Oliy sud qashqadaryolik 50 yashar huquq faoli Cho‘yan Mamatqulov ishi bo‘yicha quyi instantsiya chiqargan hukmni noqonuniy, deb topdi.
Oliy sud rayosatining 20 dekabr kungi majlisida Mamatqulov kiritgan shikoyat qayta ko‘rish uchun Qashqadaryo viloyat sudining apellyatsiya hay’atiga ko‘rish uchun yuborildi.
- Menga oid sud hukmlarining bekor qilinishi kutilmagan hol bo‘ldi. Ammo, adolatning qachondir tiklanishiga umid qilardim. Endilikda o‘zimni to‘liq oqlashim uchun imkoniyat tug‘ildi,- deydi Cho‘yan Mamatqulov Ozodlik bilan suhbatda.
Quyida huquq faoli bilan suhbatni tinglashingiz mumkin:
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi rayosati qarorida aytilishicha, jinoyat ishida Cho‘yan Mamatqulovga nisbatan qo‘yilgan konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish, odam o‘g‘irlash, hujjatlarni qalbakilashtirish va psixotrop moddalar saqlash epizodlari isbotlanmagan.
Guvohlar ko‘rsatmalari, daliliy ashyolar mavjud emas. Shuningdek, dastlabki tergov va sud qator protsessual xatoliklarga yo‘l qo‘ygan.
Huquq faoli O‘zbekiston Oliy sudi raisi Kozim Komilov tomonidan imzolangan Rayosat qarori nusxasini Ozodlikka taqdim qildi.
Hukmda: "Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudi apellyatsiya instantsiyasining 2013 yil 3 apreldagi ajrimining Mamatqulov Cho‘yan Oxmanovchiga oid qismi hamda unga oid O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 2018 yil 7 martdagi ajrimi bekor qilinsin. Jinoyat ishining Ch.Mamatqulovga oid qismi yangidan apellyatsiya instansiya sudida ko‘rib chiqish uchun yuborilsin. Protest qanoatlantirilsin", deyiladi.
Endilikda bu hukm asosida Qashqadaryo viloyati Jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya instansiyasi sudida Mamatqulovning arizasi asosida qayta ko‘rib chiqilishi lozim.
- Oqlanishga umid qilayapman, - deydi faol Ozodlik bilan suhbatda.
Koson tumanida istiqomat qilgan Mamatqulov 2012 yilning 29 avgustida hibsga olingan edi.
2013 yilning 8 fevral kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudi uni “konstitutsion tuzumga tajovuz”, “odam o‘g‘irlash”, “tovlamachilik”, “hujjatlarni qalbakilashtirish”, “yolg‘on guvohlik berish” kabi moddalar bilan ayblab, 10 yilga ozodlikdan mahrum etgandi.
Mamatqulov jazo muddatining 5 yilini o‘tagan kezda - 2018 yilning 7 martida Oliy sud Rayosati, o‘sha kezda O‘zbekiston Bosh prokurori o‘rinbosari bo‘lgan G‘ayrat Hidoyatov protesti asosida huquq faoli ishini qayta ko‘rib chiqqan va uning jazo muddatini qisqartirib, qamoqdan ozod qilishga hukm qilgandi.
O‘sha kezda Jasliq qamoqxonasida bo‘lgan faol shu tariqa 5 yilu 7 oylik qamoqdan so‘ng ozodlikka chiqqan.
Ozodlikka chiqishi bilan huquq faoli o‘ziga nisbatan qo‘yilgan ayblovlardan oqlanish uchun shikoyat qilishini bildirgan edi.
O‘zbekiston Qurolli kuchlarining zobiti bo‘lgan Cho‘yan Mamatqulov 2004 yili harbiy ishidan g‘ayriqonuniy bo‘shatilganidan va adolatni qaror toptira olmaganidan so‘ng Qurolli kuchlarning bosh qo‘mondoni, O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov ustidan ham Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani sudiga ariza bergan edi.
Sud uning da’vo arizasini qabul qilgan, lekin bu ishni ko‘rib chiqmagan.
Cho‘yan Mamatqulov 2004 yildan boshlab O‘zbekiston inson huquqlari jamiyatining Qashqadaryo viloyat bo‘limi a’zosi sifatida faoliyat yuritib keladi.