O‘zbek mulozimlari ham rus tili bilan bog‘liq bahslarga qo‘shildi

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov

Bir guruh o‘zbek ziyolilarining rus tiliga rasmiy maqom berish borasidagi taklifi ortidan bo‘layotgan bahs-munozaralarga mulozimlar ham qo‘shildi.

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov “Indamaslik — rozilik alomati emas”, deya ta’kidladi.

O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, Xalqaro press-klub boshlig‘i Sherzod Qudratxo‘jaev “Milliy til ikkitadan bo‘lishi mumkin emas”, degan fikrni bildirdi

Shuningdek, ayrim partiyalar ham ushbu bahslardan chetda qolmadi.

Ayni paytda hukumat rasmiylari bu borada biror bayonot berganicha yo‘q.

Vazir Shermatov: Indamaslik — rozilik alomati emas

O‘zbekiston Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov 4 may kuni Feysbukdagi sahifasida davlat tiliga rasmiy maqom berish borasida bo‘layotgan bahs-munozaralarga qo‘shilib, bu boradagi o‘z fikrlarini bildirdi:

«O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga bu yil 30 yil to‘ladi. Biz bu sanani yaxshilab nishonlashga tayyorgarlik qilish o‘rniga, qaysidir «ziyolilar»ning rus tilini ham rasmiy til etib belgilash kerak degan taklifiga indamay o‘tiribmiz...

«Indamaslik — rozilik alomati» deb qabul qiladiganlar ham topilib, bu qaysidir «ziyolilar» pozitsiyasi emas, aynan Davlat tomonidan oldinga surilgan taklif, deb ham talqin qilayotganlarni ko‘rib, o‘z fikrimni bildirishim zarurligini tushunib etdim».

Vazir Shermatov chet tillarni o‘rganishni qo‘llagan holda, o‘z ona tilini esdan chiqarmaslik lozimligini ta’kidlaydi:

«O‘z tilimizdan va millatimizdan g‘ururlanish hissiga ega bo‘lsakkina mamlakatimiz rivojlanishiga erisha olamiz».

Rektor Qudratxo‘jaev: Milliy til ikkita bo‘lishi mumkin emas

O‘zi ham rus tilida tahsil olganini ta’kidlagan Sherzod Qudratxo‘jaev “Insonda ona Vatan, ota-ona va milliy til ikkitadan bo‘lishi mumkin emas”, deydi Feysbuk tarmog‘idagi sahifasida e’lon qilgan posti orqali:

“Bu masalani ko‘tarayotgan bir guruh katta avlod vakillari yoshlarga namuna bo‘lish o‘rniga, yana o‘sha eski zamonni, “sotsialistik” o‘tmishni qo‘msayotganini tushunish juda ham qiyin, albatta. Hurmatli keksa avlod vakillari, avvalo shuni bilinglar: o‘sha mash’um sovet davri endi qaytib kelmaydi, orqaga qaytadigan ko‘priklar yonib ketgan. Orqaga qaytuvchi yo‘llar ham qolmadi. Millat ham o‘zgardi, O‘zligini qaytarayotgan millat bu».

Milliy tiklanish partiyasi: O‘zbek tili- yagona davlat tilidir

O‘zbekiston Milliy tiklanish partiyasi ham ushbu bahslarga qo‘shildi. Partiya saytida e’lon qilingan «O‘zbek tili- yagona davlat tilidir» sarlavhali maqolada rus tiliga davlat maqomi berish taklifi qoralanadi:

«Internetda o‘zbek tilining qo‘llanish doirasini kengaytirish, uni butun dunyo global tarmog‘ida munosib o‘rin egallashi uchun sa’y-harakat qilinayotgan bir paytda bunday taklif bilan chiqish mavhumlikdan, odamlarni chalg‘itishdan o‘zga narsa emas».

Partiya o‘zbek tili bilan bog‘liq muammolarni sanab, ularni bartaraf qilish va o‘zbek tilini rivojlantirishda ziyolilarni hamkorlikka chaqiradi.

"Yuksalish" harakati: Boshqa tilga maxsus maqom berish maqsadga muvofiq emas

Joriy yil prezident Mirziyoev farmoni asosida tashkil qilingan "Yuksalish" umummilliy harakati ham ​ushbu bahslarga qo‘shildi.

“Yuksalish” umummilliy harakati ma’lum bir tilga O‘zbekiston hududida maxsus maqom berilishini maqsadga muvofiq deb hisoblamaydi. ​Chetdan kirib kelayotgan har qanday xorijiy til ta’siri ona tili va milliy madaniyatga soya solishi mumkin...

Bundan tashqari, ko‘p millatli O‘zbekistonda yuridik jihatdan ma’lum bir tilga davlat tiliga teng bo‘lgan maxsus maqom berilishi jamiyatda qandaydir darajada keskinlik, uning bo‘linishi va etnik qarama-qarshiliklarni yuzaga keltirishi mumkin".

Bir guruh ziyolilarning rus tiliga davlat tili maqomi berish tashabbusi

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning 2 may kuni O‘zbekistonga qilgan rasmiy tashrif arafasida 20 ga yaqin o‘zbekistonlik rus tilli ziyoli rus tiliga rasmiy maqom berish taklifi bilan chiqdi.

Oralarida Xalq artistlari¸ taniqli rassom va kinochilar bo‘lgan tashabbuschilar taklifi Kreml propagandasining tarkibiy qismi ko‘rilgan nashrda e’lon qilindi.

Ozodlikning aniqlashicha, bu tashabbus “Rossotrudnichestvo” Federal agentligi moliyaviy ko‘magi asosida faoliyat yuritadigan Toshkentdagi rus madaniyat markazining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanada muhokama qilingan¸ imzo to‘plash vazifasini jurnalist A’lo Xodjaev o‘z zimmasiga olgan.

Taklif o‘zbek ommaviy axborot vositasi sifatida rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan, lekin O‘zbekistonda Rossiya manfaatlarini targ‘ib qilib keladigan Vesti.uz saytida e’lon qilindi.

Ozodlik O‘zbekiston hukumatiga taklif bilan chiqqan bu tashabbuschilardan ayrimlari bilan suhbatlashdi. Taniqli multiplikator Nozim To‘laxo‘jaev¸ SSSR xalq artisti Bernora Qorieva Ozodik bilan suhbatda “o‘zbek millatining madaniy-marifiy rivojida shakllantiruvchi rol o‘ynagan rus tiliga rasmiy maqom berilishi adolat tantanasi” bo‘lajagini urg‘uladi.

Gorbachev sovg‘asi

O‘zbekistonda Mixail Gorbachyov boshlab bergan oshkoralik siyosati tufayli millat o‘z davlat tilini belgilash huquqiga ega bo‘lgan edi.

1989 yil 21 oktabrda O‘zbekiston Oliy Soveti tomonidan O‘zbekistonda davlat tili haqidagi qonun qabul qilingan edi.

“Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun matbuotda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ko‘pchilik ziyolilar o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishini qo‘llab-quvvatlagan edi.

Ayni paytda¸ oradan 30 yil o‘tib ham o‘zbek tilining davlat tili maqomi darajasiga ko‘tarilmagani e’tirozlarga sabab bo‘lib kelmoqda.