2018: Ikki o‘t orasida qolgan MIB, qasamyodlar paradi, suvga bo‘ktirilganlar va sirtmoqdagi o‘smirlar

Yakunlanayotgan 2018 yilda O‘zbekistonda qarzdor aholi bilan MIB o‘rtasidagi ziddiyatlar, fermerlar va shifokorlarning qasamyodlari, o‘quvchi bolalar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish holatlari kuzatildi.

Yil davomida Ozodlik yoritgan mavzular arxivini ko‘zdan kechirar ekanmiz, sobiq MXX - yangilangan DXXda bo‘lgan qator sohalar tizgini imi-jimida prokuraturaga o‘tgani, Interent tarmog‘idagi cheklov esa yana avvalgi holiga qaytgani - qattiq cheklangani ham yaqqol ko‘rindi.

Muallaq qarz va qashqatayoq MIB

2018 yil davomida mamlakatning turli burchidan Ozodlikka kelgan va hanuz kelayotgan shikoyatlarda aholi qarzini undirishga mas’ul qilingan Majburiy ijro byurosi (MIB) bilan aholi o‘rtasida ziddiyat kuchayib borgani kuzatilmoqda.

Aksar xabarlarda – elektr-gaz, kommunal xizmatlar, soliq yoki kreditdan qarzdor bo‘lgan odamlarning MIB xodimlari bilan tortishuv-yoqalashuvi, ayrim hollarda norozilik tarzida kishilarning o‘ziga o‘t qo‘yish, qon tomirlarini kesishgacha borgani aks etdi.

​Muhimi, MIB xodimlarining qo‘llarida to‘qmoq bilan aholi uylariga bostirib kirgani va kuch qo‘llaganiga oid shikoyatlar ham oz emas.

Quyida ana shunday shikoyatlar asosida hozirlangan maqolalardan ba’zilarini yodga olamiz:

- Qibraylik ayol: Men norozilik sifatida o‘zimga o‘t qo‘ydim

- MIB mulkini musodara qilgan 33 yashar fermer o‘zini osdi

- MIB vodoprovodi yo‘q aholidan ichimlik suvi uchun qarz undiryapti

- MIB 15 oyda qariyb 22 trillion so‘m qarz undirdi

- O‘zbekistonlik o‘qituvchilar endi MIB yugurdagiga aylantirildi

Ayni paytda, Ozodlik bu kabi ayanchli fojealarni yoritarkan, MIB ijrochilarining hokimiyat bilan xalq o‘rtasida qolgani, boshida tayoq sinayotgan bir qatlamga aylangani haqidagi shikoyatlarini ham tingladi.

Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan 2017 yilning 1 iyulidan ish boshlagan Majburiy ijro byurosining Ozodlikka shikoyat qilib, bog‘lanayotgan xodimlari soni ham sezilarli tarzda ortgani kuzatildi.

Mana ulardan ayrimlari:

- Andijonda sveti tarmoqdan uzilgan odam MIB xodimini pichoqladi

- Salkam 100 MIB xodimi hujumga uchradi. Inspektorni kim himoya qiladi?

- Qo‘l ostidagi xodim pichoqlagan MIB boshlig‘i vafot etdi

- “MIB tizimida muammo ko‘p, ammo xodimlar bu haqda gapirishga qo‘rqadi”

MIB faoliyati bilan bog‘liq xabarlar zanjiridan bu tuzilma xodimlari, o‘ziga berilgan ulkan vakolat va kuchga qaramay, o‘ta og‘ir bosim ostida qolgani ko‘rinadi.

Ayniqsa, shu yilning avgust oyida To‘raqo‘rg‘on tumani MIB boshlig‘i Sohibjon Hamidovning Telegram ijtimoiy tarmog‘i orqali xodimlariga yo‘llagan murojaati bu vaziyatni yaqqol ifodalaydi.

Innovatsion qasamyodlar

2018 yilda kuzatilgan "nou-xaulardan" biri – Qasamyodlar marosimi bo‘ldi.

Sirdaryodagi mahalliy nashrlardan birining Boyovut tumanidagi fermerlar qasamyod marosimidan bergan ilk fotoreportaji jamoatchilikni hayratga soldi.

Keyin respublikaning boshqa tumanlarida ham fermerlarning hokimlar qarshisida ​turib, “shartnomada ko‘zda tutilgan rejadan ortiq g‘alla yetishtirib, uni oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida ichki bozorga sotish”, ayni paytda, "​nopok ishga qo‘l urmaslik, vatanga xiyonat qilmaslik" ka qasam ichgani kuzatildi.

Quyida bu jarayon aks etgan maqolalarimizdan ba’zilari:

- Sirdaryoda fermerlar "nopok ishga qo‘l urmaslikka" ommaviy ravishda qasamyod qildi

- Mamlakat bo‘ylab fermerlar “davlatga mo‘l hosil yetkazib berishga" qasam ichtirilmoqda

Oradan ko‘p o‘tmay, qasamyod marosimlari shifoxonalarga ko‘chdi:

- O‘zbekiston bo‘ylab endi vrachlarga qasam ichtirilmoqda

- Kattaqo‘rg‘onda tibbiyot xodimlari qasam ichdi

- Andijonda tibbiyot xodimlari qasam ichmadi

Yana qisqa muddat ichida bu ommaviy marosimlarga Ichki ishlar xodimlari ham qo‘shilgani kuzatildi, ammo ular "Qur’on"ga qo‘lini qo‘yib, qasam ichdi:

- Yuqorichirchiqda ichki ishlar xodimlari Qur’onga qo‘l qo‘yib pora olmaslikka qasamyod qildi

Ichki ishlar xodimi Qur’onga qo‘l qo‘yib qasamyod qilmoqda

Qasamyod marosimlariga ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, ziyolilar va hatto, hokimiyat vakillari ham munosabat bildirdi.

- Senator fermerga qasam ichirish bilan hosil ko‘payib qolmasligini aytdi

- Samarqandda tibbiyot xodimlariga qasam ichtirish to‘xtatildi

- XDP: Ommaviy qasam ichirish rahbariyatga yoqishga urinishdir!

- “Qasamni fermerlar emas, ularga zulm qilayotgan hokimlar ichsin!”

Qiziriqda o‘lib-tirilgan DXX (MXX)

Shu yilning 19 yanvarida Shavkat Mirziyoev, hokimiyatga kelganidan bir yil o‘tib, O‘zbekiston sobiq milliy xavfsizlik xizmati (MXX) - shu kundagi Davlat xavfsizlik xizmatini (DXX) ilk bor tanqid qildi.

Unga qadar bu struktura, marhum prezident Islom Karimov asos solganidan keyingi qariyb 30 yillik faoliyati, daxlsiz va o‘zgarishsiz qolayotgan edi.

Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumaniga borgan prezident Mirziyoev tuzilmani keskin tanqid qildi.

- Bular hali xalqning qadriga yetmagan. Bularga oylik berish¸ pogon berish (ga loyiq -tahr.) birorta ish qilgani yo‘q bular. Bularning o‘zining maxfiy ishi bor¸ bu maxfiy ishi menga bog‘liq. Man bilan gaplashsin endi oddiy hokimning orqasidan quvlab yurish (o‘rniga -tahr.) ¸ u zamon tugadi. Hokim mening vakilim. Nima emish¸ bitta noinsof¸ bitta rayonning SNBsini boshlig‘ining mashinasini obgon qipti hokimni mashinasi¸ borib uni qamab qo‘yipti. E¸ kimsan o‘zi san? Kim sanga bu vakolatni berdi? Sani pogoningni olib tashlayman kerak bo‘lsa! Bu zamon o‘tib bo‘ldi Surxondaryoda! - degan edi Ozodlik ixtiyoriga yuborilgan audioyozuvda prezident jumladan.

Ana shu nutqida prezident tez orada MXXni tugatishini bildirdi va tuzilmaning 23 yillik raisi Rustam Inoyatov ham oradan 11 kun o‘tib, ishdan olindi.

