Keyingi paytlarda o‘zbek jurnalistikasiga onasini mama, otasini papa deydiganlar avlodi kirib keldimi, degan shubhaga borib qoldim. Nazarimda, bu avlod o‘zbek tilidan faqat yozganda foydalanadi, bu tilda hech narsa o‘qimaydi. Gap shu haqda.
“Haqida”ning o‘rniga ham, “to‘g‘risida”ning o‘rniga ham “borasida”ni ishlatayotgan hamkasblarim bilan bahsga kirishmoqchi emasman: bu did masalasi bo‘laqolsin.
“Haqda” yozish lozim holatda ham “haqIda” yozadiganlar bilan kirishgim keladi bahsga: bu did masalasi emas, savod masalasidir.
Lekin kecha bir xabarga ko‘zim tushdiyu “haqda”ning “haqIda”dan farqi haqida gapirishga hali ertaday ko‘rindi.
Mana saytlardan biridagi kechagi xabardan parcha:
“Loyihalashtirish ishlari «Boshtransloyiha» AJ muhandislari tomonidan ishlab chiqilgan. Ko‘prikning umumiy uzunligi 256 metr bo‘lib, jami 9 ta (ustoylari bilan) tayanch ustunlari oralig‘ida montaj qilinadigan 1 ta (24 metr) va 7 ta (33 metr) oraliq qurilmalardan (balkalar) tashkil topadi. Tayanch ustunlarining poydevori diametri 1,5 va 1,7 metrli 25 metrgacha chuqurlikka burg‘ilab o‘rnatiladigan 78 ta qoziqlardan (svai) iborat bo‘lib, jami 112 dona oraliq qurilmalari (balka) o‘rnatilgan”.
Keltirilgan parchadagi “loyihalashtirish ishlari”, 78 ta qoziqlar” kabi iboralardagi noqisliklar muhokamasini ham boshqa galga qoldiramiz.
Hozir esa, qoraytirganlarimgagina qarang. O‘zbekchani endigina o‘rganayotgan ajnabiy bu gaplarni o‘qir ekan, o‘zbeklarning tili o‘rischa chiqqan ekanu muxbir bechora qiynalib, aytadiganini o‘zbeklarga o‘rischa yordamida tushuntirishga urinayapti, deb o‘ylaydi.
Aslida unday emas. Aslida muxbir bechora na o‘rischani biladi, na o‘zbekchani!
“9 ta (ustoylari bilan) tayanch ustunlari” – “ustoylari bilan” deganda nimani nazarda tutganini umuman tushunmadim. “Tayanch ustunlari” esa, “oporniye stoyki”ning kalkasi. Bu iboradan qo‘rqmay "tayanch"ni tashlab yuborib, “ustun”inigina olsa bo‘laveradi. Chunki... (shu yerdan qaytaman, “opora” ham, “stoyka” ham alohida-alohida “ustun” ma’nosini berolmasligini tushuntiraman desam, cho‘zilib ketadi)
“Oraliq qurilmalardan (balkalar)” – “Balka” o‘zbekchada “to‘sin”dir. Xabarni yozgan muxbir menga ishonmasa, smartfonlar chiqquncha tug‘ilgan otasidan so‘rasin, otasi bilmasa yo bo‘lmasa, lug‘atdan so‘rasin. Ha, aytgancha, “Lug‘at” degan kitoblar bo‘ladi, ularda so‘zlar bo‘ladi alfavit tartibida berilgan.
“78 ta qoziqlardan (svai)” – birinchidan, “78 ta qoziqlar” emas, “78 ta qoziq” bo‘ladi (boya aytdima, bu masalaga teginmayman, deb...), ikkinchidan, “svai”ning o‘zbekcha ekvivalenti bo‘lmagani uchun shu so‘zning o‘zini o‘zbekchalashtirib (masalan: svay, svaya) olish yoki “beton qoziq”, “temir-beton qoziq”, deb olish mumkin. Ha, aytgancha, 1984 yilgi “Ruscha-o‘zbekcha lug‘at” “svai”ni “qoziqoyoq”, deb bergan. Biroz sun’iy, lekin “78 ta qoziqlardan (svai)” degan sharmandalikdan yaxshiroqku, to‘g‘rimi?
Xullas, keyingi paytlarda o‘zbek jurnalistikasiga onasini mama, otasini papa deydiganlar avlodi kirib keldimi, degan shubhaga borib qoldim. Nazarimda, bu avlod o‘zbek tilidan faqat yozganda foydalanadi, bu tilda hech narsa o‘qimaydi.
Unday desam, butun o‘zbek shunday bo‘lib qolganday: bugun o‘rganganimiz - parchasini olganimiz xabarni bosgan sayt shu xabar chiqqan kuni boshqa bir material – Toshkentda yangi ochilgan magazindan fotoreportaj berdi. Magazin ichidagi yozuvlarning mutlaq hammasi ruscha yozilganini ko‘rdim. Bitta ham o‘zbekcha yozuv ko‘rmadim.
O‘zbekiston poytaxtidagi magazinda bitta ham o‘zbekcha yozuv ko‘rmadim.