Moskva sudi muhojirning bolasi maktabga qabul qilinmaganini noqonuniy deb topdi

Moskva sudi shahar Ta’lim departamenti zimmasiga o‘zbekistonlik Karimovlar oilasi farzandini o‘qishga joylashtirish majburiyatini yukladi.

Inson huquqlari himoyasi bilan shug‘ullanuvchi "Grajdanskoe sodeystvie" tashkiloti faollari fikricha, sudning bu qarori Rossiyada farzandlarini o‘qishga joylashtira olmayotgan ko‘plab muhojirlar uchun o‘ta ahamiyatlidir.

16 iyul kuni Moskva shahar sudi O‘zbekiston grajdani Bahodir Karimovning Moskva Ta’lim departamenti ustidan bergan kassatsiya shikoyatini ko‘rib chiqdi.

Unda sud o‘zbek muhojirining voyaga yetmagan farzandini o‘qishga qabul qilish masalasini paysalga solgan Departament hatti-harakatlarini noqonuniy deb topdi va ishni qayta ko‘rib chiqish uchun quyi ma’muriy sud instansiyasiga qaytardi.

Sudda O‘zbekiston vatandoshi huquqlarini “Grajdanskoe sodeystvie” yuristi Mariya Krasova himoya qildi.

Bahodir Karimov 2018 yilning fevralida 16 yashar o‘g‘lini Moskvadagi 1359- maktabning 9- sinfiga joylashtirish uchun hujjat topshirib, rad javobini olgan edi.

Maktab ma’muriyati o‘zining rad javobini “Ta’lim to‘g‘risidagi qonun faqat Rossiya grajdanlari uchun yozilgan”, deya izohlagan.

“Grajdanskoe sodeystvie” yuristi Mariya Krasovaning fikricha, Moskvaning ko‘plab maktablarida ma’muriyat migrant bolalarni o‘qishga qabul qilmaslik uchun turli bahonalarni izlab topmoqda:

- Aslida biz doimo bunday masalada bir xildagi muammoga uchrayapmiz: maktabda muhojirdan 3- shakl yoki 8- shakldagi ma’lumotnoma talab qilishadi. Bu doimiy yoki vaqtinchalik yashash joyi bo‘yicha registratsiya to‘g‘risidagi hujjatlardir. Ammo bu ma’lumotnomalar faqat Rossiya grajdanlariga beriladi. Biroq, Rossiyada “Ta’lim to‘g‘risida”gi juda yaxshi qonun bor! Unda aniq-tiniq belgilangan: bolani o‘qishga qabul qilmaslikka faqat bir - bu maktabda bo‘sh joylar yo‘qligi sabab bo‘lishi mumkin. Registratsiya to‘g‘risidagi hujjat faqat 1- sinfga borayotgan bolalardan talab qilinadi. Hatto shu vaziyatda ham u taqdim etilishi shart bo‘lmagan hujjatdir!

Krasovaning aytishicha, Karimov taqdim etgan hujjatlarni ko‘rib chiqqan maktab ma’muriyati uning yotoqxonadan berilgan registratsiya hujjatiga shubha bildirgan va shu bahonada “maktabga qabul qilmaymiz”, degan.

“Ular hatto bolaning rus tilini a’lo darajada bilishi, yaxshi o‘qishi va Rossiyada olimpiadalar g‘olibi ekanini inobatga olishgani yo‘q”, der ekan, Mariya yana bunday dedi:

“Registratsiyangiz g‘alatiroq ekan, yotoqxonada ham qaydga turish mumkinmi?! Biz sizning bolangizni qabul qilmoqchi emasmiz”, debdi. Sudda esa mutlaqo boshqa vajlarni keltira boshladi. Aslida bola o‘zbek bo‘lgani uchungina direktor maktabga qabul qilishni istamayotgan edi! Boshqa sabablar yo‘q.

