Exit poll: Nazarboev qo‘llagan nomzod - Toqaev 70 foiz ovoz oldi (VIDEO)

Qasim-Jomart Toqaev, 9 iyun, 2019 yil, Nur-Sulton

* Qozog‘istonda qariyb 30 yilda ilk bor Nursulton Nazarboevning nomzodi qo‘yilmagan prezident saylovi bo‘ldi va u qo‘llagan nomzod 70 foiz ovoz oldi.

* Nazarboev shu yilning mart oyida iste’fo bergach, uning o‘rniga prezident vazifasini bajarishga kirishgan Qasim-Jomart Toqaev muddatidan avval saylov e’lon qildi.

* 7 nomzod prezidentlik uchun kurashmoqda. Bulardan biri - Toqaev nomzodini Nazarboev rahbari bo‘lgan partiya ilgari surdi. Saylovda aynan uning g‘alaba qozonishi bashorat qilingan.

* Nur-Sulton va Olmaota shaharlarida saylovni boykot qilishga chaqirig‘i bilan yuzlab odam ko‘chaga chiqdi. 500 ga yaqin namoyishchi, shu jumladan Ozodlik va boshqa xorij jurnalistlari, huquq faollarini politsiya qisqa muddatga hibs qildi.

Rasmiy ma’lumot

Markaziy saylov komissiyasi dastlabki natijalarga ko‘ra, "Nur-Otan" partiyasidan nomzod Qasim-Jomart Toqaev 70 foizdan ortiq ovoz olganini bildirdi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, soat 18 ga qadar saylovchilarning qariyb 73 foizi ovoz berib bo‘lgan.

Ovoz berish uchastkalari ertalabki soat 7da ochildi. Saylov mahalliy vaqt bilan kechki soat 8 ga qadar davom etdi. Shuningdek, mamlakat tashqarisida 65 ta ovoz berish uchastkasi ochildi.

Markaziy saylov komissiyasiga ko‘ra, rasmiy natijalar esa 11 iyundan kech qolmay, e’lon qilinadi.

Ayni paytda, qator axborot vositalari jurnalistlari va huquq faollari ovoz berish uchastkalarida qonunbuzarliklarga guvoh bo‘lganini xabar qildi.

TASS - Rossiya axborot agentligining xabar qilishicha, Nur-Sulton shahrida ovoz bergan Qasim-Jomart Toqaev fuqarolarni iqtisodiy va ijtimoiy muammolar tashvishga solib turganini e’tirof etgan.

"Aynan shu bois ham saylov mamlakatni kelgusida kim boshqarishi, mamlakatimiz kelajagini belgilash uchun juda yaxshi imkoniyatdir", degan Toqaev.​

Zero, Toqaevning g‘alaba qozonishi bashorat qilinayotgan saylovdan norozi namoyishchilarning asosiy qismi shu shahardagi bosh maydon - Astana maydoniga yig‘ilgan.

Quyida Ozodlik radiosi qozoq xizmatining saylovlardan hozirlagan jonli dasturini ko‘rishingiz mumkin:

Namoyishlar

9 iyun kuni ertalabdan Olmaota markazida yig‘ilgan yuzlab namoyishchini politsiya qo‘lga oldi.

Norozilar saylovlarni haqqoniy o‘tkazish talabi bilan qo‘llarida "Olg‘a, Qozog‘iston!", "Ozodlik!" kabi shiorlarni ko‘tarib kelishdi.

Politsiya qo‘lga olgan o‘nlab kishi orasida Ozodlik radiosi qozoq xizmati muxbiri ham bor edi. Uni qisqa muddat ichida ozod qilishdi.

U politsiya mashinasida ketayotgan paytda tasvirga olishga ulgurgan videoni quyida tomosha qilishingiz mumkin:

Nomzodlar

Qozog‘iston prezidenti lavozimga yetti nomzod da’vogarlik qilmoqda.

Bular amaldagi prezident, “Nur-Otan” partiyasidan Qasim-Jomart Toqaev, “Buyuk dasht burgutlari” respublika jamoat birlashmasidan Sadibek Tugel, kasaba uyushmalari Federatsiyasidan Amangeldi Taspixov, “Aq jol” partiyasidan Daniya Espaeva, “Auil” partiyasidan Toleutay Rahimbekov, Qozog‘iston Kommunistik xalq partiyasidan Jambil Axmetbekov va “Millat taqdiri” birlashgan milliy-vatanparvar harakatidan Amirjan Kosanovdir.

Nomzodlar orasida xotin-qizlardan ham bor. U “Aq jol” partiyasidan nomzod Daniya Espaevadir.

Qozog‘iston prezidenti saylovini kuzatish uchun o‘nlab xalqaro tashkilotlardan mingdan ziyod xalqaro kuzatuvchi kelgani xabar qilindi.

O‘zA axborot agentligining xabar qilishicha, o‘zbekistonlik davlat va jamoat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari xam Qozog‘istonda bo‘lib o‘tadigan saylov jarayonlarini kuzatish uchun ushbu mamlakatga yetib borgan.

Nazarboev hokimiyati

1991 yildan beri mamlakatda o‘tkazilgan prezidentlik saylovlarining birortasi xalqaro tashkilotlar tomonidan erkin va haqqoniy, deb tan olinmagan.

Nursulton Nazarboev iste’fo berganidan buyon mamlakatda siyosiy islohot va odil saylov so‘rovi bilan qator yirik namoyishlar bo‘lib o‘tdi.

Namoyishlarni uyushtirgan ko‘plab faollar qo‘lga olindi, jarimaga tortildi yoki qamaldi.

Qozog‘istonlik onalarni birlashtirgan guruh esa mamlakatdagi iqtisodiy-ijtimoiy ahvolning yaxshilanishini talab qilib, so‘nggi oylar ichida bir necha yirik ko‘cha yurishlari va mitinglar uyushtirdi.

Garchi, iste’fo bergan bo‘lsada, Nazarboev hanuz hokimiyatning muhim bo‘g‘inlari nazoratini qo‘lida ushlab turibdi.

Asosan, gaz va neftdan kelgan boylikka tayangan Nazarboev hokimiyati yillar davomida fuqarolarining asosiy haqlari bo‘lmish - so‘z erkinligi, e’tiqod va siyosiy qarashlarini keskin cheklagani uchun tanqid qilib kelingan.

Nursulton Nazarboevga qizi - parlament spikeri Darig‘a Nazarboeva ko‘krak nishonini qadamoqda, 6 iyun, 2019 yil