14 iyun kuni Qashqadaryodagi G‘uzor agrobiznes kolleji o‘quvchilaridan korrupsiyaga qarshi kurash mavzusida “insho” yozdirib olindi.
O‘quvchilarning Ozodlikka aytishicha, muhrlangan daftarlarga yozilgan va Toshkentga jo‘natilishi aytilgan insholarni o‘qituvchilar ularga diktant tarzida yozdirgan.
O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus va’lim vazirligi Ozodlik so‘rovidan so‘ng ushbu holatni o‘rganishni boshladi.
G‘uzorcha insho
G‘uzor agrobiznes kolleji o‘quvchilari nomidan Ozodlikka bog‘langan o‘quvchilar ularga insho o‘rniga diktant yozdirilganini ko‘zbo‘yamachilik deb atashdi.
“Bir kun avval domlamiz “Korrupsiyaga qarshi kurash mavzusida insho yozasizlar. Insholar tanlovi bo‘ladi”, dedi. Biz bugun insho yozishga tayyorlanib kelsak, ular inshoni diktantga aylantirib yuborishdi. Boshida direktor “Jamiyatda ko‘rib turganingiz korrupsiya holatlarini ochiq yozing”, dedi. Lekin kattalar chiqib ketgach, domlamiz Shahlo opa qo‘liga varaqni olib, dona-dona qilib, aytib turib, diktant tarzida yozdirdi. O‘z bilganimizni yozmoqchi edik, qo‘yishmadi. Hamma o‘quvchining inshosi bir xil bo‘lib qoldi. O‘zi korrupsiya haqidagi mavzu bo‘lsa, ular shu yerda ham ko‘zbo‘yamachilik qilishdi”, dedi 14 iyun kuni Ozodlikka bog‘langan kollej o‘quvchisi.
Ozodlikka jo‘natilgan video va audiolarda bir o‘qituvchi ayolning o‘quvchilarga aytib, turib diktant yozdirayotgani aks etgan.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
G‘uzorcha rasmiyatchilik
O‘quvchilarning Ozodlik bilan suhbatda aytishicha, 14 iyun kuni ular “insho yozish”idan avval tuman huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazilgan.
“Kollejning sport zaliga sinf xonalaridagi partalarni olib chiqib qo‘yishgan ekan. Xuddi institutga imtihon topshirayotgandagi kabi holat. Sport zali plakatlar bilan bezatilgan. Boshida rasmiyatchilik qismini o‘tkazishdi. Hammasini nomiga qilishdi. G‘uzor ROVD nachalnigi ham keldi. U o‘tirib suratga tushdiyu darrov ketdi. “Men kollejga keldim”, deb hisobot berishi uchun tushdi shekilli rasmga. Ta’lim boshqarmasidan ham vakil keladi deyishdi. Direktor, zamdirektor gapirib, “Bu insho Vazirlikka ketadi. Hammang xato qilmasdan to‘g‘ri yoz”, deb, chiqish ketishdi”, deydi yana bir o‘quvchi bola.
Ozodlikka jo‘natilgan suratlardan birida sport zalidagi plakat tasvirlangan. Unga “Korrupsiya – adolat kushandasi” degan yozuv yozilgan.
Muhrlangan daftarlar
O‘quvchilarga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi kurash mavzusidagi “insho” faqat kollejning bitiruvchilariga yozdirilgan.
“Faqat oxirgi kursda o‘qiydiganlarga yozdirishdi. Kollejda 5 ta guruh bor. Hamma guruh yozdi. Qo‘limizga 12 varaqlik daftar berishdi. “Jami 6,5 varaq yozasizlar” deyishdi. Daftarning shu varaqlariga pechat bosishgan. Kollejning pechati. Rasmiyatchilik soat to‘qqiz yarimlarda boshlandi. Keyin biz soat o‘nda yozishni boshladik. Domla bitta so‘zni o‘n martalab qayta-qayta aytib turib yozdirdi. Soat 12 yarimda yozishni tugatdik”, deydi o‘quvchilardan biri.
Ozodlikka jo‘natilgan suratlarda daftarlar varag‘ining tepa qismi chap tomoniga muhr qo‘yilgani aks etgan.
“Chala yozganlar daftarini domlalar to‘g‘rilashdi”
O‘quvchilarning aytishicha, ular “insho”ni chala yozgan o‘quvchilarning daftarlarini o‘qituvchilarning o‘zi to‘g‘rilayotganiga guvoh bo‘lishgan.
“Ba’zi bolalar chala yozib tashlab ketgan. Uni domlalarning o‘zi to‘ldirib, chiqishdi. Xatosi ko‘p o‘quvchilarning “insho”sini domlalarning o‘zi qaytadan yozib chiqishdi shekilli. Domlalarning ko‘chirib o‘tirganini ko‘rgan bolalar bor”, deydi Ozodlikka bog‘langan o‘quvchilardan biri.
Javobsiz savollar
Ozodlik kollejning bir necha o‘quvchisi bilan suhbatlashib, ularga “insho”ni aytib turib, yozdirgan o‘qituvchi- Shahlo Ollayorova ekanligini aniqladi.
Ozodlik Shahlo Ollayorova bilan bog‘lanib, o‘quvchilar aytgan ko‘zbo‘yamachilikka izoh so‘radi. Ollayorova savollarni oxirigacha eshitmasdan, telefon go‘shagini qo‘yib qo‘ydi va go‘shakni boshqa ko‘tarmadi.
Ozodlik muxbiri kollej rahbarlari bilan bog‘langanida ham xuddi shunday holat kuzatildi. “Insho” borasidagi savollar berilishi bilan go‘shak qo‘yib qo‘yildi.
Vazirlik javobi
Ozodlik 14 iyun kuni kechki payt Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Kasb-hunar ta’limi markazi bilan bog‘lanib, G‘uzor agrobiznes kollejidagi holat borasida izoh so‘radi.
Markaz mulozimi kollejdagi ushbu holatdan bexabarligini, o‘rganib ko‘rib, ma’lumot berilishini ta’kidladi.
15 iyun kuni qayta bog‘langanimizda markaz mulozimi G‘uzor agrobiznes kollejidagi vaziyatni maxsus ishchi guruh o‘rganayotgani, hozircha holat bo‘yicha aniq ma’lumot yo‘qligini bildirdi.
O‘quvchilarga tahdid
Kollejdagi vaziyat haqida Ozodlikka xabar qilgan o‘quvchilar o‘z shaxslarini mutlaqo sir saqlashni so‘rashdi.
“Oldin ham Ozodlikka bir voqea bo‘yicha xabar berganimizda o‘quvchilarga rosa davlenie qilishgan. Agar bilib, qolishsa, bizga diplom bermay qo‘yishadi”, dedi o‘quvchilardan biri.
Ozodlik o‘quvchilar ismini sir saqlagan holda, ularning bu xavotirini vazirlik mulozimiga yetkazdi.
Mulozim o‘quvchilarning xavfsizligi uchun o‘zi kafil bo‘lishini, voqea haqida Ozodlikka xabar berilgani uchun o‘quvchilarga nisbatan hech qanday tazyiq bo‘lmasligini ta’kidladi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
P.S Joylardan olingan xabarlarga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi kurash mavzusidagi insholar mamlakatdagi deyarli barcha kollejlarning bitiruvchilaridan olinmoqda. G‘uzor kollejidagi kabi holat boshqa joylarda kuzatilgani haqida Ozodlikda hozircha ma’lumot yo‘q.