O‘zbekiston ishchi kuchi tezlik bilan ko‘payib borayotgan davlat hisoblanadi va bu holatdan mamlakatning iqtisodiy taraqqiyotini yanada kuchaytirish uchun foydalanish mumkin.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Jahon Banki guruhi va Xalqaro moliya korporatsiyasi e’lon qilgan «O‘zbekistonda bozorlarni tashkil etish. Barqarorlikdan raqobatbardoshlikka qadar» deb nomlangan hisobotda mana shu haqda bildirildi.
Hisobotda ta’kidlanishicha, 2016 yilda mamlakatning mehnatga yaroqli yoshdagi aholisi soni 23 million kishiga yetgan, biroq ularning faqat 13 millioni ishchi kuchini tashkil etgan.
Hisobotda aytilishicha, 2030 yilga kelib O‘zbekistonda ishchi kuchi yana 4 millionga ko‘payishi mumkin.
«Bu esa ishchi kuchi ko‘payishi bo‘yicha O‘zbekistonni Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi beshinchi davlatga (Rossiya, Turkiya, Ukraina va Polshadan keyin) aylantiradi», deyiladi hisobotda.
Ayni paytda ekspertlar O‘zbekistondagi ishga yaroqli yoshdagi aholining asosiy qismi ish bilan ta’minlanmaganini yoki xorij davlatlariga ishlash uchun ketishga majbur bo‘lishlarini ham ta’kidlaganlar.
“Bunday vaziyat aholining boshqa qatlamiga qaraganda ko‘proq yoshlarga qattiq ta’sir qilmoqda. 20-24 yosh oralig‘idagi har 10 odamdan bir nafari ish izlamaydi, chunki u ish topib bo‘lmaydi, deb hisoblaydi”, -deyiladi hisobotda.
Jahon Banki guruhi va Xalqaro moliya korporatsiyasi ekspertlari O‘zbekistondagi asosiy ish o‘rinlari qishloq xo‘jaligi ulushiga to‘g‘ri kelishini ham bildirdi.
“Har besh ishchidan 4 nafari qishloq ho‘jaligi va mayda xizmatlarni ko‘rsatish sohasida ishlaydi, bu mazkur sektorlar YaIMda egallagan ulushiga mutanosibdir. Agar bandlikni mulkchilik shakliga qarab bo‘lishtiradigan bo‘lsak, u holda ishchilarning uchdan bir qismi davlatga qarashli korxonalarda ishlayotganini, yana uchdan bir qismi o‘zini o‘zi ish bilan ta’minlayotganini ko‘ramiz”, deyiladi hisobotda.
Ta’kidlanishicha, bunday holat mamlakatda o‘rta biznes ko‘rinishidagi o‘rta sinfning shakllanmasligiga sabab bo‘lmoqda.
Hisobot mualliflariga ko‘ra, O‘zbekistonda hozirgacha samaradorligi kam bo‘lgan yirik davlat korxonalari va kichik korxonalar ustunlik qilayotir. Kichik korxonalarning 70 foizi o‘z faoliyatini qo‘shimcha ishchi kuchini jalb qilmagan holda olib bormoqda.
“Ayni paytda shirkatlarning va bandlikning o‘sishiga ko‘pincha me’yoriy hujjatlar to‘sqinlik qilmoqda”, deyiladi hisobotda.