Tojikistonda badanidan 10ta igna topilgan chaqaloqning onasi 10 yilga qamaldi

Muhayyo Yoqubova o‘g‘li Mudassir Karimov bilan.

Rudakiy tuman sudi 26 fevral kuni 27 yoshli Muhayyo Yoqubovani sog‘liqqa atayin og‘ir zarar yetkazishda aybdor deb topdi va uni o‘n yilga qamadi. Sud hukmi qonuniy kuchga kirguniga qadar u ozodlikda qoladigan bo‘ldi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Tojikistonda badanidan 10ta igna topilgan chaqaloqning onasi 10 yilga qamaldi

Muhayyo Yoqubova: Tergov paytida meni zo‘rlash bilan qo‘rqitishdi

Muhayyo Yoqubova o‘tgan yilning iyul oyida 9 oylik bolasi Mudassir Karimovning badaniga o‘nta igna sanchib, og‘ir jarohat yetkizganlikda gumonlanib tergov qilina boshlagan edi. Suddan so‘ng Ozodlik radiosi tojik xizmatiga intervyu bergan Muhayyo Yoqubova ayblovni tan olmasligini aytdi:

-Bu tuhmat. Hech bir ona o‘z farzandiga bunday munosabatda bo‘lmaydi. O‘g‘limning badanida ignalar qaerdan paydo bo‘lganini bilmayman. Birinchi marta tergov qilishganida meni zo‘rlash bilan qo‘rqitishdi, katta o‘g‘limni tortib olish bilan tahdid qilishdi. Shunday yo‘l bilan ayblovni tan oldirishdi. Sud menga bosim ko‘rsatgan bu besh nafar militsiya xodimini chaqirib so‘roq qilmadi, ammo sudda militsionerlar menga tahdid qilishganiga guvoh bo‘lgan odam davlat qoralovchisi sifatida ishtirok etdi,-dedi Muhayyo Yoqubova.

Advokat: Ona o‘z bolasiga jarohat yetkazishiga ishonmayman

Sud va prokuror bu ish yuzasidan sharh berishni istamadi. Yoqubovaning advokati Muhabbat Usmonova esa:

-Men aniq ishonamanki, hech bir ona o‘z farzandiga jarohat yetkazmaydi. Sud hukmidan norozimiz. Yuqori sud instansiyasiga shikoyat arizasi kiritamiz,-deb aytdi.

Voqeaning tarixi

9 oylik Mudassir Karimov o‘tgan yilning iyulida Dushanbedagi Milliy tibbiyot markaziga og‘ir ahvolda olib kelingan edi. Shifokorlar o‘shanda uning badanidan o‘nta igna topishgan.

Rentgen orqali bolaning boshida, burnining ostki qismida, oyoqlarida, bo‘ynida, ko‘krak qafasida va boshqa a’zolarida ignalar borligi aniqlangan.

Ayrim ignalar tananing ichiga chuqurlab ketgani oqibatida shifokorlar chaqaloqni qayta operatsiya qilishlariga to‘g‘ri kelgan. Shifokorlar o‘shanda bu ignalar bola tanasida kamida uch oydan beri mavjudligini aytgan edilar.

Badanidan ignalar topilgan Mudassir Karimov oiladagi ikkinchi farzand bo‘lib, uni onasi tarbiya qiladi. Bolaning otasi esa Rossiyaga mehnat muhojirligiga ketgan.

O‘zbekiston bilan paralellar

2018 yilning 17 yanvar kuni Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida tug‘ilgan Azizbek Abdumajidov badanida 16ta po‘lat igna borligi aniqlanib, og‘ir ahvolda Toshkentdagi Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelingan.

To‘qqiz soat davom etgan jarrohlik amaliyoti paytida bola tanasidan 13ta igna olib tashlangan edi. Chaqaloq 14 mart kuni sog‘ayib uyiga qaytgan.

Toshloqlik 11 oylik chaqaloqning tanasidan 16 dona igna topilgani yuzasidan ochilgan jinoyat ishi qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish yoxud boshqa biron-bir jinoyat tarkibi aniqlanmagani oqibatida to‘xtatildi.

Farg‘ona viloyat prokuraturasi bu ishni 2018 yilning 31 mart kuni harakatdan tugatish haqida qaror qabul qilgan.

Farg‘ona viloyat prokuraturasining bildirishicha, mazkur ish yuzasidan 11 oylik chaqaloq Azizbek Abdumajidovning onasi, buvilari, opoqilari, tog‘asi, xolasi, kelinoyisining ruhiy holatini tekshirish yuzasidan o‘tkazilgan sud-psixiatriya ekspertizasi xulosalariga ko‘ra, ular ruhiy sog‘lom bo‘lib chiqqan. Bundan tashqari qator guvohlar ham so‘roq qilinib, jinoyat alomatlari topilmagan.