Toshkent, Nukus, Xiva va Namangan shaharlarida yangi o‘quv yilidan ish boshlaydigan Prezident maktablariga potensial o‘quvchilardan hujjatlarni qabul qilish 1 iyundan boshlanadi.
Bu ma’lumotni Ozodlik “O‘zbekiston Respublikasi prezident maktabi” loyihasi mas’ul xodimidan oldi.
Davlat rahbari "Prezident maktablarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni 2019 yil, 20 fevralda imzolagan edi.
Prezident maktablarida o‘qish ingliz tilida olib boriladi va aynan shu holat, maktablar ochilmay turiboq, jamoatchilik tanqidiga uchrashga ulgurgan.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Farzandini Prezident maktabiga bermoqchi ota-onalar o‘qisin
“O‘zbekiston Respublikasi Prezident maktabi” loyihasining o‘zini Ilhom, deb tanishtirgan menejeri 28 may kuni Ozodlik savollariga javoban quyidagi ma’lumotlarni berdi:
- Prezident maktablari bu yil faqat 4 ta hudud:Toshkent, Nukus, Xiva va Namangan shaharlarida ochiladi;
- O‘quvchi faqat o‘zi yashayotgan hududdagi Prezident maktabiga qabul qilinadi;
- Prezident maktabi bu yil ochilmaydigan viloyatlardagi bolalar bunday maktablar ochilgunicha kutib turishga majbur; (XTV Axborot xizmatiga ko‘ra, Prezident maktablari Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida 2020 yili, Andijon, Navoiy, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida 2021 yili ochiladi);
- Prezident maktabi Maktab-internatdir. O‘quvchilar haftaning 5 kunida kecha-kunduz o‘quv yurtida bo‘ladi, dam olish kunlarini o‘z uyida o‘tkazishi mumkin;
- Prezident maktabi bepul. O‘quvchining o‘quv qurollari, kiyim-boshi, ovqat-ozig‘i uchun harajatlar to‘laligicha davlat zimmasida; ota-onalar “bir tiyin ham to‘lamaydi”;
- Prezident maktabiga kirish uchun 3 ta hujjat, shu jumladan joriy o‘quv yili yakuni bo‘yicha baholar tabeli topshiriladi. “Hujjatlar sinovi”dan o‘tgan o‘quvchilar imtihon topshiradi;
- Imtihonni angliyalik mutaxassislar qabul qiladi;
- Hujjatlarni onlayn (pm.xtv.uz sayti orqali) yoki quyidagi manzillarga shaxsan borib topshirish mumkin:
- Toshkent shahri - Mirzo Ulug’bek tumani, Salom ko’chasi, 1;
- Nukus shahri - Olloyor Doʻstnazarov koʻchasi,
- Ibrohim Yusupov nomli Davlat ixtisoslashgan maktab internati;
- Xiva shahri - R.Majidiy ko’chasi, 12 Xiva shahar xalq ta’limi bo’limi;
- Namangan shahri - Boborahim Mashrab ko‘chasi, Barkamol avlod bolalar markazi;
Bu ma’lumotlarni bergan “O‘zbekiston Respublikasi Prezident maktabi” loyihasi menejerining Ozodlikka yana aytishicha, kirish imtihonlari o‘zbek (qoraqalpoq) va ingliz tillarida qabul qilinadi. Imtihonlar qachon va qaerda o‘tkazilishi qo‘shimcha xabar qilinadi.
Prezident maktabining tashkiliy jihatdan oddiy maktabdan farqi nimada?
Xalq ta’limi vazirligi Axborot xizmatiga ko‘ra, Prezident maktabining yillik qabul kvotasi 24 o‘quvchidan iborat bo‘lib, 2 ta sinfga bir xil: 12 nafardan o‘quvchi taqsimlanadi. Birinchi o‘quv yilida 5−10-sinflar uchun har bir maktab 144 nafardan o‘quvchi qabul qiladi.
“Prezident maktabi” loyihasiga ko‘ra, bu yil qabul qilinadigan 10- sinf kelasi yili 11- sinf bo‘ladi va maktab tugal shakllantiriladi.
