Qirg‘iziston bosh vazirining o‘rinbosari Jenish Razaqov hukumat ko‘chada tupurgan odamlarga solinadigan jarima puli miqdorini ozaytirish niyatida ekanini Bishkekda 15 yanvar kuni o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Qirg‘izistonda 2019 yilning 1 yanvaridan kuchga kirgan yangi qonunga asosan ko‘chada tupurgan odamlarga 5 500 so‘m, ya’ni 78,5 dollar miqdorida jarima solinadi.
-Bosh vazir buni noto‘g‘ri, deb hisoblaydi. Jarima puli juda katta miqdorda belgilanib qolingan. Yangi qonunda ruxsat berilmagan joyda tamaki chekilgani uchun jarima puli ming so‘m qilib belgilangan ekan. Hukumat tupurganlarga ham jarima pulini ming so‘m qilib belgilash to‘g‘risida parlamentga taklif kiritdi,-dedi Jenish Razaqov.
Qonun kuchga kirgan birinchi kuniyoq militsiya xodimlari ko‘plab odamlarni ko‘chada tupurgani uchun qo‘lga oldi. Bu esa jamoatchilik orasida norozilik to‘lqinini paydo qildi. Ayniqsa, yoshlar bu borada o‘z noroziliklarini faol bildirmoqdalar.
Masalan, yoshlardan biri prezident va parlament binosi oldiga kelib namoyishkorona tupurgani to‘g‘risidagi videoni ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirdi.
-Mana 5 500 so‘m jarima puli. Kelib, jarimani olib ketinglar. Mana shu poraxo‘rlar va qo‘lidan ish kelmay mamlakatimizni rivojlanishdan to‘sib turgan amaldor odamlarning yuziga qachonlardan beri tupurishni orzu qilib yurardim. Bugun mana shu imkoniyatga ega bo‘ldim,-deydi videodagi yigit.
Ijodkor yoshlar esa o‘z noroziligini qo‘shiq va hajviy ko‘rinishlar orqali bildirmoqdalar. Internet tarmog‘ida tarqatilgan qo‘shiqlardan birida «Tupurdik biz bunday qonunga, bu alahsirashmi yoki farosatsizlik. Tupurdik, tupurdik, bir tupurgi 5 ming so‘m bo‘lsa», deb kuylanadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda shu kunlarda ham keng muhokama qilinayotgan bu mavzu yuzasidan bildirilayotgan fikrlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, qirg‘izistonliklar ko‘chalarda tupurganlarga jarima solinishiga qarshi emas, balki bu narsa ko‘chada o‘zini tutish madaniyatini rivojlantiradi, deb hisoblaydilar.
Norozilikka esa jarima miqdorining o‘rtacha oylikka nisbatan nomutanosibligi, shuningdek, qonunning o‘ylanmasdan turib qabul qilingani, jumladan, tupurishga majbur bo‘ladigan bemorlarning imtiyozi qay darajada bo‘lishi yoki aynan shu odam tupurgani qanday isbotlanishi aniqlanmagani sabab bo‘lmoqda.
Bundan tashqari ayrim odamlar «bunday katta miqdordagi jarimani, albatta, qonunni buzgan deputatlar yoki amaldorlar to‘lamaydilar. Ularni birov majbur ham qila olmaydi. Bu qonun faqat oddiy odamlar uchun qo‘llaniladi», qabilidagi fikrlarni bildirmoqdalar.