ishi bilan tuman sudi shug‘ullanayotganini aytish bilan cheklandi.

-Uni ishi sudga oshgan va tuman sudi bu bilan shug‘ullanyapti, - dedi Shukurov.

O‘zbekistonda militsiya xodimlari ishtirokida ro‘y bergan avtoxalokatlar oqibatida odamlar nobud bo‘lgani haqda Ozodlik ilgari ham xabar bergan.

Uch yil avval Toshkent shahrining Uchtepa tumanida uch piyodani bosib ketgan patrul-post xizmati avtomobilini boshqargan militsiya xodimi avtohalokatdan bir necha kun o‘tib hibsga olingan.

Ikki kishining o‘limiga sababchi bo‘lgan militsiya xodimi o‘n yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi.