Do‘st do‘stga qarshi: Qirg‘izistonda amaldagi va sobiq prezident o‘rtasidagi munosabatlar uzil-kesil buzildi

Sobiq prezident Almazbek Atambaev (o‘ngda) va amaldagi prezident So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov.

Qirg‘iziston eks-prezidenti Almazbek Atambaev bu haqda 20 noyabrga o‘tar kechasi bayonot berdi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Do‘st do‘stga qarshi: Qirg‘izistonda amaldagi va sobiq prezident o‘rtasidagi munosbatalar uzil-kesil buzildi

Atambaev: Men Bakiev zamonlari qaytib kelishini xohlamayapman

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambaev va amaldagi prezidenti So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov orasida 8 oy davom etgan qarama-qarshilik mantiqiy nihoyasiga yetdi. 20 noyabrga o‘tar kechasi “Aprel” telekanaliga intervyu bergan Atambaev “o‘zi hokimiyat tepasiga olib kelgan do‘sti” Jeenbekovga qarshi muxolifatga o‘tganini e’lon qildi.

-Men katta siyosatda prezident yoki bosh vazir lavozimini egallash uchun qolayotganim yo‘q. Men Bakiev zamonlari qaytib kelishini xohlamayapman. Men mamlakatimiz tanlab olgan yo‘l yo‘qolib qolishini xohlamayapman. Menda menga 2016 yilda o‘tkazishga to‘sqinlik qilingan konstitutsiyaviy islohotni o‘tkazish istagi bor. Ayni mana shu holat meni katta siyosatda qolishga undayapti. Holbuki men, albatta, partiyani saylovga tayyorlashdan tashqari Oltoy tamadduni, tarix, til, biznes bilan shug‘ullanmoqchi edim. Bu mening stixiyam. Afsuski, bugun mamlakatimizdagi vaziyat yana Bakiev davriga qaytish arafasida turibdi. Shuning uchun men siyosatchilarning yangi avlodiga ko‘mak ko‘rsatish uchun siyosatda qolishga majburman, - dedi Atambaev.

Sobiq prezidentning aytishicha, So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov 2017 yilda prezidentlikka nomzodini qo‘yganida uning reytingi 3 foizdan oshmas edi.

Atambaev bu gapni aytar ekan, “do‘sti va maslakdoshi bo‘lgan” Jeenbekovning prezident bo‘lib saylanishida o‘zining hissasi katta ekanini, ammo keyin bundan afsuslanganini va joriy yilning 29 martida Jeenbekovga: “Men sening timsolingda bo‘lg‘usi Bakievni ko‘rib turibman” , - deb aytganini esladi.

Amaldagi prezident siyosiy elitani konstruktiv hamkorlikka chaqirdi

Ayni paytda prezident So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov 20 noyabr kuni parlamentning sobiq raislari va sobiq bosh vazirlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda parlamentning 13 nafar sobiq raisi va 9ta sobiq bosh vazir ishtirok etdi.

Uchrashuvda amaldagi prezident Qirg‘iziston siyosiy elitasini o‘zaro hurmatga va muloqotga chaqirdi. So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov siyosatchilar o‘zaro konstruktiv hamkorlik qilgan taqdirdagina mamlakatda rivojlanish va birdamlik bo‘lishini ta’kidladi.

Atambaev Tekebaevning qamalishi xato bo‘lganini tan olganday bo‘ldi

Sobiq prezident Almazbek Atambaev esa intervyusida o‘zi hukmronlik qilgan paytda qirg‘iz muxolifatining lideri O‘murbek Tekebaevni qamalishi xato bo‘lganini tan olgandek bo‘ldi:

- Tekebaev masalasida qonunga rioya qilmasam ham bo‘lar edi, buni tan olaman. Qonun asosida unga bildirilgan ayblov asoslangan. Biroq men bu ishni qilmasam bo‘lar edi,- deb aytgan Atambaev.

O‘murbek Tekebaev Atambaevni korrupsiyada ayblagani ortidan 2017 yilda korrupsiyada ayblanib 8 yilga qamalgan edi. Aytib o‘tish lozimki, Tekebaevga nisbatan sobiq prezidentlar Asqar Akaev va Kurmanbek Bakiev ham bunday chora ko‘rishga botina olmagan edilar.

Qarama-qarshilik tarixi

Jeenbekov hokimiyat tepasiga kelganidan keyin, Atambaevning yaqin maslakdoshlari bo‘lgan sobiq bosh vazirlar Sapar Isaqov hamda Jantoro Satibaldiev korrupsiyada ayblanib qamoqqa olindi, Atambaevga yaqin bo‘lgan boshqa bir necha rasmiy ishdan olindi.

Shundan so‘ng So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov bilan o‘tgan yili prezidentlikni topshirgan Almazbek Atambaev o‘rtasidagi munosabatlar sovub ketgan edi.

Sobiq va amaldagi prezident o‘rtasidagi qarama -qarshilik 8 oydan beri davom etmoqda.

Atambaev Shavkat Mirziyoev haqida

Almazbek Atambaev o‘z intervyusida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevni “mintaqada do‘stlik va hamkorlik muhitining shakllantiruvchisi” sifatida tilga oldi.

-U yerda Karimov borligi paytda aloqalarimiz juda keskin edi. Chunki men unga ta’zim qilishni istamasdim va gaz uchun yerlarimizni berishni ham xohlamasdim.O‘zbekistonning yangi prezidenti bilan ema mening munosabatlarim umuman boshqacha edi. Buni do‘stlik emas, aka-ukachilik munosabatlari deb atasak bo‘ladi. O‘zbekistonning yangi prezidenti faqat O‘zbekistonda emas, balki mintaqadagi vaziyatni o‘zgartirdi. Bugun Markaziy Osiyoda tinchlik va hamkorlik muhitining hukm surishi Shavkat Miromonovich Mirziyoevning mehnati mahsulidir, - dedi Atambaev.