Suriyadan qaytarilgan 156 kishining 154 nafari Toshkent viloyatidagi “Bo‘ston” sanatoriyasida saqlanmoqda. Mahalliy nashrlarning bu haqdagi xabarlaridan ularning DXX nazorati ostida ekanligi anglashiladi.
Mahalliy axborot vositlariga intervyu berayotgan ayollar hozircha xavfsizlik xizmatlari tomonidan so‘roq-savolga tutilmagani, asosan ruhiy va jismoniy sog‘liqni tiklash jarayonidan o‘tayotganini aytmoqda.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi, Ozodlikning qo‘shimcha ma’lumotlar uchun qilgan murojaatiga javoban, Suriyadan qaytarilganlarning sha’ni va shaxsiy daxlsizligiga ta’sir ko'rsatmaslik uchun ularga oid ma’lumotlar oshkor etilmasligini bildirdi.
Sanatoriydagi bayram
“Bo‘ston” sanatoriysidan turib, mahalliy axborot nashrlariga intervyu berayotgan ayollar qaytganidan buyon ularga juda yaxshi munosabatda bo‘lishayotganini aytib, prezident Mirziyoevga minnatdorlik bildirmoqdalar.
- Kelganimizdan beri DXX tomonidan hali bizni so‘roq-savolga tortishmadi, bosim bo‘lmadi... Kelganimizdan juda baxtiyorman, buni sizga so‘z bilan aytib berolmayman, - deydi jumladan Kun.uz nashriga intervyu bergan ayollardan biri.
Ushbu nashr hozirlagan videolavhadan ko‘rinishicha, ayollar va bolalar bilan maxsus hozirlangan shifokor va psixiologlar ishlamoqda.
“O‘zbekiston24” telekanali esa 1 iyun kuni bu sihatgohda qaytarilganlar uchun bayram tadbiri uyushtirilgani va unga prezidentning kichik qizi Shahnoza Mirziyoeva borgani haqidagi videoreportajni uzatdi.
Mahalliy axborot vositalarida berilgan videomateriallarda, asosan, ayni ayollar intervyu berayotgani, bundan tashqari ayollardan faqat ba’zilariga yaqinlari bilan ko‘rishish uchun ruxsat berilganini ko‘rish mumkin.
Maxsus komissiya bayonoti
Suriyadan qaytarilganlar bilan ishlayotgan Maxsus hukumat komissiyasi tarqatgan bayonotga ko‘ra, qaytarilganlardan ikki nafari – hozirda bu sihatgohda emas.
Bulardan biri – sil kasalligiga chalingani uchun shifoxonaga yotqizilgan, yana biri esa Suriyadagi qamoqxonadan olib kelingani uchun tergov-surishtiruv ishlari doirasida DXX nazoratiga olingan.
Maxsus komissiya bayonotida qaytarilganlar “xorijiy jangari-terroristlar bilan aloqador hamda terrorizm qurbonlari bo‘lishi mumkin bo‘lgan ayollar va bolalar”, deb ta’riflangan.
Shuningdek, bu bayonotda qaytarilgan 156 kishining 48 nafari ayol, 107 nafari voyaga yetmagan bola (jami 155 kishi) ekani aytildi.
Ozodlikning “Yana bir fuqaro – erkak kishimi va aynan shu erkak qamoqxonadan olib kelingan hamda hozirda tergovga tortilgan kishimi?” degan savolini esa huquq-tartibot idoralari hozircha ochiq qoldirmoqda.
Shuningdek, Ozodlikning bu ayollar bilan intervyu qilish so‘rovi ham qondirilmadi.
Kurdlar lageridan qaytganlar
Mahalliy nashrlarga intervyu berayotgan ayollarning aytishicha, ularning aksariyati Suriyaning Xasaka viloyatiga yaqin hududda joylashgan Suriya demokratik kuchlar (SDK) nazorati ostidagi lagerdan olib kelingan.
Ayni paytda, SDK – Suriyaning shimoli-sharqida IShID ("Islom davlati" ekstremistik guruhi - tahr.) ga qarshi kurashgan qurolli guruhlarni birlashtirgan ittifoqdir. Bu ittifoqning rahbariyati, asosan Kurd qurolli guruhlari qo‘lidadir.
Ushbu gurh nazoratidagi “Al-Xol” lagerida esa dunyoning 43 mamlakatidan borib, IShID safida jang qilgan yoki IShID nazorati ostidagi hududlarda yashagan chet elliklar va ularning oilalar saqlanmoqda.
Mahalliy axborot vositalariga intervyu berayotgan ayollar bu lagerda yana ko‘plab vatandoshlari qolganini aytmoqdalar.