Biz avvaliga Ta’lim departamenti va maktab ustidan tuman sudiga, keyin shahar sudiga bordik – ikkalovi ham bizga rad javobini berdi. Nihoyat, kassatsiya shikoyati asosida sud Prezidiumi qaror chiqardi. Sud nafaqat bizning talablarimizni qondirdi, balki “Ta’lim departamenti odamlarni mazax qilayapti” degan gaplarni gapirdi. Ular aynan ta’lim muassasalari aybi bilan ko‘plab bolalar ta’lim-tarbiyasiz qolib ketayotganiga urg‘u berdi!"- dedi Mosgorsud qaroridan mamnunligini bildirgan Mariya Krasova.

Suhbatdosh bundan bir necha kun oldin boshqa bir o‘zbekistonlik mehnat muhojiri farzandini ham o‘qishga qabul qilishmaganini esladi. Uning aytishicha, maktab direktori bilan shaxsan gaplashib, sudga va tegishli idoralarga murojaat qilishini aytib, qo‘rqitganidan keyingina migrant bola o‘qishga qabul qilingan.

“Grajdanskoe sodeystvie” yuristi fikricha, ayniqsa, Moskva maktablarida xorij grajdanlari farzandlariga o‘qishni taqiqlash holatlari ko‘p uchraydi.

Sudning bu qarori ahamiyati borasida so‘zlagan Mariya Krasova bundan buyon Rossiya maktablari va ta’lim departamentlari muhojirlar farzandlarini o‘qishga qabul qilmaslik uchun turli bahonalar qila olmasligini bildirdi.

Bundan buyon agarda maktab to‘lib qolgan bo‘lsa, Departament muhojirning bolasini boshqa ta’lim muassasasiga o‘zi joylashtirishi shart!”- deya xulosa qildi moskvalik himoyachi.

Ayni paytda, Moskvada suvoqchilik qilayotgan Ahrorbek bir necha yil oldin Rossiyaga oilasini ham olib kelgan. U o‘tgan yili qizini maktabga joylashtira olmagani gapirar ekan, 2019 o‘quv yiliga hujjat yig‘ish mashaqqatlari to‘g‘risida Ozodlikka bularni so‘zladi:

- Bu yil qizimni birinchi sinfga olib borgan edim, maktabda “Portal orqali qabul qilinadi. SNILS (Straxovoy nomer individualnogo litsevogo schyota - tahr.) olib kelasizlar”, dedi. Odinsovoning bir chekkasida ekan idorasi - ular esa bizdan pasport tarjimasini so‘radi, qizchani va onasinikini. Uni qilib kelsam, registratsiya so‘radi. Qizchani registratsiyasi endi 10 kun ichida tayyor bo‘lar ekan. Yana qoldi keyinga – oladimi, yo‘qmi uni, bilmadim.... Kattasida ham shunday muammolar bo‘lgan. Bolalarni o‘qishga shundoq qabul qilsa bo‘ladiku – SNILS, propiska, “u yoqqa bor-bu yoqqa bor” deyishni nima keragi bor?! Dokument orqasidan yugurish jonga tegdi. Dokumentlarni qilolmasdan, bolasini uyda saqlab o‘tirganlar ham ko‘p! Axir, kim bolasi o‘qishini istamaydi – masalan, men o‘g‘illarim suvoqchi bo‘lishini istamayman, dedi Ahrorbek.

Ozodlik Rossiya shaharlarida mehnat muhojirlari o‘z farzandlarini maktabga joylashtirishda muammolarga duch kelayotgani borasida oldin ham xabar bergan.

Rossiya migratsiya idorasi 2016 yilda mamlakatda 800 mingdan ortiq 17 yoshgacha bo‘lgan xorijiylar hisobda turishini ma’lum qilgan. Bugunga kelib Rossiyada yashayotgan o‘zbekistonlik muhojirlar farzandlari soniga oid biror aniq ma’lumot yo‘q.