Keyin esa MXXning boshqa mulozim generallari ishdan olindi, hibsga tashlandi:

- MXXga ishonmasligini aytgan Mirziyoev general G‘ulomovni sotqinlikda aybladi

- Mirziyoev MXXning uch generali va o‘nlab zobitini ishdan oldi

- Mirziyoev Surxondaryoni talaganlikda ayblagan MXX podpolkovnigi hibsga olindi

- MXX polkovnigi Nodir To‘raqulov ishi sudga oshirildi

- MXXning korrupsiya bilan kurash boshqarmasi tugatildi

- Mirziyoev “It o‘g‘ri” deb atagan MXX raisi o‘rinbosari, general Toshpo‘latov hibsga olindi

Oradan qariyb 2 oy o‘tib, tashkilotning nomi ham o‘chirildi va unga "Davlat xavfsizlik xizmati" nomi berildi.

- MXXdan DXXga aylantirilgan idoraning asosiy vazifalari belgilab qo‘yildi

- Nom o‘zgartirilgan MXXning mohiyati ham o‘zgaradimi?

- DXX siyosiy muxolifat va dindorlarga nisbatan MXX siyosatini davom ettiradimi?

Mamlakat ichkarisidagi kuzatuvchilarning fikricha, 30 yilga yaqin mamlakatni zir titratgan MXX o‘rniga kelgan DXX ning ta’siri shu kunga kelib qariyb sezilmas darajaga tushgan va sobiq MXX vakolatlari nomi yoki shakli o‘zgartirilgan holda prokuratura tizimiga o‘tkazib berilgan.

Suvga bo‘ktirilganlar

2018 yilning unutilmas voqealaridan yana biri esa Oqqo‘rg‘onda 6 kishining 25 oktabrda - bosh vazirning o‘sha paytdagi o‘rinbosari Zoyir Mirzaev ushbu tumanga safar qilgan kunda - tizzasigacha sovuq suvga tushirib, jazolangani bo‘ldi.

Ijtimoiy tarmoqqa tushgan bu surat ortidan kuzatilgan voqealar - O‘zbekistonda muqaddam kuzatilmagan edi.

Avvaliga, Ozodlik bu surat ortidan surishtirib, unda aks etgan kishilar va ular bilan sodir bo‘lgan voqealarni aniqladi.

Ozodlik maqolasidan biroz o‘tib, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 6 kishining sovuq suvga tushirib, tahqirlanishiga aloqador rahbarlar jazolanishi haqida bayonot tarqatdi.

Quyida Ozodlik maqolalaridan ba’zilari:

- 6 kishi suvga tushirilgani ortidan Oqqo‘rg‘onda 3 mulozim jarimaga tortildi

- Bosh prokuratura: "Oqqo‘rg‘on ishi"ga mas’ul rahbarlar jazolanadi

Bosh prokuraturaning bu bayonotidan bir necha kun o‘tib, Oqqo‘rg‘on tumani va Toshkent viloyatidagi voqeaga aloqador mulozimlar ishdan olindi.

29 oktabr kuni esa hukumatning navbatdagi videoselektorida Abdulla Aripov o‘z o‘rinbosari Zoyir Mirzaevni prezident siyosatiga qarshi ish qilganlikda ayblab, ishdan olinganini bildirdi.

"Shaxsan men uchun bu juda noqulay va uyatli holat. Chunki mening o‘rinbosarim prezidentimiz olib borayotgan siyosatga qarshi ish qildi. Mana shu holat 25 oktabr kuni yuz bergan bo‘lsa, yurtboshimiz Zoir Mirzaevni ishdan bo‘shatish haqidagi qarorni 27 oktabrda qabul qildi. Biroq, Konstitutsiyaga muvofiq, shanba va yakshanba kunlari hech qanday qaror va farmonlar qabul qilinmaydi. Shuning uchun biz bu qarorni bugun e’lon qildik," degan Abdulla Aripovdan iqtibos keltirgandi daryo.uz sayti.

