Ortiq Sultonov: “Handalak” qovun tushirmaydi!

Ortiq Sultonov

26 fevral kuni “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi Toshkentdagi “Turkiston” saroyining majlislar zalida “Badiiy so‘z san’ati va sahna mas’uliyati” mavzuida taniqli qiziqchilar ishtirokida davra suhbati o‘tkazdi.

Ozodlik suhbat ishtirokchisi, “Handalak” dueti a’zosi, san’atshunoslik fanlari nomzodi Ortiq Sultonovga davra suhbatida ko‘tarilgan masalalar va o‘zbek qiziqchilik san’atining bugungi ahvoliga oid savollar bilan murojaat qildi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Ortiq Sultonov: “Handalak” qovun tushirmaydi!

Taniqli qiziqchi Ortiq Sultonov bilan suhbat yozib olinganidan so‘ng...

...BRAVO” jamoasi a’zolari hamda artist Halima Ibragimova bilan “O‘zbekkonsert” o‘rtasida tuzilgan litsenziyalar 2019 yil 26 fevraldan amal qilishi tugatilgani ma’lum bo‘ldi.

Bu haqda “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi o‘zining rasmiy saytida e’lon qilgan rasmiy bildiruvida e’lon qilindi.

“O‘zbekkonsert” rahbariyati fikricha, “BRAVO” jamoasi a’zolari hamda Halima Ibragimova “litsenziya bitimlari talablari va shartlarini qo‘pol ravishda buzgan”.

Muassasa fikricha, litsenziyadan mahrum qilinganlar “o‘tkazilgan konsert dasturlarida Muassasaga topshirilgan ssenariydan chetga chiqqan, milliy urf-odatlar va odob-axloq qoidalariga to‘g‘ri kelmaydigan, ma’naviy qadriyatlarga mutlaqo yot bo‘lgan nomunosib harakatlar, fahshni targ‘ib qiluvchi hajviyalar orqali qiziqchilik san’atini beobro‘ etgan hamda ijtimoiy tarmoqlarda san’atkor odobiga rioya etmagan”.

“O‘zbekkonsert” “BRAVO” jamoasi a’zolari hamda Halima Ibragimovaning litsenziyalarini “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 23-moddasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 9 dekabrdagi 354- qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan Nizomning 37-bandiga asosan” tugatgan.

Shu bilan birga, “O‘zbekkonsert” o‘z rasmiy bildiruvida “so‘z ustalari (“Gap yo‘q-triosi”) Sardor Tashmuhamedov, Laliddin Xolmatov va Sanjar Isabaevlar yosh avlodni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan mazmunan sayoz, mantiq va she’riyat talablariga javob bermaydigan bachkana so‘zlar ijrosida bo‘lgan “ommaviy madaniyat” va axloqsizlik g‘oyalarini targ‘ib etuvchi video kliplarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatganligi uchun ogohlantirilgani hamda kelgusida shu kabi holatlar takrorlansa, ularning litsenziyalari ham to‘xtatilishi ma’lum qilingani” to‘g‘risida xabar qilgan.