Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Hukumat "To‘xtatdik", deb aytdi. Biroq odamlar ishonmayapti
Qirg‘iziston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Kubatbek Bo‘ro‘nov Issiqko‘l viloyati aholisi bilan 25 aprel kuni bo‘lgan uchrashuvda viloyatdagi Qizil O‘po‘l konidan uran qazib olish bira to‘la to‘xtatilishi to‘g‘risida hukumat qaror qabul qilganini rasman bildirganiga qaramay, 26 aprel kuni 200-300ga yaqin faol Bishkek markaziy maydonida uran qazishni to‘xtatish talabi bilan miting o‘tkazdi.
Faollar hukumatning bu qaroriga ishonmasliklarini, shuning uchun, bu borada uran qazishga moratoriy e’lon qilish yoki uran qazishni taqiqlash to‘g‘risida qonun qabul qilinishini talab etmoqdalar.
-Uran qazishga litsenziya berganlarni qamalsin. Bizga uran qazishni taqiqlash bo‘yicha qaror, protokol va moratoriy kerak. Shundagina biz rozi bo‘lamiz va namoyishlarni to‘xtatamiz, - dedi mitingda faollardan biri.
Uranga qarshi mitinglarda o‘quvchilar ham qatnashmoqda
Faollar 29 aprelda Issiqko‘lda va 30 aprel kuni Bishkekda uranga qarshi norozilik yurishlarini o‘tkazishlarini bildirdilar. Ularga ko‘ra, uran qazib olinuvchi hududa aholi o‘rtasida onkologik kasalliklar va nogiron bolalar tug‘ilishi holatlari ko‘paygan.
-Men 8-maktabning 10-sinfida o‘qiyman, hukumatimizning bu qadar ikki yuzlamachiligini hech ham tushunolmayapman. Hukumat “Sizlar mamlakatning kelajagisizlar”, deb biz to‘g‘rimizda g‘amxo‘rlik qilayotganini iddao etadi, biroq amalda esa uran qazishga ruxsat berib bizning kelajagimizni zaharlayapti, - dedi mitingda so‘zlagan yosh faollardan biri.
Siyosatchi: Uran masalasini hukumat emas, Xalqaro sud hal qiladi
Issiqko‘ldagi Qizil O‘po‘l konidan uran qazish litsenziyasi Rossiya va Kanada qo‘shma korxonasi ekani aytiladigan “YurAziya” shirkatiga berilgan. Mazkur shirkat uran qazish xavfsiz texnologiyaga asosan amalga oshirilayotganini bildirgan. Shirkat Qirg‘izistonda uran qazilishiga qarshi bir necha haftadan beri o‘tkazilayotgan norozilik aksiyalari ortidan o‘z ishini vaqtincha to‘xtatib turishga rozi bo‘lgan.
Taniqli siyosatchi Ravshan Jeenbekovga mitingda so‘z berishdan bosh tortdilar. Biroq u jurnalistlarga:
-Hukumatning uran qazishni to‘xtatgani to‘g‘risidagi gaplariga ishonib bo‘lmaydi. Chunki bu masala faqat Xalqaro sudda hal etilishi mumkin. “YurAziya” shirkati shuncha sarflagan pulini indamay tashlab chiqib ketavermaydi, Xalqaro sudga murojaat qiladi. Hamma narsa sudning qanday qaror chiqarishiga bog‘liq bo‘ladi. Qirg‘izistonliklar shuni bilishi kerak, - deb aytdi.
O‘zbekiston bilan paralellar
Uran qazib olish mavzusi bevosita O‘zbekistonga ham bog‘liqdir. 2017 yilda berilgan rasmiy xabarlarga ishonilsa, O‘zbekiston dunyoda uran eksporti bo‘yicha yettinchi o‘rinda turadigan davlatdir.
Geologiya sohasini rivojlantirish konsepsiyasida belgilanishicha, 2019 yilda O‘zbekiston 3 ming 600 tonna uran qazib olmoqchi.
The Economic Times nashri 2017 yilda Hindiston o‘z atom elektr stansiyalari uchun 2 ming tonnadan ko‘proq uran sotib olish yuzasidan O‘zbekiston bilan muzokaralar olib borayotgani to‘g‘risida xabar bergan.
O‘zbekiston keyingi besh yil ichida uran zaxirasini 32 ming tonnaga ko‘paytirmoqchi. Pul miqdorida hisoblanadigan bo‘lsa, bu 1 milliard 900 million dollarni tashkil qiladi.
Biroq O‘zbekistonda uran qazib olinuvchi konlar atrofidagi ekologik vaziyat to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud emas. Faollar ham bu mavzuga e’tibor qaratganlari to‘g‘risida ma’lumotlar yo‘q.