Turkiyaning Istanbul shahrida o‘zbekistonlik va qirg‘izistonlik bo‘lgan 35 ayol jinsiy qullikdan qutqarildi. Bu haqda CNN Turk 12 fevralda xabar berdi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Aytilishicha, Istanbul politsiyasi bu ayollarni foxishabozlikka majburlagan jinoiy guruh a’zolarini ham qo‘lga olgan. Ular Turkiyada ish berilishini bahona qilib, ijtimoiy tarmoqlar orqali ayollarni Istanbulga kelishga undagan. Ularning chaqiruvi bilan bu yerga kelgan ayollarni esa jinsiy qullikda saqlashgan.
Istanbul politsiyasining bildirishicha, jinoiy guruhni qo‘lga olish yuzasidan amaliyot uch oy rejalashtirilgan. O‘zbekistonlik ayollardan biri uni Istanbulga ishga chaqirishgani, ammo bu yerga kelganidan so‘ng uning pasportini olib qo‘yishgani va foxishalikka majburlashayotgani to‘g‘risida politsiyaga shikoyat qilgani ortidan jinoiy guruh kuzatuv ostiga olingan.
Jinoiy guruhni qo‘lga olish amaliyoti 12 fevral kuni ertalabki soat oltida Istanbulning 7ta tumanida bir vaqtning o‘zida o‘tkazilgan. Politsiya foxishaxonaga aylantirilgan 30ta xonadonni bosgan va tintuv qilgan. Amaliyot natijasida jami 85 odam ushlangan. Ularning 35 nafari o‘zbekistonlik va qirg‘izistonlik ayollardir. Ular vatanlariga jo‘natilishi aytilmoqda.
Haberler gazetasining yozishicha, jinoiy guruhning 20 nafar a’zosi odam savdosi, foxishaxonalarni tashkil qilish va foxishalikka majburlash kabi ayblovlar bilan sudga tortiladi.
Gazetaning ma’lum qilishicha, jinoiy guruh a’zolari ijtimoiy tarmoq orqali ayollar va qizlar bilan tanishib, ularga uylanishlarini aytganlar. Ayrimlariga esa qariyalar va bolalarga enagalik qilish taklif etilgan. Amaliyot davomida qo‘lga olingan yana 30 odam hozirda so‘roq qilinmoqda.
Sozcu gazetasi amaliyotda 22 nafar xorij fuqarosi, jumladan, bir nafar balog‘atga yetmagan qiz jinsiy qullikdan qutqarilgani haqida yozdi.
Tintuv qilingan xonadonlardan uchta to‘pponcha, 107ta o‘q, yapon samuray qilichi, foxishalikka majburlangan qizlarning hujjatlari, bitta qalbaki pasport, 6 grammga yaqin narkotik modda va 50ta sim karta topilgan.
Rasmiylarga ko‘ra, Antaliya, Istanbul va Anqara kabi katta shaharlarda xorijlik ayollarni “ishga taklif qilishib”, keyin qullikka yoki foxishalikka majburlanganlari ko‘proq qayd etilgan.
Turkiyada nafaqat mahalliy jinoiy guruhlar, balki O‘zbekistondan borgan ayrim shaxslar ham vatandoshlarini foxishalikka majburlash bilan shug‘ullanadi. Masalan, 2017 yilda Turkiyaning turli shaharlarida 76ta islovotxona tashkil etgan 36 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Madina Shukurova qo‘lga olingan edi. Uning islovotxonalaridan asosiy qismi o‘zbekistonlik bo‘lgan 21 ayol jinsiy qullikdan ozod qilingan edi.