- 5 oy lagerda juda qiynaldik. Oxiri bizga O‘zbekistonga deportga ruxsat tegdi, deb xabar tarqatishdi. O‘shanda biz borib, ro‘yxatga turdik. Lekin, eshitmay qolganlar ham bo‘ldi. Ular keyin kelib ro‘yxatga turishdi. Lekin ularni tezda chiqarishmas ekan, ular qolishdi, - deydi Kun.uz nashriga intervyu bergan ayollardan biri.
Ayollarning aytishicha, ayni paytda lagerda ortga qaytishni istamagan o‘zbekistonlik ayollar ham bor.
Ozodlikda 30 mayga qadar mavjud ma’lumotga ko‘ra, Suriyaning shimoli-sharqidagi birgina "Al-Xol" lagerida 150 nafardan 500 nafarga qadar o‘zbekistonlik saqlanayotgan edi.
Xavotirlar
"Al-Xol" lageri rahbariyati bergan ma’lumotga ko‘ra, hozirda ushbu lagerda yig‘ilgan 80 mingga yaqin odamning katta qismi Bog‘uz shahri – IShID ("Islom davlati" ekstermistik guruhi - tahr) jangarilari bilan SDK qurolli ittifoqi o‘rtasidagi oxirgi og‘ir janglar borgan hududdan chiqqan.
Iroqda ishlayotgan xorij gumanitar tashkilotlaridan birining vakili bu mintaqadagi so‘nggi janglarda ayollar ham erkaklar bilan bir safda turib, jang qilgani haqidagi ma’lumotga ega ekanini aytmoqda.
(Bu vakil muqaddam IShID safida bo‘lgan jangarilarni yurtiga jo‘natish bo‘yicha hokimiyatlar o‘rtasidagi munosabatlarning o‘ta konfidentsial o‘tayotgani bois, shaxsini oshkor qilmaslikni so‘radi.)
“Mendagi ma’lumotlarga ko‘ra, erkaklarning ko‘pi janglarda o‘lib ketgach, ayrim ayollar ham faol jangda qatnashgan va SDK kuchlariga qarshilik ko‘rsatgan. Ammo, urush boy berilgach, jang hududlarini tark etib, kurdlar boshqarib turgan “Al-Xol” lageriga kelishgan. Shu bois, men bu lagerdan borayotgan fuqarolarga hukumatlar juda hushyorlik bilan munosabatda bo‘lish kerak, deb hisoblayman”, deydi Suriyadagi Markaziy osiyoliklarning yurtiga qaytarish jarayonidan xabardor ekspert.
Prezident bayonoti
Toshkent viloyati faollari bilan yig‘ilishda prezident Mirziyoev Suriyadagi ayollar va bolalarni qaytarish uchun maxsus tashkil qilingan “Mehr” operatsiyasini amalga oshirish qiyin bo‘lganini ta’kiladi.
Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Mirziyoev o‘zbekistonliklarning Yaqin Sharqdagi urush bo‘layotgan hududlarga ketib qolish sababini O‘zbekistondagi og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy ahvol bilan bog‘lagan va qaytarilganlarga "chora ko‘rmasligini" aytgan.
"Mana, 156 nafar yurtdoshimizni Yaqin Sharqda urush bo‘layotgan joydan olib keldik. Xo‘sh, ular nima uchun ketgan? Ahvolimiz harob bo‘lgani uchun, sharoit bo‘lmagani uchun ketgan. Lekin u yerda nima bo‘ldi? Xotin-qizlarimizni sotishdi, beshta bola beshta otadan, 14 yoshli qiz tuqqan. Shu holat bizga yarashadimi? Men konstitutsiyaga ko‘ra, ularga chora ko‘rishim kerak, aslida. Lekin men unday qilmayman. Chunki, ular o‘zbek, bizning Vatandoshlarimiz!.. Ularni Vatanga olib kelish juda qiyin bo‘ldi. Qancha davlatlar bilan gaplashdik. Samolyotni u yoqqa qo‘ndirish, terroristlarni qo‘lidan olib chiqish oson emas. Lekin qaytardik - nima bo‘lgandayam ular bizning vatandoshimiz. Endi nima qilish kerak? Nuroniylar, jamoatchilik qayoqqa qarayapti? Kim buni tushuntiradi? Bunday narsalar hammamizni o‘ylantirishi, qiynashi kerak", dedi prezident.
O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboeva Yaqin Sharqdagi nizoli hududlardan ayollar va bolalarni olib kelish amaliyoti davom etishini bildirgan.
Ayni paytda, Suriyada yana qancha o‘zbekistonlik qolmoqda, ularning qanchasi ayollar-bolalar va yana qanchasi erkaklar, degan savolni ham O‘zbekiston rasmiy idoralari kelgusi qutqaruv amaliyotlari xavfsizligini ta’minlash vaji bilan javobsiz qoldirmoqda.