Kemerovoda ikki o‘zbekistonlik qurilish maydonchasida qulagan ko‘tarma kran ostida qolib halok bo‘ldi. Jarohat olgan yana bir o‘zbekistonlik quruvchi yigit shifoxonaga olib ketildi.
Tegishli idoralar hodisa joyida tekshiruv olib bormoqda.
26 fevral, kunduzgi soat 5 larda Rossiyaning Kemerovo shahri, Yujniy mavzesidagi turar-joy qurilishida suyuq beton solingan konteynerni tushirayotgan avtokran qulab tushdi va o‘zbekistonlik ishchilarni bosib qoldi.
Kemerovo viloyat Tergov qo‘mitasi navbatchi ofitseri Ozodlikka bunday dedi:
-Turar-joy qurilish maydonchasida suyuq beton tushirayotgan texnika ag‘darilib ketdi. Natijada og‘ir jarohatlar olgan 25 va 26 yoshli ishchilar hodisa joyida nobud bo‘ldi, jarohat olgan yana bir shaxs shifoxonaga yotqizildi.
Ozodlik jarohat olgan va Kemerovo shahar klinikasiga olib ketilgan quruvchi yigit ham o‘zbekistonlik ekanini aniqladi. Shifoxonada qolayotgan ishchining hayoti xavf ostida emasligi aytildi.
Halok bo‘lgan va jarohat olgan o‘zbekistonlik ishchilarning shaxsi oid ma’lumotlar hozircha ochiqlanmadi.
Kemerovo Tergov qo‘mitasi bu fakt yuzasidan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 216- moddasi 3- qismi ("Ikki va undan ziyod odamning o‘limiga sabab bo‘lgan qurilish ishlari davomida xavfsizlik qoidalarini buzish") asosida jinoyat ishi ochgani, qurilish maydonida kriminalistlar ishlayotgani ma’lum qilindi.
O‘zbek muhojirlari o‘limiga olib kelgan vaziyatni mahalliy prokuratura ham o‘rganayotgani aytildi. Qurilishda mehnat xavfsizligi qoidalari buzilgani yuzasidan Kemerovo Qurilish nazorati idorasi ham tekshiruv boshlab yubordi.
Kuzbass prokuraturasi xabar qilishicha, tergovchilar mehnat shartnomalari va boshqa hujjatlarni musodara qilgan. Taftishchilar nobud bo‘lgan va jarohat olgan o‘zbek migrantlarining qurilish ishlariga jalb qilingani legalligini ham tekshirayotgani ma’lum bo‘ldi.
Sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa yuzasidan qator tekshiruvlar, xususan, sud-tibbiy ekspertiza tayinlandi.