O‘zbekistonda qamoqdagi pensionerlarga pensiya to‘lash masalasi muhokama etilmoqda

Illyustrativ surat.

“Bugungi kunda ozodlikdan mahrum qilish joylarida jazoni o‘tayotgan pensiya yoshidagi shaxslarning umumiy soni qariyb 1000 nafarni tashkil etadi. Ushbu shaxslarga pensiya ta’minotining to‘xtatib qo‘yilishi, ularning qaramog‘ida bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta’minlashga ham ta’sir qiladi”.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 24 iyun kuni navbatdagi qonun loyihasini muhokama qilar ekan, mana shunday xulosaga keldi.

Rasmiy ma’lumotda aytilishicha, 24 iyun kuni Qonunchilik palatasida “Jinoyat-ijroiya qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi muhokama qilingan.

Mazkur qonun loyihasi Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi, Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi hamda Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tomonidan o‘rganib chiqildi.

Loyihada manzil-koloniyalaridagi mahbuslarni pensiya bilan ta’minlash nazarda tutilgan. Biroq deputatlar barcha jazoni ijro etish muassasalarida jazosini o‘tayotgan pensioner shaxslarga pensiya to‘lash tartibini joriy etishni taklif qilmoqdalar.

Deputatlar fikricha, Konstitutsiyada har bir fuqaroning ijtimoiy ta’minot olish huquqi kafolatlangan. Shundan kelib chiqqan holda, mahbuslarning ham pensiya olish huquqi ta’minlanishi zarur.

Xalqaro miqyosda olinadigan bo‘lsa, Ispaniya, Chexiya, Norvegiya, Fransiya, Portugaliya, Germaniya, Gretsiya, Niderlandiya, Shvetsiya, Rossiya, Ukraina, Belarus kabi davlatlarda mahbuslarga yoshga yoki nogironlikka yohud boshqa huquqiy asoslar bo‘yicha pensiya to‘lanadi.

Bundan tashqari Belarus, Rossiya va Yevropa Ittifoqida pensiya yoshidagi mahbuslarning pensiyasidan 20 foizdan ko‘p bo‘lmagan qismidan o‘sha pensionerlarga berilayotgan oziq-ovqat, kiyim-kechak, poyabzalga sarflangan harajatlar qoplanadi.