Toshkentda dunyodagi eng qimmat kitobdan to‘rttasi topilgani taxmin qilinmoqda

Topilgan kitobga oid Kun.uz nashri e’lon qilgan surat.

Dunyodagi eng qimmat bosma kitoblar o‘nligiga kirgan “Amerika qushlari” (“The Birds of America”) kitobining to‘rt donasi O‘zbekiston Milliy universitetidagi binolardan biridan topilgani iddao qilindi. Universitet rahbariyatining Ozodlikka bildirishicha¸ bu topilma borasida hozirda ishchi guruh ish olib bormoqda.

Ishchi guruh raisi¸ Milliy universitet tarix fakulteti dekani¸ siyosiy fanlar bo‘yicha fan doktori Alisher Mo‘minovning Ozodlikka bildirishicha¸ 532 rangli varaqdan iborat bu noyob kitob 1831 yili Britaniyada nashr qilingan. O‘zbekiston Madaniyat vazirligi vakilining Ozodlikka bildirishicha¸ respublika Muzeylar boshqarmasi bu noyob topilma saqlanishini ta’minlash uchun mutaxassislarni jalb qilgan.

Shov-shuv emas¸ fakt

Bundan oldin mahalliy matbuot “universitet binosi yerto‘lasi ostidagi yashirin hujradan quyma oltinlar va qadimiy kitoblar” topilganini yozgan edi.

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi vakili va universitet rahbariyati bu xabarni "haqiqatdan uzoq" deb aytdi.

Universitet tarix fakulteti dekani Alisher Mo‘minovning 24 yanvar kuni Ozodlikka bildirishicha¸ noyob kitob universitet kutubxonasida olib borilgan uch yillik izlanishlar davomida aniqlangan:

- Bu to‘rt kitobning kutubxonada mavjud bo‘lgani uch yillik izlanishlar natijasida aniqlandi. Toshkent markazidan topildi degan shov-shuvning keragi yo‘q. Mana stolda turibdi. 1831 yili Britaniyada nashr qilingan. Shimoliy Amerika qushlari aks etgan 532 varaqdan iborat. Xozir ishchi guruh bu topilma haqida qo‘shimcha ma’lumotlarni o‘rganayapti¸ dedi Alisher Mo‘minov.

Eng qimmat kitob

Toshkentlik me’mor va antiqa buyumlar bo‘yicha ekspert Abdumalik Turdiev bu kitobning Toshkentdan topilishini "sensatsiya" deb atadi:

- Kitobning 1827 yildan 1838 yilgacha chop qilingan ilk tiraji 180 dona bo‘lgan. Aynan o‘sha tiraj matbaachilik shedevri hisoblanadi. Bugungi kungacha bu kitobning 119 nusxasi saqlanib qolgan. Sobiq sovet hududida esa birgina nusxasi Sankt-Peterburdagi milliy kutubxonada saqlanadi¸ deydi suhbatdosh.

Mutaxassis¸ bu kitobning kim oshdi savdosida rekord summada sotilgan bosma mahsulot ekanini ham qo‘shimcha qiladi:

- Bu kitobning bir nusxasi 2010 yil dekabr oyida Sothby's auksionida 11 million 500 ming AQSh dollariga sotilgan edi. Bu rekord. Shu kungacha hech bir kitob bunaqa baland narxda sotilmagan.

Suhbatdosh O‘zbekiston Milliy universiteti kutubxonasidan chiqqan kitobni o‘z ko‘zi bilan ko‘rmaguncha¸ aniq fikr bildirishdan tiyilishini aytadi:

- Men faqat fotoni ko‘rdim. O‘sha kitob. Bezalish uslubi ham o‘sha. Agar ishchi guruh izn bersa¸ kitobni jon deb ko‘zdan kechirgan bo‘lar edim. Ko‘rmay turib¸ Toshkentdan topilgan kitob haqida fikr bildira olmayman¸ deydi Turdiev.

