«Radio Grand» Gulnora Karimovaning qamoqdagi sobiq eri Rustam Madumarov boshqargan shirkatga mansub bo‘lganini inkor etdi, ammo radio davlat foydasiga musodara qilingani to‘g‘risida sud hukmi chiqqanni tasdiqladi.
1 may kuni 101.5 FM to‘lqinidagi «Radio Grand»ga egalik qiluvchi yirik firma — EDEL VEYS-ALI 100 foiz ulushi, debitor-kreditorlari va boshqa turdagi barcha mol-mulklari bilan Yagona elektron savdo maydonchasida sotuvga qo‘yilgani xabar qilingan edi.
O‘zA mazkur firma Rustam Madumarovga mansub ekani haqida ma’lumotlar mavjudligini yozgan.
8 mayda bo‘lib o‘tadigan ochiq auksionning narxni tushirib borish yo‘li bilan, demping usulida o‘tkazilishi ko‘rsatilgan.
Boshlang‘ich narxi 7 milliard 567 million 767 ming 500 so‘m bo‘lgan firma narxi hozirda 4 milliard 142 million 518 ming 600 so‘mga tushgan.
Radio rahbari va ta’sischisi Svetlana Xonning “Radio Grand”ning Facebook sahifasida e’lon qilgan bayonotida aytilishicha, MIB vakillari “ radiostansiya aslida unga tegishli emasligini xabar qilishgan”.
- 2002 yildan “Radio Grand”ning yagona rahbari va ta’sischisi menman. 2008 yilda biz aksiyamizning 26 foizini Gulnora Karimovadan vakil bo‘lib kelgan odamga berganmiz. Madumarov haqida u paytda umuman gap bo‘lmagan. Gulnora Karimovadan odamlar kelishdi, ular orasida yurist ham bor edi. U “26 foizini berishinglar shart”, deb aytdi. Agar biz shu 26 foizni bermaganimizda ishlay olmasdik. Keyin 2008 yilda Ustavimizga dastlab Sablina Larisa Vladimirovnani, 2013 yilda esa Yemelyanova Irina Vladimirovnani menga hammuassis qilib kiritishdi. Men ularni ko‘rmaganman ham. Har yili ko‘rilgan foydaning bir qismini ularning bank hisob raqamiga o‘tkazib turganman. 2017 yilda esa sud orqali “Radio Grand”ning yana yuz foiz muassisiga aylanganman,-dedi Svetlana Xon.
Xonning aytishicha, 2018 yilning 25 mayida u MIBga chaqirtirilgan va unga 2015 yilda Toshkent viloyat Jinoyat ishlar sudi qarori bilan “Radio Grand”ga egalik qiluvchi EDEL VEYS-ALI shirkatining 100 foiz aksiyalari Rustam Madumarovga olib berilgani to‘g‘risida qaror chiqarganini bildirishgan.
- Men bu sudda qatnashmaganman, bu sudga meni chaqirtirishmagan. Toshkent viloyat sudiga bu ish yuzasidan menga ma’lumot berish to‘g‘irsidagi barcha iltimoslarim javobsiz qoldirildi,-dedi Svetlana Xon.
«Radio Grand» o‘zining Facebook sahifasida: “Ishonchimiz komilki, dahshatli xato yuz bergan, biroq qandaydir sababga ko‘ra u hali hal qilinmagan. Ammo bu hammasi emas! Xabarlardan shu ma’lum bo‘ldiki, «Grand» radiosi mo‘’jizaviy ravishda qariyb ikki barobarga arzonlashib ketgan. Qandaydir shaxs radioni qancha pulga olishini oldindan hal qilib, 8 may kunini shunchaki kutayotgandek tasavvur paydo bo‘ladi», deb bayonot bergan.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Gulnora Karimovaning biznesdagi korrupsion sxemalariga aloqador ko‘rilayotgan hamkori Rustam Madumarov 2014 yil iyunida uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilinganini ochiqlagan.