Muhimi, ushbu selektordan bir necha soat avval prezident Mirziyoevning majburiy mehnatga qarshi maxsus farmoyishi e’lon qilindi.

Prezident matbuot xizmati e’lon qilgan ayni shu farmoyish matnida Zoyir Mirzaevning ishdan olingani qayd etildi.

"Ushbu farmoyishga muvofiq, g‘alla ekish va sug‘orish ishlarini tashkil etish jarayonida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani bois Mirzaev Zoyir Toirovich O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash masalalari kompleksining rahbari lavozimidan ozod etildi", deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Farmoyish e’lon qilinganidan bir necha soat o‘tib, boshlangan hukumat videoselektorida esa Xalqaro mehnat tashkilotining o‘sha kezda Toshkentda yurgan vakili Yonas Astrup ham ishtirok etdi va hatto, ma’ruza qilgan.

"Xalqaro mehnat tashkiloti O‘zbekiston prezidentining majburiy mehnatga barham berish bo‘yicha farmonini olqishlaydi. O‘ylaymizki, O‘zbekiston fuqarolari bunday vaziyatlarga toqat qilishmaydi va hech kim qonundan ustun emasligini tushunib etishadi," degan edi Yonas Astrup.

Sirtmoqqa ilingan o‘smirlar

Yil davomida Ozodlikka mamlakat ichkarisidan kelgan xavotirli xabarlardan yana bir to‘plami - o‘z joniga qasd qilgan o‘smirlar haqida bo‘ldi.

Ba’zan bir, aksar hollarda esa ota yoki onaning fojeaviy o‘limiga olib borgan bu hodisalarni yoritish, tahlil qilish asnosida esa - jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolar zarbasiga ojiz bo‘lgan bolalar hamda o‘smirlar qatlamining chekka qishloqlar yoki tumanlarda nisbatan himoyasiz qolgani ko‘rindi.

Joniga qasd qilgan o‘smirlarning aksari - otasi yoki onasi xorijga ketgan, ijtimoiy himoyasi nochor qolgani ko‘rindi. Bundan tashqari, umumta’lim tizimidagi ko‘p yillik muammolar zarbasi ham o‘quvchi va o‘qituvchi, ota-ona va bola o‘rtasidagi fojealarga sabab bo‘lgani kuzatildi.

Yana yil davomida yoritganimiz ayanchli voqealardan ba’zilari:

- Namanganning Chortog‘ida maktab o‘quvchisi - 16 yashar qizning jonsiz tanasi topildi

- Ota o‘g‘lining o‘zini osishida maktabni aybladi

- Prokuratura 8-sinf o‘quvchisi o‘zini osgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘adi

- Ota-onasi Rossiyada ishlayotgan yakkabog‘lik 16 yashar o‘quvchi o‘zini o‘ldirdi

Bular yil davomida Ozodlik o‘rgangan o‘nlab holatdan ba’zilari. Ammo, Ozodlikka ma’lum bo‘lmagan holatlar qancha - bu haqda aniq ma’lumot yo‘q.

Yil davomida O‘zbekiston rasmiylari ham bot-bot o‘smirlar orasida suitsid oshib borayotganidan qayg‘usini tilga oldi, shuningdek, mahalla, maktab va hokimiyat institutlari birgalikda muammoni kamaytirishga urinayotgani haqida bayonotlar berdi.

Fermerlar, hokimlar, sudyalar, prokurorlar...

2018 yil davomida matbuotda tilga olingan qahramonlarning ko‘pchiligi sarlavhada sanalgan qatlamlarga tegishli bo‘ldi.

Bug‘doyi tortib olingani fermer, pora bilan qo‘lga tushgan hokim yoki sudya, 3 oyda ishdan olingan hokim yoki prokuror, MIB ga isyon qilib o‘zini osgan fermer - bular yil davomida matbuotda takror-takror berilgan xabarlardir.

Fursatingiz bo‘lsa, Ozodlik arxiviga kiring - ortda qolayotgan yana bir yilning bu va boshqa muhim voqealarini xotirlang hamda o‘z sarhisobingizni qiling!