Xorazmda yo‘qolgan 8 yoshli Diananing jasadi topildi. Qizaloqning amakivachchasi hibsga olindi.

8 yoshli Diana Ahmedovaning jonsiz jasadi yo‘qolganidan 21 kun o‘tib Pishkanak qishlog‘idan oqib o‘tuvchi ariqdan topildi.

Xorazm viloyatining Xiva tumanida 3 oktabr kuni izsiz yo‘qolgan 8 yoshli Diana Ahmedovaning jonsiz jasadi yo‘qolganidan 21 kun o‘tib ayni tumanning Pishkanak qishlog‘idan oqib o‘tuvchi ariqdan topildi. Bu haqda qizning bobosi Ahmed Yoqubov 25 oktabr kuni Ozodlikka ma’lum qildi. Yoqubovga ko‘ra, 28 yoshli jiyani Dianani bo‘g‘ib o‘ldirib, ariqqa tashlaganlikda gumonlanib hibsga olingan. Lekin, qotillik motivi noma’lum bo‘lib qolmoqda.

Xiva tumanida otasi Rossiyada ishlaëtgan 8 yashar qizcha izsiz yo‘qolgani haqida Ozodlik 14 oktabr kuni xabar bergan edi.

Qizning bobosi Ahmed Yoqubov nevarasi bo‘g‘ib o‘ldirilgani belgilari bilan 24 oktabr kuni uyidan 7 kilometr olisdagi ariqdan topilganini aytdi.

- Ukamni o‘g‘li qizni bo‘g‘ib ariqqa tashlaganini aytganidan so‘ng, uni shu ariqdan qidirishdi. Topib bo‘lmagach, ariqni suvi to‘xtatildi, shundan keyin Dianani jasadi topildi. Hozir jiyanimni qamoqqa olishdi. Nimaga bunday qilganini aytmayapti, nomusiga tekkanmi, bilmayapmiz, - deydi Ahmed Yoqubov.

Xorazm viloyati Xiva tumani Ichki ishlar bo‘limi bedarak yo‘qolgan 8 yoshli Diana o‘lik holda topilganini tasdiqladi, ammo, tergov ishi davom etayotgani bois, bu haqda qo‘shimcha ma’lumot bera olmasligini aytdi.

Jasadi ariqdan topilgan qizning otasi Hushnud Yoqubov o‘n yildan buyon Rossiyada ishlaydi.

Qiz bobosi va buvisi qaramog‘ida qolgandi.

- Qizim yo‘qlganini eshitib 5 oktabrda keldim. O‘zim Rossiyada qurilishda ishlayman. Tirikchilik. Onasi ham ertalab 7da ishga ketadi, kechqurun keladi. Qizim meni dadam va onamni qaramog‘ida. Yagona farzandimiz edi, - deydi Hushnud Yoqubov.

Shu yilning fevral oyida Farg‘onada ota-onasi Turkiyada ishlaydigan 5 yashar Kibriyo ismli qizcha o‘ldirib ketilgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

Guvohlarning Ozodlikka aytishicha, bolani bog‘chadan oladigan odam bo‘lmagach, bog‘cha opa uni boshqa bolalarga qo‘shib uyiga jo‘natgan, kechqurun bolaning jonsiz jasadi bog‘chadan yetti kilometr narida, poezd yo‘li yoqasida topilgan edi.

Besh yoshli Kibriyoning ota-onalari Turkiyaga ishlagani ketishgan, bola buvisi qaramog‘ida qolgan.