Bishkekda “Xitoylik qirg‘izlarni himoya qilish qo‘mitasi” tashkil etildi

Xitoylik qirg‘izlar Bishkekda Shinjondagi "qayta tarbiyalash lagerlari"dagi qarindoshlarining suratlarini namoyish etishmoqda.

Bishkekda 29 noyabr kuni Xitoydan kelib Qirg‘iziston vatandoshligini qabul qilgan qirg‘izlar “Xitoylik qirg‘izlarni himoya qilish qo‘mitasi”ni tashkil etdi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Bishkekda “Xitoylik qirg‘izlarni himoya qilish qo‘mitasi” tashkil etildi

Qo‘mita ta’sis yig‘ilishida ishtirok etganlardan biri – 2016 yilda Qirg‘iziston vatandoshligini olgan Jusup Malik otasi Malik, akasi Amantur va yangasi bir yildan beri “qayta tarbiyalash lageri”, deb nomlangan lagerda saqlanayotganini aytdi:

-Mening 1946 yilda Xitoyda tug‘ilgan otam hozir lagerda o‘tiribdi. U 72 yoshda. 1988 yilda tug‘ilgan akam Amantur, 1991 yilda tug‘ilgan yangam lagerga qamalgan. Ularning nega qamalganini, qachon ozodlikka chiqarilishini bilmaymiz. Biz siyosatga aralashmagan, oddiy, sodda odamlarmiz. Otam dehqon, akam haydovchi, yangam uy bekasi edi. Internetdagi ma’lumotlarga qaraganda, Xitoy hukumati chet elga chiqib ketgan odamlarning qarindoshlarini qamoqqa olmoqda, -dedi Jusup Malik.

Qirg‘izistonda yashayotgan xitoylik etnik qirg‘izlar 26 noyabrda prezident So‘o‘ro‘nbay Jeenbekovga maktub yo‘llab, Xitoydagi «qayta tarbiyalash lagerlari»dan qarindoshlarining ozod etilishiga ko‘maklashishni iltimos qilgan edilar.

Maktubda aytilishicha, bugungi kunda Shinjon-Uyg‘ur muxtoriyatida kamida 50 ming nafar etnik qirg‘iz «qayta tarbiyalash lagerlari»ga qamalgan.

Bundan avval Qozog‘istonga ko‘chib kelgan xitoylik etnik qozoqlar ham Olmaotada bir necha tadbir o‘tkazib, qozoq hukumatini «qayta tarbiyalash lagerlari»dagi yaqinlarini ozod etishga ko‘maklashishga chaqirgan edi.

BMTning avgust oyida o‘tkazgan tekshiruvi natijasida Shinjon-Uyg‘ur muxtoriyatida 1 millionga yaqin musulmon «ekstremizmga qarshi kurash» bahonasida «qayta tarbiyalash lagerlari»da saqlanayotgani aniqlangan. Xitoy bu ma’lumotlarni inkor qilib kelmoqda.

Ayni paytda Qirg‘iziston Ombudsmeni To‘qo‘n Mamitov bu ma’lumotlarni tekshirish uchun Xitoyga borishini ma’lum qildi.

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi ham Xitoydagi etnik qirg‘izlar masalasi o‘rganilishini va’da qildi.

Biroq shu kungacha Qirg‘iziston prezidenti va bosh vaziri bu masalada o‘z munosabatini bildirgan emas.

Shinjon-Uyg‘ur muxtoriyatida 10 milliondan ortiqroq uyg‘ur millatiga mansub fuqarolar bilan bir qatorda rasman 1 milliondan ko‘proq qozoq, 250 mingga yaqin qirg‘iz va 15 mingga yaqin o‘zbek yashashi aytiladi. Biroq shu kungacha xitoylik etnik o‘zbeklar “qayta tarbiyalash lagerlari”ga qamalgani yuzasidan ma’lumotlar mavjud emas.

Ayni paytda O‘zbekiston hukumati Xitoydagi etnik o‘zbeklar hayotiga qiziqish bildirmagani ham kuzatiladi.