Qirg‘izistonda Chuy viloyatining rahbari Tuygunali Abdraimov jurnalistga qo‘pol muomalada bo‘lgani oqibatida lavozimidan bo‘shatildi. Bu boradagi buyruqni 10 iyun kuni Bosh vazir Muhammedkaliy Abilgaziev imzoladi.
Tuygunali Abdraimov 5 iyun kuni So‘quluq tumanidagi O‘ro‘q qishlog‘ida sodir etilgan ommaviy mushtlashuv ortidan voqea joyiga borgan ayol jurnalistlardan biriga qo‘pol muomalada bo‘lib: “Sizning yuzingiz menga yoqmayapti”, deb aytgan edi.
Viloyat rahbari jurnalistning: «Siz viloyatga mas’ul odam sifatida nimaga voqea joyiga juda kech yetib keldingiz? Shu vaqtgacha qaerda yurdingiz?” degan savoliga mana shunday javob bergan.
O‘ro‘q qishlog‘ida ommaviy mushtlashuv 5 iyun kuni Ramazon hayit namozidan keyin sodir bo‘lgan. Tuygunali Abdraimov esa qishloqqa tushdan keyin borgan.
Bu voqea internetda tezda yoyilib ketdi va jurnalistlar orasida ijtimoiy tarmoqlarda “Men jurnalistman. Mening yuzim o‘zimga yoqadi. Menga hukumatimizning yuzi yoqmaydi” deb nomlangan tadbir boshlanib ketgan edi. Yuzlab odamlar Chuy viloyati rahbarini ishdan bo‘shatilishini talab qilib chiqdi.
6 iyun kuni viloyat hokimiyatiga norozilik bildirib borgan o‘nlab jurnalistlarga Tuygunali Abdraimov o‘z harakatidan uyalmasligini va jurnalist ayoldan kechirim so‘ramasligini aytgandi.
-Jurnalist menga to‘g‘ri savol berdi, ammo uning bu savolni bergandagi ohangi noto‘g‘ri edi. Salomat bo‘linglar, - degan Tuygunali Abdraimovni muxbirlar “Sharmanda, sharmandagarchilik” degan hayqiriqlar bilan kuzatib qolgan edilar.
Siyosatshunos Akilbek Sariev voqeani sharhlar ekan:
-Bosh vazir o‘z komandasi bilan hokimiyatga kelganidan keyin o‘z xodimlarining harakatlariga ham javobgardir. U hukumat obro‘sini saqlab qolishni istagan holda, viloyat rahbarini ishdan bo‘shatdi,-deb fikr bildirdi.
Bloger Elan Abdikerimov fikricha, hukumatning Chuy viloyati bo‘yicha muxtor vakili Tuygunali Abdraimov bilan bo‘lib o‘tgan voqea bugungi hukumatga aholi qanday munosabatda ekanini ko‘rsatuvchi yorqin dalil bo‘ldi:
-Hukumat vakili noto‘g‘ri gaplarni aytdi, ammo u xatosini tan olishni istamadi. Ammo bu yerda gap boshqa narsada. Bu voqea jamoatchilikning hukumatga nisbatan nafratini oshkor qildi. Voqea ortidan xalq iste’foni talab qila boshladi. Abdraimov voqeasi xaypka aylanib ketdi. Jurnalistlar hukumat vakilining harakatiga baho beribgina qolmay, hukumat vakilining qo‘rqmasdan mana shunday harakatlar qilishiga nimalar sabab bo‘ldi, degan savol atrofida tahlil o‘tkazishlari zarur ,- dedi bloger.
Qirg‘iziston Konstitutsiyasida hech bir shaxs jinsi, tili va boshqa o‘zgachaliklari uchun ta’qib qilinmasligi kafolatlangan.
Konstitutsiya har bir odamga axborot olish huquqini kafolatlaydi. Ammo mamlakatning hech bir qonunida “jurnalistning afti-angori yoqmay qolsa, hukumat rasmiysi unga ma’lumot bermaslikka haqqi bor”, degan modda mavjud emas.