Islom Karimovning tug‘ilgan kuni munosabati bilan Mirziyoev Samarqandda osh berdi (FOTO)

2019 yilning 30 yanvar kuni O‘zbekistonning sobiq prezidenti Islom Karimov tug‘ilgan kun munosabati bilan xotira tadbiri o‘tkazildi. Fotosuratlar prezident saytidan olindi.

O‘zbekistonning sobiq prezidenti Islom Karimov tug‘ilgan kun munosabati bilan 30 yanvarda O‘zbekistonda xotira tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Prezident matbuot xizmatining bildirishicha, tadbirni prezident Shavkat Mirziyoev 30 yanvar kuni Toshkent shahrida Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qo‘yish bilan boshlab berdi.

“Davlatimiz rahbarining 2017 yil 25 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, har yili Birinchi Prezidentimiz tavallud topgan sana - 30 yanvar kunini keng nishonlash belgilangan”, deyiladi rasmiy ma’lumotda.

Shavkat Mirziyoev Toshkentda Karimov haykali poyiga gulchambar qo‘yganidan so‘ng Samarqand shahriga bordi.

Islom Karimov dafn qilingan Samarqand shahridagi Hazrati Xizr majmuasida Shavkat Mirziyoev Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Qur’on tilovat qilindi.

Shavkat Mirziyoev Qur’on tilovatidan so‘ng yodgorlik majmuasini saqlash, atrofini obodonlashtirish, ziyoratchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish zarurligini ta’kidladi.

Shu kuni Samarqand viloyati jamoatchiligi Registon maydoni yaqinida o‘rnatilgan Islom Karimov haykali poyiga gullar qo‘ydi.

Shundan so‘ng Samarqand shahridagi Forumlar majmuasida ehson oshi berildi. Unda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, ziyolilar, yoshlar ishtirok etdi.

Prezident matbuot xizmati 30 yanvar kuni: “Qarshi shahrida ham buyuk Yo‘lboshchimiz haykali poyiga gullar qo‘yildi. Poytaxtimiz va viloyatlarda Birinchi Prezidentimiz tavallud kuniga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbirlar, xotira kechalari o‘tkazildi”, deb xabar berdi.

Prezident Mirziyoev 2017 yil 27 noyabrda Islom Karimov tavalludining 80 yilligini keng nishonlanlash to‘g‘risidagi qarorni imzolagan edi. Shu munosabat bilan 2018 yilda Karimovning 80 yilligi tantanalari o‘tkazilgan.

O‘zbekistonni 1989 yildan beri boshqarib kelgan Islom Karimov 2016 yilning sentabrida vafot etgan edi.

Islom Karimov O‘zbekistonga rahbarlik qilgan yillarni xalqaro tashkilotlar diktatura, repressiyalar, inson huquqlari qo‘pol buzilgan, O‘zbekiston aholisi ommaviy tarzda majburiy mehnatga jalb etilgan yillar qatorida taqdim etadilar.