Shri-Lanka politsiyasi cherkovlar va mehmonxonalarga bir necha kun oldin qilingan hujum oqibatida halok bo‘lganlar soni 310 kishiga yetganini ma’lum qildi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Politsiyaning 23 aprel kuni bildirishicha, yana 500 nafarga yaqin yaralangan odam kasalxonalarda qolmoqda.
23 aprel Shri-Lankada milliy motam kuni deb e’lon qilindi.
Politsiya poytaxt Kolombo va uning atrofida hujumlarni uyushtirishga aloqadorlikda gumonlanayotgan 40 nafar odam qo‘lga olinganini bildirdi.
Shri -Lanka Bosh vaziri Ranil Vikremesingx hujumchilarni qidirib topish bo‘yicha tergov guruhiga katta vakolatlar berilishini ma’lum qildi.
-Bu hujumlarga mas’ullarni qidirib topishga ko‘rsatma berildi. Tergovchilar qancha va qanday vakolat xohlasa, hammasi beriladi. Biz bu kabi jinoyatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz, - dedi Bosh vazir.
21 apreldagi hujumlar uchun mas’uliyatni hozirgacha biron bir guruh o‘z zimmasiga olmadi. Biroq hukumat rasmiy vakili Rajita Senaratne hujumlar ortida mahalliy "Jamoatul Tahvid al Vataniya” ekstremistik guruhi turibdi, deb bayonot berdi.
Hukumat rasmiysiga ko‘ra, politsiya xudkush terrorchilar cherkovlarga hujum qilish ehtimoli mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ega bo‘lgan, biroq bu ma’lumotlarni e’tiborsiz qoldirib, o‘z vaqtida xavfsizlik choralarini ko‘rmagan.
Avvalroq AQSh va qator G‘arb davlatlari razvedkalari Shri-Lanka hukumatini “xalqaro terror tarmog‘iga kiruvchi guruhlar” hujum qilishi mumkinligidan ogohlantirganlari haqida xabarlar paydo bo‘lgan edi.
Shri-Lanka nasroniy cherkovi kardinali Malkolm Ranjit hukumatdan xolis tergov o‘tkazishni talab qilmoqda.
-Men hukumatni xolis va jiddiy tergov o‘tkazishga va bu terror uchun kim mas’ul ekanini aniqlashga chaqiraman. Men ularni ayovsiz jazolashga chaqiraman, chunki faqat vahshiy hayvonlargina bu kabi ishlarni qilishi mumkin edi, - dedi kardinal.
Shri-Lankada 21 aprel kuni sodir etilgan 8 portlash chog‘ida kamida 200 kishi halok bo‘lgan va 600ga yaqin odam yaralangan edi.
Qurbonlarning kamida 32 nafari xorijlik bo‘lib, ular orasida AQSh, Turkiya, Hindiston, Xitoy, Daniya, Hollandiya, Britaniya va Yaponiya vatandoshlari bor.