Rassomlar yaratgan asar

Antiqa buyumlar bo‘yicha o‘zbekistonlik ekspert Abdumalik Turdiev so‘z borayotgan kitobning “shunchaki bosmaxona mahsuloti emas”ligini ta’kidlaydi:

- Kitob nashr qilingan 1831 yilda rangli bosma tajribasi yo‘q edi. Ofset bosma 1886 yildan boshlab qo‘llanilgan. Shu bois 1831 yilda qushlar rasmini rangli chop qilishda rassomlar ishtirok qilgan. Bosmadan chiqqan rasmni bitta-bittalab bo‘yab chiqishgan. Guash¸ pastel kabi bo‘yoqlar ishlatilgan. Shu ma’noda bu kitob san’at asari hisoblanadi¸ deydi toshkentlik me’mor.

Noma’lum topilma

Bu noyob kitobning to‘rt donasi qanday qilib Toshkent Davlat universiteti kutubxonasiga kelib qolganni haqida topilmani o‘rganayotgan ishchi guruh rahbari Alisher Mo‘minov aniq ma’lumot bermadi.

Mahalliy matbuotning yozishicha¸ Nikolay Dimo ismli rus olimi ushbu kitobni Toshkentga olib kelgan.

Kitob haqidagi shov-shuvlar ortidan Facebookdagi o‘z sahifasida ma’lumot qoldirgan Farrux Samarqandiy ismli yuzerga ko‘ra¸ Toshkentdagi noyob kitob “Britaniya Amerikasi shimoliy qismining zoologiyasi” degan kitob bo‘lishi mumkin (The Zoology of the Northern Parts of British America).

Toshkentlik me’mor va antiqa buyumlar bo‘yicha ekspert Abdumalik Turdievning aytishicha¸ agar O‘zMU kutubxonasidan “Britaniya Amerikasi shimoliy qismining zoologiyasi” degan kitob topilgan bo‘lsa, bu ham sensatsiya:

- Narx sal arzon bo‘lishi mumkin¸ masalan 6 million AQSh dollari. Ammo bu ham noyob kitob. Bu noaniqlarga oydinlik kiritish uchun O‘zbekiston Madaniyat vazirligi va O‘zbekiston Milliy universiteti kitob haqidagi barcha ma’lumotlarni jamoatchilikka oshkor qilishi kerak¸ deydi mutaxassis.

Noyob kitoblarning qo‘riqlanmagan xazinasi

Uzoq yillar Madaniyat vazirligining Qadimiy yodgorliklarni saqlash idorasida ishlab¸ nafaqaga chiqqan mulozim Rauf Qo‘zievning Ozodlikka aytishicha¸ O‘zbekistonda qadimiy qo‘lyozma va Chor imperiyasi davrida bosilgan kitoblarning katta kolleksiyasi mavjud.

Ammo bu kitoblarni o‘g‘rilar tajovuzidan saqlab qolish qiyin kechmoqda¸ deydi sobiq mulozim:

- O‘zbekiston Qo‘lyozmalar institutida Markaziy Osiyodagi eng katta qo‘lyozmalar kolleksiyasi mavjud. 1991 yildan keyin qo‘lyozma sotib olish uchun davlat pul ajratmay qo‘ydi. Mavjud kolleksiyani saqlash masalasi yaxshi bo‘lmagani bois¸ anchagina kitoblar o‘g‘irlandi. Qo‘lyozmalar oldin faqat davlat tasarrufida bo‘lib¸ kuchli himoya ostida edi. Mustaqil bo‘lgandan keyin ko‘p qadimiy kitoblar¸ xususan¸ O‘zbekiston Davlat muzeyida saqlab kelingan Usmon mushabi O‘zbekiston Musulmonlari idorasiga berildi. Oqibatda¸ qadimiy Qur’onning kiyik terisiga oltin bilan yozilgan 9 varag‘i diniy idora mutavallisi tarafidan o‘g‘irlanib¸ xorijga sotib yuborildi. Bunday misollar ko‘p¸ deydi suhbatdosh.