Bellingcat Skripallarni zaharlagan ikkinchi gumonlanuvchi ham GRU agenti ekanini aniqladi

Aleksandr Mishkin nomiga berilgan pasport.

Tergovga ixtisoslashgan Bellingcat sayti Britaniyada sobiq rus josusi Sergey Skripal va uning qizini zaharlaganlikda gumonlanayotgan ikkinchi shaxs ham Rossiya harbiy razvedka agentligi GRU yollagan vrach ekanini aniqladi.

O‘tgan oyda britaniyalik prokurorlar Ruslan Boshirov va Aleksadr Petrov deb atalayotgan ikki nafar rossiyalikni joriy yilning mart oyida Skripal bilan qizi Yuliyani asabni falajlovchi «Novichok» gazi bilan zaharlashda ayblagan edi.

Rossiya Skripallarga qilingan suiqasdga aloqador ekanligini zo‘r berib rad etib keladi.

6 oktabr kuni Bellingcat ​saytida e’lon qilingan hisobotda:

- «Aleksandr Petrov» aslida GRUga ishlaydigan malakali harbiy doktor Aleksandr Yevgenevich Mishkin ekanligini aniqladik, - deyiladi.

Avvalroq Bellingcat Boshirovning asl ismi Anatoliy Chepiga bo‘lib, u turli ordenu unvonlarga ega GRU polkovnigi ekanligi aniqlanganini xabar qilgan edi.

Aleksandr Mishkin haqida internetda ma’lumot yo‘q hisobi. Shunga qaramasdan, Bellingcat uning o‘tmishi bilan bog‘liq muhim faktlarni aniqlagan.

Guruh hisobotida yozilishicha, Mishkin 1979 yil Arxangelsk viloyatida tug‘ilgan. Keyinchalik Rossiyaning sara harbiy tibbiyot maktablaridan birida tahsil olgan.

Tibbiyot bo‘yicha ta’lim olayotgan paytda GRU uni yollagan, 2010 yilga kelib u Moskvaga ko‘chib borgan va Aleksand Petrov nomiga yashirin hujjatlar, jumladan, ikkinchi ID va xorijiy pasport olgan.

Bellingcat ikkinchi gumonlanuvchining shaxsini aniqlash jarayonida ko‘plab ochiq manbalar¸ shuningdek uni tanigan ko‘plab odam ko‘rsatmalari hamda shaxsni ochiqlovchi hujjatlar nusxalariga, jumladan, uning pasportining skan qilingan nusxasiga tayangan.

Britaniya politsiyasi Bellingcat guruhining navbatdagi hisobotini yoki Skripallarni zaharlaganlikda ayblanayotganlarning haqiqiy ism-sharifini sharhlashdan bosh tortdi

London politsiyasi gumonlanuvchilarning shaxsiyati bo‘yicha “taxminlarni” sharhlamasligini bildirdi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Skripalning Solsberi shahridagi uyi yaqinida yurgani kuzatuv kameralariga tushib qolgan Boshirov va Petrov sayohatga borgan oddiy fuqarolar ekanligini iddao qilib keladi.

Britaniya uchun josuslik qilishda ayblangan sobiq GRU polkovnigi Skripalni rus sudi 2006 yilda xoinlikda aybdor deb topgan edi. 2010 yilda u josuslar almashinuvi ortidan Britaniyaga borgan.

3 oktabr kuni Putin Skripalni vatanni sotgan “ablah” deb atadi.

Skripal va uning qizi Yuliya 4 mart kuni Solsberida hushsiz holda topilgan edi.

Shifokorlar boshida Skripallar giyohvand modda tufayli shunday ahvolga tushgan, deb taxmin qildi, ammo tez orada ular sovet olimlari tomonidan ishlab chiqilgan asabni falajlovchi «Novichok» moddasi bilan zaharlangani aniqlandi.

Iyun oyida esa Britaniya fuqarolari Don Styorjess va Charli Rouli Solsberi shahri yaqinida zahar qoldig‘i solingan idishga surinib ketib, kasal bo‘lib qolgan edi. Natijada Styorjess halok bo‘ldi, ammo Rouli umri saqlab qolindi.

Britaniya politsiyasi 5 sentabrda ikki gumonlanuvchi kishining suratlarini e’lon qilgach, ularga ayblov e’lon qilindi.

Ayblanuvchilar o‘sha paytda Solsberida bo‘lishganini tan oldi, ammo shunchaki sayyoh o‘laroq borganini iddao qildi.