Marhum prezident Islom Karimovning nabirasi - Imon Karimova onasi Gulnoraning qamoqdan maktub yozganini ma’lum qildi.
Imonning Instagram sahifasida chop etilgan matnda Gulnora Karimov qamoqdan ozod etilishi uchun qo‘yilgan shartlarni bajarayotgani, tez orada bolalari bilan yashashiga imkon berilishiga ishonishi yozilgan.
Shuningdek, maktubda Gulnoraning mamlakat ichkarisi va tashqarisidagi mulki-mablag‘lari haqida ham ma’lumotlar berilgan.
"6 yil ichidagi ilk murojaatim"
Gulnora Karimova nomidan chop etilgan murojaat yuqoridagi jumla bilan boshlangan.
U hozir Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi ayollar qamoqxonasida jazo muddatini o‘tamoqda.
Avvalo, o‘zini qo‘llab, "duo qilganlar"ga minnatdorlik bildirgan maktub muallifi "butun xalqdan" hamda uning boshiga tushgan muammoni "tushungan va hurmat qilgan barchadan" kechirim so‘rashini bildirgan.
"Xuddi avval bo‘lganidek, men o‘zimni oqlamayman va bunga harakat ham qilmayman. Men ilk so‘rovdayoq o‘z mablag‘larimni mamlakatning yaxshilanishi va rivoji uchun qaytarish yo‘lida hamkorlik qilishni boshlaganman", deyiladi maktubda.
Unda mamlakat ichkarisida Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan aktivlar va xususiy mablag‘larning barchasi undan olinib, davlat hisobiga o‘tkazilgani aytilgan.
Shuningdek, maktubda mahalliy tergovlar natijasida Gulnoraga tegishli xususiy aktivlar miqdori 1 milliard 200 million AQSh dollariga tengligi aniqlangani aytilgan.
Chetdagi mol-mulk va aktivlar haqida
Maktubda Karimova advokatlari - unga bergan maslahatlariga zid ravishda - unga qarashli bo‘lgan chet eldagi mablag‘ va mol-mulkni ham davlat g‘aznasiga qaytarish uchun tegishli hujjatlarni taqdim qilgani aytilgan.
"Biroq, men qo‘limdan kelgan barcha ishni qildim va advokatlarim ham - menga bergan maslahatlariga zid ravishda - 131 million AQSh dollariga teng miqdordagi summaga da’vogarlikka aloqador o‘zlari kiritgan hujjatlarni qaytarib oldilar va ayni paytda, qolgan 555 million AQSh dollariga teng summa uchun ham ayni ishni qilmoqdalar", deyiladi maktubda jumladan.
Karimovning "shogirdi"
Matnda Gulnora prezident Mirziyoevni "o‘zini Islom Karimovning shogirdi", deb atagan yetakchi va "otasining siyosiy vorisi sifatida tanishi" ta’kidlangan.
"Men uning oliyhimmatligiga umid qilaman va juda ishonishni istardimki, tez orada menda davolanish hamda bolalarim bilan birga yashashga imkon bo‘ladi", deb yozadi maktub muallifi.
Insonparvarlik akti
Maktubda shuningdek, Gulnora Karimovaga nisbatan hozirga kelib "insonparvarlik akti qo‘llangan bo‘lishi mumkin edi", deb qayd etilgan.
"Zero belgilangan muddat bo‘yicha, har oyda o‘nlab ayolga nisbatan qo‘llanilayotgan, shartli ravishda muddatidan avval ozod qilish mumkin bo‘lgan vaqt yaqinlashmoqda. Men qonunlarimizga ishonaman va ishonamanki, agar to‘g‘ri amal qilinayotgan bo‘lsa, bu qonunlar xalqimiz uchun kafolat va poydevor bo‘lib xizmat qiladi", deb yakunlanadi maktub.
Quyida Imon Karimovaning Instagram sahifasida chop etilgan maktub matni bilan tanishishingiz mumkin:
Gulnora ishi
Qariyb 3 hafta muqaddam mahalliy nashrlar Gulnora Karimovaning shveysariyalik advokati Greguar Manja (Grégoire Mangeat) o‘z mijozining qamoqxonada tibbiy muolaja olishdan bosh tortayotgani haqida ma’lum qilganini yozgan edi.
Bosh prokuratura bayonotida aytilishicha, korrupsiya va og‘ir iqtisodiy jinoyatlarda ayblangan Gulnora Karimova Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2017 yil 18 dekabrdagi hukmi bilan 10 yilga qamalgan, ammo 2018 yil 1 iyulda bu hukm o‘zgartirilib, 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga almashtirilgan.
Bosh prokuraturaga ko‘ra, 2017 yilgi sud hukmida “insonparvarlik nuqtai nazaridan hamda mahkuma jinoiy yo‘l bilan orttirilgan pul mablag‘larini qaytarish va davlatga yetkazilgan zararni qoplash majburiyatlarini o‘z zimmasiga olganini e’tiborga olgan holda” ozodlikni cheklash jazosini o‘tash joyi etib mahkuma Gulnora Karimovaning o‘z tanloviga ko‘ra, qizi Imon Karimovaning yashash joyi belgilangan.
Ammo Karimova jazoni o‘tash tartibi va shartlarini buzganligi sababli 2019 yil 5 martda jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudi tomonidan unga nisbatan tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan muddati ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirilib, jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilangan.
Shu yilning mart oyida AQSh Adliya vazirligi qoshidagi prokuratura idorasining Nyu York janubiy hududi bo‘yicha prokurori O‘zbekiston marhum prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga nisbatan rasmiy ayblovlarni e’lon qilgandi.
Karimova qariyb 10 yil davomida turli moliyaviy sxemalar orqali aksiyalari AQSh birjasida sotuvga qo‘yilgan uch yirik xalqaro telekom shirkati – TeliaSonera, VimpelCom va MTCdan jami 865 million dollar pora olganlikda ayblanmoqda.