Matbuot ko‘chki urgan poezd ag‘darilganini yozdi, rasmiylar inkor qildi. Kimga ishonaylik?

"Sariosiyo-Toshkent" poezdi ag‘darilgani to‘g‘risida Daryo sayti e’lon qilgan foto.

Qashqadaryoda ko‘chki harakatlanayotgan poezdni urib ag‘dargani haqida mahalliy matbuot xabar qilmoqda hamda xabarga mana bu suratni ilova qildi.

"Qashqadaryoning Dehqonobod tumanidagi "Chashmaihofizon" temiryo‘l stansiyasi yaqinida 1 mayga o‘tar kechasi "O‘zbekiston temir yo‘llari"ning "Dehqonobod—Boysun—Qumqo‘rg‘on" yo‘nalishida harakatlanayotgan yo‘lovchi poezdi vagonlari relsdan chiqib ketgan. Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, ag‘darilgan vagonlarning yo‘lovchilari avtobusda tashilgan. Hodisa haqida rasmiy axborot berilmagan, jabrlanuvchilar haqida ma’lumot (hozircha) yo‘q", deb yozgan Daryo — LIVE.

“Gazeta uz” ham o‘z xabarida “Qashqadaryo viloyatida «Sariosiyo-Toshkent» yo‘lovchi poezdi o‘tayotgan vaqtda ko‘chki sodir bo‘ldi. Jabrlanganlar yo‘q”, deb yozdi.

"O‘zbekiston temir yo‘llari" esa ag‘darilib yotgan vagonlarning fotosurati ta’mirlash-tiklash ishlari vaqtida olinganini, aslida vagonlar ag‘darilmaganini rasman ta’kidlamoqda.

Shirkatning 2 may kuni rasman ma’lum qilishicha, 30 aprel kuni kech soat to‘qqiz yarimlarda «Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on» temir yo‘lining Qashqadaryo viloyatidan o‘tuvchi 103-kilometrida ko‘chki tushgan. Buning oqibatida «Sariosiyo-Toshkent» yo‘lovchi poezdi bir oz vaqt harakatdan to‘xtab qolgan.

“Tuproqning ko‘chishi uchta vagonning harakatini cheklab qo‘ydi. Poezd brigadasining tezkor harakatlari natijasida yo‘lovchilar boshqa vagonlarga o‘tqazilgan va harakatni davom ettirgan. Yo‘lovchilardan hech kim jarohat olmagan. Shaxsiy buyumlar va hujjatlar keyinroq o‘z egalariga topshirilgan”, deyiladi shirkatning rasmiy xabarida.

Qudratli transport vaziri Ochilboy Ramatov nazorat qiladigan “O‘zbekiston temir yo‘llari” bu bilan mahalliy matbuotning xabarini inkor qilmoqda.

Kimga ishonaylik?

«Sariosiyo-Toshkent» yo‘lovchi poezdi bilan bog‘liq ushbu hodisa haqida bilsangiz telegramm orqali @ozodnews kanaliga yozing. Ozodlik bu voqeani siz bilan birgalikda kuzatib boradi.

Shaxsingiz sir qolishi kafolatlanadi.