Moskvaning Golyanovo tumanida yo‘qolgan o‘zbek muhojiri qidirilmoqda

Sultonmurod Mirxalilovning oxirgi fotosuratlaridan biri

Moskvaning Golyanovo tumanidagi Shchyolkovo metrosi yaqinida bedarak ketgan andijonlik 26 yashar Sultonmurod Mirxalilovni yaqinlari qidirmoqda. Akasining aytishicha, shu yilning 6 iyulida ko‘chaga chiqib ketgan Sultonmurodni boshqa hech kim ko‘rmagan.

Moskvadan Ozodlik tahririyatiga murojaat qilgan o‘zbekistonlik Dilmurod 1993 yil 2 martda tug‘ilgan ukasi Mirxalilov Sultonmurod Ummatali o‘g‘lini qidirayotganini xabar qildi.

Dilmurod ukasi Moskvaning Shchyolkovo metrosi yaqinida joylashgan Baykalskaya, 12a manzili bo‘yicha joylashgan ishchilar yotoqxonasidan 6 iyulda chiqib ketganini aytadi.

- Ishdan kelib narsalarini tashlagan, ko‘chaga chiqqan. Shu chiqib ketgani bo‘yi yo‘q. Shchyolkovo metrosi yaqinida Golyanovskiy rayonida joylashgan yotoqxonada brigadasi bilan yashagan. Ular Bulvar Rokossovskogo metrosi yaqinida qurilishda “SU-10” firmasida kladkada ishlagan. Yoshi 26da, millati o‘zbek, Andijon viloyati, Shahrixon tumani, Segaza qo‘rg‘onida tug‘ilgan. 3-4 yildan beri Moskvada ishlardi. Oxirgi marotaba 3 yo 4 iyul kuni gaplashganmiz.Oylik olgan ekan, “Aka jo‘nating”, deb pulini berdi, qarzlarini uzdi. Juma kuni bozorga borib, o‘ziga ust-bosh qilgan. Shanba kuni ishga borgan va ishdan kelib, yo‘qolgan, deydi Dilmurod.

Suhbatdosh 13 kundan buyon ishini tashlab, ukasini qidirayotganini aytdi.

Sultonmurod Moskvaning Golyanovo tumanida bedarak ketgan

Dilmurod O‘zbekiston elchixonasiga ham ukasini qidirishda yordam berishni so‘rab murojaat qilgan. Elchixona vakillari ukasi 15 kundan keyin ham topilmasa¸ keyin rasman murojaat qilishni tavsiya etgan.

Elchixonadan tashqari u Golyanovo politsiya tergov bo‘limi, ish beruvchi “SU-10” shirkati rahbariyatiga ukasini qidirishda yordam so‘rab borgan.

- Oxirgi marotaba uni stroykada ko‘rishgan. Ishdan birinchi kelgan va chiqib ketgan. Men Golyanovskiy rayon jinoyat-qidiruv bo‘limiga murojaat qildim. Elchixonaga murojaat qilganimda 15 kun qidiruv natija bermasa, keyin ko‘mak berishlarini aytishdi. 13 kundan beri o‘zim yugurib yuribman – hech joyda ishlaganim ham yo‘q. Hech kim bilan urishadigan, tortishadigan bola emas edi. Uydagilar baxshiga ham borishibdi, “O‘rmonda budka ichida yig‘lab o‘tiribdi”, debdi. Shundan keyin u yashaydigan joyning o‘rmonida 15 kishi bo‘lib ham qidirdik. Rasmlari ish beruvchisi orqali ham tarqatilgan, dedi yo‘qolgan yigitning akasi Dilmurod Mirxalilov.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

D.Mirxalilov: "Ukam Moskvaning Golьyanovo tumanida yo‘qoldi"

Dilmurod Mirxalilov hozirda ijtimoiy tarmoqlar orqali qidiruv e’lon qilganini bildirdi.

Moskva sharqida yo‘qolgan 26 yashar Sultonmurod Mirxalilovni ko‘rgan, u haqda biror ma’lumotga ega bo‘lganlar +79258104420 raqami orqali uning yaqinlariga xabar berishi mumkin.