Qamoqxonada kasal mahkumaning majburiy mehnatdan o‘lgani iddao qilindi

23 fevral kuni 42-sonli manzil koloniyada jazo o‘tayotgan 62 yashar Sayjura Gadaeva vafot etdi. Mahkumaning o‘limi haqida Ozodlikka xabar qilgan manba, S.Gadaeva kasal bo‘lishiga qaramasdan ishlashga majburlangani sabab olamdan o‘tganini iddao qilgan. Bosh prokuratura mahkumaning o‘lganini tasdiqladi ammo o‘lim sababini uning salomatligi yomonlashgani bilan izohladi.

Mahkuma Sayjura Gadaevaning o‘limi haqida Ozodlikka xabar bergan va xavfsizlik bois ismi oshkor qilinmasligini so‘ragan manba iddaosiga ko‘ra, Gadaevani kasal bo‘lishiga qaramasdan koloniya xodimlari ishlashga majburlagani uning o‘limiga sabab bo‘lgan.

«1957 yilda tug‘ilgan Gadaeva Sayjura 23 fevral kuni soat 09.30 larda vafot etdi. Uni kasal bo‘lganiga ishonmasdan, ustidan kulib, ishga chiqishga majburlashdi. Hozir koloniya xodimlari mahkumalarni yig‘ib, proverka paytida «hech narsa ko‘rmadik» deb aytishni tayinlamoqda. Koloniya boshlig‘i kasallarni 2 soatlab turg‘izib qo‘yadi. Koloniyada mahkumalarga tazyiq o‘tkazish, izolyatorga tashlash bilan qo‘rqitish oqibatida qon bosimi ko‘tarilishlar ko‘p bo‘layapti», deya iddao qildi mahkumaning o‘limi haqida xabar yo‘llagan manba.

Respublika Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasi xodimi Sayjura Gadaevaning o‘limini tasdiqladi, biroq mahkumaning kasal holida ishga olib chiqilganini inkor qildi.

«Kasal makhumalar ishga olib chiqilmaydi. Gadaeva ham kasal bo‘lgani uchun kasalxonaga yotqizilgan. U kasalxonada o‘ldi», deya gapni qisqa qildi Jazoni ijro qilish Bosh boshqarmasi xodimi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, S. Gadaeva o‘limi yuzasidan tergovga qadar tekshirish harakatlari o‘tkazilmoqda.

«Sud tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, S.Gadaevaning o‘limi surunkali yurak ishemik kasalligi, kardioskleroz, miokardit, xafaqon kasalligi, yurak qon tomir faoliyatining o‘tkir yetishmovchiligadan kelib chiqqanligi aniqlangan», deyiladi Bosh prokuratura ma’lumotida.

Shuningdek, Bosh prokuratura ma’lumotida, S. Gadaeva kasalligini aytgach, unga tibbiy yordam ko‘rsatilgani ta’kidlangan.

«21 fevral kuni S.Gadaeva ishga chiqishdan avval muasssasa ma’muriyatiga sog‘lig‘idan shikoyat qilgani uchun, uni muassasa tibbiyot bo‘limiga o‘tkazilib, 21-23 fevral kunlari ishga jalb qilinmasdan, muassasada statsionar tartibda tibbiy muolaja qilingan».

Bosh prokuraturaga ko‘ra, S. Gadaeva 23 fevral kuni tibbiy bo‘limdan chiqarilgan va koloniya yotoqxonasiga ketayotgan payti yana uning mazasi qochgan:

«Koloniya shifokori tomonidan ko‘rsatilgan tez tibbiy yordamga qaramay S.Gadaevani vafot etganligi aniqlangan»

O‘zbek qamoqxonalaridagi mahkumlarning o‘limlari borasida odatda matbuotda xabar berilmaydi. Shu paytgancha jamoatchilik nazoratidan chetda qolayotgan qamoqxonalarda o‘layotgan mahkumlar soni bo‘yicha statistik ma’lumotlar oshkor qilinmagan.