Dushanba kuni BMT global iqlim fojiasi oldini olish uchun jamiyat va jahon iqtisodi tubdan o‘zgartirilishi kerakligi haqida ogohlantirdi.
Hozirga qadar Yer sathi harorati 1 C⁰ ga ko‘tarildi. Bu esa okeanlar sathini ko‘tarib, kuchli dovullar, toshqinlar va qurg‘oqchiliklar keltirib chiqarish uchun yetarlidir. Agar chora ko‘rilmasa, o‘rtacha harorat 3 yoki 4 darajaga ko‘tarilishi mumkin.
Hukumatlararo iqlim o‘zgarishi paneli (Intergovernmental Panel for Climate Change) hisobotida yozilishicha, atrof-muhitni zaharlash hozirgi suratda davom etsa, 2030 yildan asr o‘rtasigacha harorat 1,5 darajaga ko‘tarilishi mumkin.
Hukumatlararo iqlim o‘zgarishi paneli raislaridan biri Debra Roberts:
- Keyingi bir necha yil insoniyat tarixidagi eng muhim yillar bo‘ladi, deyish mumkin, - dedi.
“Yuqori mansabli siyosatchilar uchun qisqa bayon” deb nomlangan 400 sahifali hisobot global isish qanchalik tez suratda sodir bo‘layotgani haqida batafsil ma’lumot hamda ahvol yanada og‘irlashishi oldini olish uchun ko‘rish lozim bo‘lgan choralarni o‘z ichiga qamraydi.
2015 yilda iqlim bo‘yicha Parij bitimi imzolanishidan oldin ilmiy tadqiqotlar global harorat 2 darajagacha ko‘tarilsa, muammo bo‘lmaydi, degan qarashga tayangan edi.
Ammo Hukumatlararo iqlim o‘zgarishi paneli hisobotida global isish oqibatlari kutilgandan keskinroq hamda tezroq kuzatilayotgani e’tirof etiladi.
Hisobotda yozilishicha, global harorat 1,5 darajadan ko‘p ko‘tarilmasligiga erishish ehtimolini 50 foizga ko‘tarish uchun 2050 yilgacha atmosferaga chiqarilgan karbonat angidridning har bir tonnasi uchun shuncha CO2 yo‘q qilinishi kerak bo‘ladi.
Hisobotda yaqinda o‘tkazilgan 6 mingdan oshiq tadqiqotga tayangan holda ko‘rilishi mumkin bo‘lgan choralar keltirilgan.
Bu maqsadga erishishning birinchi yo‘li 2020 yildan boshlab energiya iste’molini keskin ozaytirish, qazilma yoqilg‘ilardan tezkorlik bilan voz kechish hamda CO2 miqdorini tezda ozaytirishni talab qiladi.
Ikkinchi yo‘l esa energiya iste’molini hozirga suratda davom ettirishni va harorat vaqtincha 1,5 darajaga ko‘tarilishiga yo‘l berishni ko‘zlaydi. Ammo bunday yo‘l tutish kelajak avlodlar haroratni qayta pasaytirish uchun o‘z turmush tarzini o‘zgartirishini talab qiladi.
Global isishni 1,5 darajaga cheklash qimmatga tushadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu maqsadga erishish uchun 2016 yildan 2035 yilgacha global energiya tizimiga yiliga 2,4 trillion dollar sarmoya yotqizish kerak bo‘ladi.
Biroq hisobot mualliflari qo‘l qovushtirib o‘tirishning oqibati bundan ham qimmatga tushishi haqida ogohlantirmoqdalar.