Turkiyada mahalliy yigitga shu yil yozda turmushga chiqqan namanganlik 26 yashar kelin kuyovi mahr sifatida bergan taqinchoqlarining yarmini Toshkent aeroportidagi bojxona xodimlari musodara qilganini Ozodlikka aytib berdi.
Turkiyalik kelinning iddao qilishicha, bojxona xodimi undan 400 dollar pora talab qilgan.
Kelinning taqinchoqlari bilan bog‘liq ko‘rgiliklari sentabrda boshlanib, o‘tgan oyda sud hukmi bilan yakun topdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati, Ozodlik savollariga javoban, mamlakatga zargarlik buyumlari olib kirish qoidalarini eslatdi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Ozodlikka yozgan xati ortidan suhbati yozilib, eshittirishga qo‘yilishiga rozi bo‘lgan, lekin ism-familiyasi to‘liq aytilishini istamagan namanganlik Yu.D.ning 13 dekabr kuni aytishicha, taqinchoqlari bilan bog‘liq ishni 23 noyabr kuni Sergeli tuman sudi tumandagi mahallalardan birining idorasida o‘tkazilgan sayyor majlisida ko‘rib chiqqan.
Yu.D.ning aytishicha, o‘zini tanishtirmagan sudya taqinchoqlari musodara qilinganini qonuniy deb topib, unga 368 ming so‘m jarima ham solgan.
Turkiyalik kelinning aytishicha, uning taqinchoqlari bilan bog‘liq mojaro joriy yil 8 sentabr tongida Istanbuldan uchib kelganida Toshkent aeroportida boshlangan.
- Aeroportda birovning deklaratsiya to‘ldirganini sezganim yo‘q. Shuning uchun deklaratsiya to‘ldirish xayolimga ham kelmadi. Bojxonachilar to‘xtatib, yonimdagi taqinchoqlarni noqonuniy deyishdi. Bir necha soat ushlab turishdi. Hammasi bo‘lib 117 grammlik taqinchoqlarimning 57 grammini olib qolib, 60 grammini qaytarib berishdi, - dedi Yu.D.
Ozodlikka yozgan xatida Yu.D. bojxona punktida turganida bir formali xodim taqinchoqlarini qaytarib berish evaziga undan 400 dollar talab qilganini iddao qilgan. Bu gapni u Ozodlik bilan suhbat chog‘ida ham takrorladi.
Yu.D. taqinchoqlari bilan bog‘liq mojaro uning tinchini buzganini, qayin oilasi bilan, eri bilan munosabatlariga sovuqchilik tushirganini yozdi-aytdi.
"Erim turk konsulligiga telefon qilib gaplashdi. Ular bunaqa narsa bölişi mumkinmas debdi. Sizlarga yozishimdan maqsadim shuki, hamma körsin bularni qanaqaligini",- degan Yu.D. Ozodlikka yozgan xatida.
O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmatining Ozodlik savollariga bergan javobiga qaraganda, Yu.D. chindan ham qonunni buzgan ko‘rinadi: O‘zbekistonga umumiy vazni 65 grammdan oshmagan zargarlik mahsulotlarini boj to‘lovlarisiz olib kirish mumkin. Bu miqdordan ortig‘ini olib kirish uchun uni deklaratsiya qilish va bojxona poshlinasini to‘lash lozim.
Demak, qahramonimiz – turkiyalik kelin qonunning shu talabini bajarmagani uchun jazolangan.
Mana bu yerni bossangiz O‘zbekistonga nimani qancha olib kirish mumkinligiga oid ma’lumotlar bilan tanisha olasiz.
Aeroportdagi bojxona xodimi Yu.D.dan pora talab qilgani yuzasidan, uning bu voqea to‘g‘risidagi bayonotidan boshqa hujjati yo‘qligi uchun bu masalada Bojxona matbuot xizmatiga savol bermadik.
Ayni paytda mamlakat bojxona tizimini sog‘lomlashtirish zarurati pishib yetilgani Ozodlikka shu tizim vakillaridan kelayotgan shikoyatlardan ko‘rinmoqda.