Tugal shakllantirilgach, Prezident maktabida hammasi bo‘lib 14 ta sinf bo‘ladi, har bir sinfda esa, 12 nafardan ortmagan o‘quvchi o‘qiydi.
Prezident maktabi ishga tushiriladigan yilda 5- sinfdan tashqari 6-, 7-, 8-, 9- va 10- sinflarga ham o‘quvchi qabul qilinadi, ikkinchi yildan boshlab esa, o‘quvchilar faqat 5- sinfga qabul qilinadi.
“Prezident bolalari” nimani o‘qiydi?
“Prezident maktabi” loyihasi rasmiy saytiga ko‘ra,
Prezident maktab-internatlarida o‘qitish uchun STEAM ta’lim tizimi tanlangan. STEAM Science (Fan), T – Technology (Texnologiya), E – Engineering (Muhandislik), A – Art (San’at) va M – Mathematics (Matematika) so‘zlari bosh harflaridan tuzilgan qisqartma otdir.
Prezident maktabida STEAM fanlari 5-sinfdan boshlab ingliz tilida o‘qitiladi.
Tanqidga uchragan vazir yoki Tabaqalanishga qarshilar ovozi
Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov joriy yil erta bahorida ijtimoiy tarmoqlar orqali ota-onalarga “Farzandingiz Prezident maktablarida o‘qishini istasangiz, ingliz tilini o‘rgatishni boshlang”, degan chaqiriq bilan chiqqan, vazirning bu chaqirig‘i jamoatchilikda munozara uyg‘otgan, munozara mahalliy matbuotga ham ko‘chgan edi.
Xususan, “Ishonch” gazetasida e’lon qilingan ochiq xat muallifi Prezident maktablari uchun ingliz tilini bilish asosiy shart qilib qo‘yilayotganini tanqidiy baholar ekan, jumladan, bunday yozgan:
“Biz ona tilimiz, milliy-diniy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz oyoqosti qilingan, xo‘rlik-sitamlarni boshidan o‘tkazgan xalqmiz. Mustaqilligimizga 28 yil, “Davlat tili haqida”gi qonunni qabul qilganimizga 30 yilga yaqin vaqt bo‘layotgan esa-da, tilimiz hali-hamon biz istagan darajada o‘z nufuziga ega bo‘lganicha yo‘q”.
Ijtimoiy tarmoqlardagi bahsga qatnashgan ayrimlar esa, maktablarni "Prezident maktabi" tarzida tabaqaga ajratmay, barcha maktablarni birday rivojlantirish lozimligi to‘g‘risida fikr bildirgan.
Xos maktablarni tashkil etishdan maqsad nima?
Bu savol javobi Shavkat Mirziyoev 2019 yil, 20 fevralda imzolagan "Prezident maktablarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda mavjud. Unda qayd etilishicha, maqsad “iqtidorli bolalarni aniqlash, tanlash va o‘qitish, ularning har tomonlama rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, shuningdek o‘quvchilarning intellektual, ilmiy va ijodiy salohiyatini ochib berish”dir.
Qarorda boshqa bir qator maqsad va vazifalar sanab o‘tilgan.
Mirziyoevning ta’lim sohasidagi islohoti
O‘zbekistonning Birinchi prezidenti Islom Karimovning o‘limidan so‘ng davlat tepasiga kelgan Shavkat Mirziyoev boshqa sohalar qatorida xalq ta’limi sohasini ham isloh qilishga urinmoqda.
Karimov davrida shakllantirilgan 9 yillik umumiy ta’lim + 3 yillik kasb ta’limi tizimini Mirziyoev bekor qildi, mamlakat bo‘ylab qurilgan yuzlab kollej binolari bo‘shab qoldi.
9+3 sxemasi bo‘yicha 12 yillik umumiy majburiy bepul ta’lim tizimi 1997 yil 29 avgustda imzolangan "Ta’lim to‘g‘risida"gi qonun va Kadrlar tayyorlash milliy dasturi asosida joriy qilingan edi.
O‘tgan yili O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 11 yillik ta’limni qayta tikladi. O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligiga ko‘ra, bu yil 279 ming nafar o‘quvchi 11 yillik ta’lim tizimining ilk bitiruvchilari bo‘ldi.