20 iyul kuni O‘zbekiston Xalq artisti Zohid Haqnazarov 82 yoshida olamdan o‘tdi. 21 iyul kuni Toshkentda dafn qilindi. Men Zohid Haqnazarovni millat taraqqiyoti uchun kurashgan oydin fikrli jadid sifatida tanigandim.
Ilk marta Zohid Haqnazarovni 1977 yili Urganchdagi teatr sahnasida ko‘rgan edim. Simfonik orkestr konsertiga biz o‘quvchi bolalarni jamoa tarzida majburan olib kelishgan edi. Boshidanoq biz bolalar simfonik konsertga qarshi muxolif ruxda edik. Ammo konsert boshlanishidan oldin Zohid aka yarim soat va’z qilib¸ orkestr nimaligi va uning tarixiy kelib chiqishi haqida biz bolalarga hijjalab tushuntirdi.
Chaykovskiyning beshinchi simfoniyasi va Antonio Vivaldining “Yil fasllari” musiqiy kompozitsiyasini o‘shanda ilk bor jonli ijroda eshitgan edim.
Dirijyor supasida turgan Haqnazarov 100 ga yaqin cholg‘uchini qo‘lidagi tayoqcha bilan sehrgar kabi boshqarardi.
O‘ta sokin boshlangan musiqa saslari Zohid akaning bir ishorasi bilan po‘rtanali hayqiriqqa aylanardi. Barabanlar ovozi saksofonlar nolasiga esh bo‘lib ruhimni ag‘dar -to‘ntar qilgandi.
Aynan shu konsert bois klassik musiqaga mehr uyg‘ongan edi qalbimda.
Konsertning ertasiga shahardagi kinoteatrda Stanislav Govoruxin suratga olgan Robinzon Kruzo filmini ko‘rdim.
Film davomida yangragan Antonio Vivaldi musiqasi nazarimda Zohid Haqnazarov tayoqchasi bilan boshqarilayotganday edi...
Oradan 10 yilcha vaqt o‘tdi. Bu orada men Toshkentdagi konservatoriya binosida va Sverdlov kontsert zalida Haqnazarov dirijyorlik qilgan konsertlarda Antonio Vivaldi musiqasiini qayta-qayta eshitdim.
Nazarimda bu musiqa kimsasiz orol tutqunligia tushgan bechora matros Kruzoning erkinlik uchun kurashi dostoniga mengzardi.
O‘zbeklardan yetishib chiqqan ilk dirijyorlardan biri bo‘lgan Zohid Haqnazarov ijodi klassik musiqa dunyosi bilan chambarchas bog‘liq.
Shu bilan birga Zohid Haqnazarov bir ziyoli sifatida millat taqdiridagi burilish nuqtalarida o‘z dunyoqarashini dadil bildirib keldi.
Haqnazarov 1988 yilda ilk qadamlarini qo‘ya boshlagan o‘zbek muxolifatchilarining oldingi safida edi.
1988 yili Toshkentning Pushkin ko‘chasi 1- uyida joylashgan Yozuvchilar uyushmasida Zohid Haqnazarovni siyosiy faol sifatida tanidim.
Shoir Muhammad Solih¸ rassom Bahodir Jalol kabi ziyolilar qatorida xalq artisti Zohid Haqnazarov ham O‘zbekiston mustaqilligi uchun kurash jabhasiga kirgan edi.
Zohid Haqnazarov O‘zbekistonda "Birlik" Xalq harakati asoschilaridan biri va hamraisi bo‘lgan.
Muxolifat yetakchilari mamlakatni tark etganida Zohid Haqnazarov O‘zbekistonda qolib, demokratik boshqaruvning diktaturadan afzal ekanligini jamiyatga uqtirishda davom etdi.
Karimovga maktub yozgan dirijyor
U 2003 yili O‘zbekistonda og‘ir iqtisodiy va siyosiy vaziyat yuzaga kelganini aytib marhum prezident Islom Karimovga ochiq xat yozgan edi.
