Qo‘qonda kollejning bir necha xodimi o‘quvchi qizlarni zo‘rlashda gumonlanmoqda

Illyustratsiya

Farg‘ona viloyat huquq-tartibot idoralariQo‘qon shahridagi Maxsus yengil sanoat kasb-hunar kollejida o‘quvchi qizlar jinsiy zo‘rlangani yuzasidan tergov boshladi.

Ozodlikka Farg‘onadagi bir necha manbadan kelgan bu xabarni viloyat huquq-tartibot organlari tasdiqladi.​

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmokda.​ Bu haqda Bosh prokuratura ma’lum qildi.

Qo‘qon shahar militsiyasining Ozodlik suhbatlashgan xodimiga ko‘ra, tergov doirasida kollej rahbari hibsga olingan.

Kollej qarovuli, direktorning ikki muovini, bosh hisobchi va besh tarbiyachi uch kun hibsda ushlab turilgan va garov evaziga hech qaerga chiqmaslik sharti bilan qo‘yib yuborilgan.

Tekshiruvlar chog‘ida kollejda “o‘lik jonlar”, "poraxo‘rlikka oid faktlar" ham o‘rtaga chiqqan.

Kollej rahbari o‘z tanishlari va qarindoshlarini ishga olish orqali davlat mulki va davlat hisobidan ajratilgan millionlab so‘m pulni talon-taroj qilganlikda ham gumonlanmoqda.​

Farg‘ona viloyat, Qo‘qon shahar Maxsus yengil sanoat kasb-hunar kollejining ismi sir qolishini so‘ragan xodimiga ko‘ra, "tarbiyasi og‘ir o‘quvchilar o‘qiydigan" mazkur kollejda shu yilning 24 sentabr kuni shahar prokuraturasi tomonidan anonim so‘rov o‘tkazilgan.

So‘rov natijalariga ko‘ra, o‘qituvchi va kollej xodimlari so‘roqqa chaqirtirilgan.

- Bunday so‘rovning o‘tkazilishiga kollejda o‘qiydigan 16 yoshli qizning homilador bo‘lib qolishi sabab bo‘ldi. Anonim so‘roq jarayonida boshqa qizlar ham jinsiy zo‘rlash xolatlarini yozib berishgan, - dedi Ozodlik suhbatlashgan kollej xodimi.

So‘rov ortidan shahar prokuraturasi shu yilning 15-20 oktabr kunlari kollejning moliyaviy, tashkiliy va tarbiyaviy holati bo‘yicha taftish o‘tkazgan.

Kollej direktori talon-tarojlik va mansab vakolatini suiistemol qilish, uning haydovchisi va kollej qorovuli, yoshlar yetakchisi va ruhshunosi insiy zo‘ravonlikda ayblanib, hibsga olingan.

- Gumonlanuvchilarning aksari tergov davrida garov evaziga ozod qilingan, kollej direktori esa qamoqda qolmoqda", - dedi ismi ochiqlanmasligini so‘ragan kollej xodimi.

Farg‘ona viloyat huquq-tartibot organlarida ishlovchi mulozimning Ozodlikka aytishicha, gumonlanuvchilarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining "nomusga tegish", "jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish", "o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish", "mansab vakolatini suiist’emol qilish va pora olish" singari moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘g‘atilgan.

Ozodlik muxbiri jinsiy zo‘ravonlikda gumonlanayotganlardan biri bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldi.

Ismi sir qolishini so‘ragan gumonlanuvchi iddaosicha, tergov davomida ular qiynoqqa solingan.

- Uch kunning ichida gumondor o‘qituvchi va xodimlarni Qo‘qon militsiyasi shu qadar qiynoqlarga solganki, qorovul va direktorning shopirini tez tibbiy yordam olib ketdi. Hatto yoshlar yetakchisini mayib qilib, bo‘yniga qo‘yishdi. Baribir bu qabihliklar erta-indin ochilsa kerak. Prezidentimizdan umid qilamiz, - dedi gumonlanuvchilardan biri Ozodlik bilan suhbatda xavfsizligini ta’minlash maqsadida ismi sir qolishini so‘rab.

Ozodlik bog‘langan kollej xodimasiga ko‘ra, hozirda ta’lim
muassasasining 80 dan ortiq xodim va xodimalari ishga chiqmayapti.
Ularning aksariyatidan ishdan bo‘shash haqida ariza olingan.

“Farg‘ona viloyati Kasb-hunar ta’limi boshqarmasi tomonidan mazkur
bo‘shliqni to‘ldirish uchun boshqa kollej va litseylarning o‘qituvchilari
safarbar qilingan.Bu maxsus kollej bo‘lgani uchun ham jarayonda qator muammolar tug‘ilmoqda” -
deydi xodima.

Ozodlik O‘zbekiston bilim maskanlarida jinsiy zo‘ravonliklar haqida ilgari ham xabar bergan.

O‘gan yili Farg‘ona viloyati, Marg‘ilon shahridagi 1-Mehribonlik uyida tarbiyalanuvchilar zo‘rlangani bilan bog‘liq iddaolar yuzasidan jinoyat ishi ochilgan.

Mehribonlik uyining o‘nlab xodimi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 119-moddasining 4-qismi va boshqa moddalar bilan uzil-kesil 15 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan edi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati sudining yopiq majlisida Marg‘ilon shahridagi 1-Mehribonlik uyi xodimlari voyaga yetmagan shaxsni tarbiya muassasasida jinoyatga jalb qilish, o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish, voyaga etmagan ojiz ahvoldagi shaxsni qiynash, o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish, shuningdek, ayolni o‘z homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlash kabi jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topgan.

Sudning bu hukmi jamoatchilikda noroziliklarga sabab bo‘lgan va faollar bu shaxslarga nisbatan kuchliroq jazo choralari qo‘llanilishini talab qilib kelayotgan edilar.

(Ozodlik Qo‘qon Maxsus engil sanoat kasb-hunar kollejida qizlar jinsiy zo‘rlangani va talon-tarojliklar yuzasidan jurnalistik surishtiruv olib bomoqda. Bu haqda ma’lumot bo‘lsa WhatsApp, Telegram, Viber orqali +420 602 612 713 va +420 724 971 539 raqamiga yo‘llang. Ozodlik ismingiz sir qolishini kafolatlaydi.)