Qirg‘izistonda sobiq prezidentdan daxlsizlik maqomi olib tashlandi

Qirg‘iziston Konstitutsiyasi prezident stoli ustida.

Qirg‘iziston parlamenti eks-prezidentlarni daxslsizlik maqomidan ajratish bo‘yicha qonun loyihasini qabul qildi.

Eks-prezidentlarni daxslsizlik maqomidan ajratishga qaratilgan, qonunga yig‘inda ishtirok etgan 114 deputatning uch nafarigina qarshi ovoz berdi.

Bundan avval Konstitutsiyaviy palata eks-prezidentga daxlsizlik maqomining berilishi Konstitutsiyaga zid kelishi haqida qaror chiqargan edi.

Yangi qonunga asosan sobiq prezidentga siyosiy hayotga aralashish ham taqiqlangan. Deputat Dastan Bekeshev bu me’yor inson huquqining buzilishiga sabab bo‘ladi, deb hisoblaydi.

-Eks-prezident “partiyaga qo‘shila olmaydi, davlat organlaridagi lavozimlarda ishlay olmaydi”, degan taqiq yozilgan. Bu Konstitutsiyaga zid keladi. Fuqarolar shu borada sudga murojaat qilishi mumkin, - dedi deputat.

Yuridika fanlari doktori, professor Bekbo‘sun Bo‘rubashev fikricha, absolyut daxlsizlik degan tushuncha umuman bo‘lmasligi kerak. Unga ko‘ra, bu maqom amaldagi prezidentdan lavozimidan ketishi bilanoq avtomatik tarzda olib tashlanishi zarur.

-Bizda absolyut daxlsizlik degan tushuncha bo‘lmasligi kerak. Negaki biz demokratik mamlakatmiz. Amaldorlarimiz daxslizlikdan o‘z manfaati uchun foydalanayapti. Shuning uchun daxslizlik maqomi o‘sha maqomga ega bo‘lgan shaxs ishdan ketishi bilan bekor qilinishi lozim, - deydi Bo‘rubashev.

O‘tgan yili Qirg‘izistonning sobiq Bosh vazirlari Sapar Isaqov va Janto‘ro‘ Satvaldiev hamda sobiq prezident Atambaevga yaqin bo‘lgan boshqa qator amaldorlar korrupsiyada ayblanib, qamoqqa olingani ortidan eks-prezidentdan ham daxlsizlik maqomini olib tashlash talabi yangray boshlagan edi.

27 mart kuni esa qator faollar Qirg‘izistonni 2011 yil 1 dekabridan 2017 yil 24 noyabrigacha boshqargan Almazbek Atambaevni “Hokimiyatni qonunga xilof ravishda egallashga bo‘lgan urinish”da ayblab, uni jinoiy javobgarlikka tortish talabi bilan chiqqanlar.