"Do‘stlik" chegarasida tirbandlik yo‘q, biroq navbatlar haligacha bor (FOTO)

O‘zbekistonning Andijon va Qirg‘izistonning O‘sh viloyati o‘rtasidagi “Do‘stlik” chegara bekatidagi bugungi vaziyatga Ozodlik chegaraning qirg‘iz tomonida turib guvoh bo‘ldi.

Bundan bir necha oy avval mazkur chegara bekatida tirbandlik va bir necha soatlab va hatto bir necha kunlab navbat kutishlar kuzatilgani haqida o‘z vaqtida xabar bergan edik. Bugungi kunda esa o‘tkazish punktida vaziyat bir oz bo‘lsa-da yaxshilangan.

Yuk va yengil mashinada chegaradan o‘tmoqchi bo‘lgan bir necha transport navbat kutmoqda. Chegaradan O‘zbekistonga o‘tmoqchi bo‘lganlar navbati doimgiday bor. Bugun yuzga yaqin odam navbatda turganiga guvoh bo‘ldik.

Navbatda turganlar chegaraning Qirg‘iziston tomonida elektr o‘chib qolgani sababli odamlar o‘tolmay turganini aytishdi. Lekin yarim soatdan ortiqroq vaqt o‘tgach, elektr muammosi hal bo‘lib, odamlar ikki tomonga o‘tkazila boshlandi.

25 iyun kuni Andijon viloyati Bo‘ston shahridagi Viloyat bolalar va o‘smirlar futbol maktabi tarbiyalanuvchilari bo‘lgan 11-12 yoshli o‘zbek futbolchilari o‘zlarining qirg‘izistonlik tengdoshlari bilan tajriba almashish-o‘rtoqlik futbol o‘yini o‘tkazish uchun kelganiga guvoh bo‘ldik.

Mehmonlarni O‘shda qirg‘izistonlik xalqaro toifadagi futbol hakami Bahodir Qo‘chqorov kutib oldi.Futbol o‘yini O‘sh viloyati Novqat tumanidagi Qirg‘iz Ota qishlog‘ida bo‘lib o‘tadi.