Klara Saxarova: MXX xodimlariga jinoyat ishlarini soxtalashtirishga kim huquq bergan?
Davlatga xiyonatda ayblanib 5 yilga qamalgan olim Andrey Kubatinning opasi Klara Saxarova prezident Shavkat Mirziyoevdan ukasining ishiga e’tibor qaratishni iltimos qildi.
-Mening ukamni soxtalashtirilgan jinoyat ishi bo‘yicha aybdor deb topishib, 157-moddaning 1-qismi bo‘yicha besh yilga qamashdi, - deb bildirdi Klara Saxarova 4 mart kuni Facebook tarmog‘i orqali tarqatgan videomurojaatda:
Klara Saxarovaning aytishicha, tergov davomida ukasi Andrey Kubatinga o‘sha paytda Milliy xavfsizlik xizmati deb atalgan, hozirda nomi Davlat xavfsizlik xizmati deb o‘zgartirilgan tashkilot xodimlari tomonidan bosimlar o‘tkazilgan va qiynoqlar qo‘llanilgan.
Klara Saxarova Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari oilasi turli noxushliklarga duchor bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida tahdid qilganidan so‘nggina Kubatin tergov hujjatlariga imzo chekishga majbur bo‘lganini ta’kidladi.
Klara Saxarova tergovda Andrey Kubatinga advokat yollash taqiqlangani va unga hukumat tomonidan tayinlangan advokat tayinlangani, bu advokat tergov paytida biror marta ham ishtirok etmagani to‘g‘risida ham bildirdi.
Prezidentga murojaat qilishdan avval Bosh prokuratura va boshqa tashkilotlarga murojaat qilib, hech qanday natijaga erisha olmaganini aytgan Klara Saxarova:
-Men yana kimga murojaat qilay? Nega huquq -tartibot tuzilmalari adekvat va holis bo‘lib bu ishni ko‘rib chiqishni istamayapti? MXX xodimlariga o‘z manfaati yo‘lida odamlarga nisbatan jinoyat ishlarini soxtalashtirishga kim huquq bergan?-degan savollarni o‘rtaga qo‘ydi.
Olimlar Andrey Kubatinning qamalish ortidan 1937 yilgi qatag‘onni esladilar
O‘tgan yilning fevral oyida AQSh, Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston, Britaniya, Germaniya, Ukraina, Bolgariya kabi davlatlardan bo‘lgan 50 nafar jahonga mashhur olim prezident Shavkat Mirziyoevdan O‘zbekiston tashqarisida ham nufuzga ega bo‘lgan taniqli olim Andrey Kubatin ishini o‘z nazoratiga olishni iltimos qilgan edi.
Toshkent davlat sharqshunoslik institutining katta o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan Andrey Kubatin 2017 yilda o‘zining noyob kitoblar nusxasiga ega bo‘lgan shaxsiy arxividan ko‘chirmalarni O‘zbekistonning turistik yo‘lnomasini nashr qilmoqchi bo‘lgan Turkiyaning TIKA tashkiloti xodimiga topshirayotgan paytda qo‘lga olingan edi.
“Go‘yo, Kubatin Andrey Viktorovich chet davlatga O‘zbekistonning davlat sirini oshkor qilib, xiyonat qilgan emish. Go‘yo, chet ellik mutaxassisga berilgan kitoblar «panturkizm»ni targ‘ib qilishga olib kelishi mumkin emish. Aynan mana shunday «panturkist» va «turkparast», degan tuturuqsiz va bema’ni ayblovlar bilan ma’rifatparvar o‘zbek ziyolilari 1937 yildan boshlab qamoqxonalarda hayotlari vayron qilindi, Sibirga surgun qilinib, ochlik va kasalliklardan o‘lib ketishdi, qolganlarini esa otib tashlashdi. Aslida esa Turkologiya fani «panturkizm» yoki «turkparastlik» emas. Bunday ayblovlar mustabit Sovet tizimi jo‘sh urgan zamonlarda o‘ylab chiqarilgan repressiv mexanizmning bir unsuri ekanligi butun dunyo olimlari tomonidan tan olingan”, deyiladi olimlar murojaatda.
Prezident Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston va xalqaro ilmiy jamoatchilikning murojaatlariga e’tibor qaratmadi
2017 yilning aprel-may oylaridan boshlab o‘zbek olimlari O‘zbekistondagi turli davlat organlariga, jumladan, Milliy xavfsizlik xizmatining o‘sha paytdagi rahbari Rustam Inoyatovga bir qator murojaatlarni jo‘natgan edilar. O‘zbek olimlari murojaatlaridan eng so‘nggisi, 2018 yilning 18 fevralida prezident Shavkat Mirziyoev nomiga yozilgan edi.
Andrey Kubatin 2017 yil 1 dekabrida sud hukmi bilan 11 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. 2018 yilning mayida uning ishi yuqori instantsiyada ko‘rib chiqilib, qamoq muddati 5 yil qilib belgilangan.
Hozirgi kunda u Toshkent viloyati Zangiota tumani UYa 64/TX-1 jazoni o‘tash muassasasida saqlanmoqda.