Zohid Haqnazarov xalqdan tortib olingan demokratiyani qaytarish, so‘z va matbuot erkinligini joriy qilish, siyosiy partiya va harakatlarning O‘zbekistonda faoliyat yuritishiga, hukumatni tanqid qilishga ruxsat berishni talab qilgan.
O‘zining ochiq maktubida Zohid Haqnazarov Karimovdan o‘zgacha fikrlovchi insonlarga bosimni to‘xtatish, qo‘shni mamlakatlar bilan chegaralarni ochishni ham talab qilgandi.
"Haqnazarov"ni himoya qilgan Haqnazarov
Zohid Haqnazarov "Usmon Haqnqazarov" taxallusi ostida maqola yozgan jurnalist Bobomurod Abdullaevning qamoqqa olinishiga norozilik bildirgan va Prezident Mirziyoevdan jurnalistni ozod qilishni so‘rab murojaat etgan edi.
"... 26 yil mobaynida jallod Islom Karimov buyrug‘i bilan qotilliklarni boshidan kechirgan o‘zbek xalqini, o‘zbeklarni himoya qilayotgan mard yigitimizga ming rahmat deyishimiz va bugunning o‘zidayoq unga haykal qo‘yishimiz kerak. Qachongacha bir-birimizning boshimizni yeb, boshqa xalqlar oldida sharmanda bo‘lib yuramiz? Uyat!
Men O‘zbekiston prezidenti Sh. M.Mirziyoev Konstitutsiyamiz garanti sifatida so‘z erkinligini saqlab, yigitimiz Abdullaev-Haqnazarovni ozodlikka chiqishiga o‘zlarini insoniy hissalarini qo‘shishini istardim...", deya murojaat qilgan edi Zohid Haqnazarov.
Zohid Haqnazorov jamiyatdagi muammolar haqida tanqidiy fikrlarini Ozodlik radiosi orqali ochiq va dadil bildirib kelgan edi. Shu bilan birga Haqnazarov klassik musiqa bilan bog‘liq faoliyatini ham samarali davom ettirdi.
Haqnazarov Malayziya poytaxti Kuala Lumpurdagi simfonik orkestrni tashkil qilgan musiqachi sifatida tarixga kirdi.
Zohid Haqnazarov 2012 yilda dirijyorlik san’ati haqida kitob yozgani ortidan u bilan suhbatlashgan edim.
"Mamlakat bir kishi jilovida bo‘lmasin"
O‘zbeklar totalitarizm zanjirlaridan qutulmog‘i uchun mamlakat ichkarisida faol muxolifat lozim¸ degan Haqnazarov “Orkestrni bir odam boshqaradi¸ davlatni esa birgina odam boshqara olmaydi” degan fikrni bildirgandi.
2012 yili aytilgan bu fikr bugun dolzarbday ko‘rinadi.
Haqnazarov bilan 2012 yildagi suhbatni quyida tinglash mumkin:
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Xalq artisti va xalq dardkashi
O‘zbek Sovet ensiklopediyasida yozilishicha¸ Zohid Haqnazarov 1937 yil 12 noyabrda Toshkentda tug‘ilgan.
1963 yili Moskva Konservatoriyasini dirijyorlik mutaxassisligi bo‘yicha tugatgan.
O‘zbek Davlat filarmoniyasi simfonik orkestriga rahbarlik qilgan.
1978 yilda O‘zbekiston xalq artisti¸ 1982 yilda esa professor unvonlarini olgan. 1984 yilgacha Toshkent Davlat konservatoriyasiga rahbarlik qilgan.1969 yili KPSSga a’zo bo‘lgan. 1988 yilda KPSSni tark qilib O‘zbekiston Birlik xalq harakatiga a’zo bo‘lib kirgan.
Haqnazarov 1971 yili Rimda o‘tkazilgan xalqaro dirijyorlar konkursida diplom bilan taqdirlangan ilk o‘zbek san’atkoridir.
Zohid Haqnazarovning yaqinlariga ta’ziya izhor etaman.