Rossiyada zaharlanib bir oydan beri kasalxonada yotgan 58 bemordan biri vafot etdi (FOTO)

Rossiyaning Tolyatti shahar klinikasi jonlantirish bo‘limida og‘ir ahvolda qolayotgan 4 o‘zbekistonlikdan biri, 26 yashar yigit 14 avgust kuni kechga yaqin jon berdi.

Bir oy oldin zaharlangan 69 o‘zbekistonlikdan birining vafot etgani to‘g‘risida uning yurtdoshidan olingan bu xabarni Tolyatti shahar klinikasi vakili tasdiqladi.

Zookumarin moddasidan zaharlangani aytilayotgan 69 o‘zbekistonlikning 57 nafari (vafot etgan yigit 58-chisi edi) Rossiyaning Samara va Tolyatti shahar shifoxonalarida og‘ir ahvolda qolmoqda. Kasalxonada qolayotganlar orasida 4 yashar bola ham bor.

O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Samara viloyatida zaharlangan o‘zbek migrantlarini davolashga o‘zbekistonlik vrachlar jo‘natilayotganini xabar qildi.


14 avgustda Tolyatti shahar klinikasida 26 yashar O.S. vafot etgani to‘g‘risida uning yurtdoshidan olingan xabarni tilga olingan klinika qabul bo‘limining o‘zini tanishtirmagan xodimi tasdiqladi:

- Ular reanimatsiya bo‘limida 2 kishi edi. O‘zbekistonliklar ekani aniq. Kecha kechqurun biri nobud bo‘ldi. O‘lik, bilishimcha, hali ham shifoxonada qolmoqda.

O‘zbekistonlik yigitning vafot etgani to‘g‘risida Samara viloyatida qolayotgan uning yurtdoshi, ismi sir qolish sharti bilan, bunday dedi:

- Kecha kechqurun vafot etgan, menga bugun ertalab aytishdi. Do‘stingiz vafot qildi, deb menga telefon qilishdi. “Ahvolini bilishimiz kerak”, deb birinchi uch kun unga dori quyishmagan, shunda ahvoli yomonlashgandi. Shu yilning fevralida ishga kelgandi, shunda tanishgan edim u bilan. Dalada ishlardi biz bilan, yer chopardi, meva terardi. U ham bizdan – Honqa rayonidan. Uning qishlog‘i mendan 6-7 km nariroqda. Oilasi – xotini va ikkita farzandi O‘zbekistonda qolgan. Oilasi ham eshitgan uni vafot etganini.

13 avgustda Ozodlik radiosi bundan bir oy muqaddam zaharlangan 69 o‘zbekdan 58 nafari Rossiyaning Samara va Tolyatti shahar shifoxonalarida og‘ir ahvolda qolayotgani to‘g‘risida xabar qilgan edi.

Migrantlar "zookumarin"dan zaharlangani taxmin qilinmoqda

Samara viloyatining Sizran tumanida 69 nafar o‘zbekistonlik o‘ta xatarli Zookumarin preparatidan zaharlangan bo‘lishi mumkinligini Ozodlikka Tolyatti shahridagi 1-sonli kasalxona bosh shifokori Leonid Razlivinskiy aytgan edi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Samara viloyat shifoxonasi va Tolyatti shahar klinikasida davolanayotgan 58 bemorning 4 nafari jonlantirish bo‘limida qolayotgan edi.

Shifokorlar muhojirlar yana bir necha oy davolanishini gapirmoqda

Yurtdoshining vafot etgani to‘g‘risida Ozodlikka xabar qilganning aytishicha, 14 avgust kuni Moskvadan kelgan bir guruh toksikolog mutaxassislar reanimatsiyada qolayotgan bemorlarni Moskvaga zudlik bilan olib ketish to‘g‘risida buyruq bergan. Bu ma’lumotni Tolyatti klinikasi vrachi tasdiqladi.

Vrachning aytishicha, og‘ir ahvoldagi bemorlar Moskva shahriga olib ketilgan va ular toksikologiya bo‘yicha yirik mutaxassislar nazoratida.

Mehnat vazirligi bayonoti

"Shu tobda mas’ul idoralar vatandoshlarimizga joyiga borib qo‘shimcha yordam ko‘rsatish choralari ustida, ya’ni Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakillari ko‘magida ishchi guruhi tuzib, uning tarkibida O‘zbekiston Respublikasi vrachlari joyiga borib konsilium o‘tkazish ustida ish olib bormoqda".

Samarada zaharlangan o‘zbekistonliklar bilan bog‘liq bu bayonotni O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi o‘zining Feysbukdagi sahifasida rus tilida e’lon qildi.

O‘zbek muhojiri nobud bo‘lishidan bir kun oldin ish beruvchi tashkilot - “Koshelevskiy posad” firmasi direktori Nail Sharkayev zaharlangan O‘zbekiston vatandoshlarini davolashga ketadigan barcha harajatlar korxona hisobidan qoplanayotganini Ozodlikka bildirgan edi.

Tolyatti klinikasi bosh shifokori vazifasini bajaruvchi Leonid Razlivinskiyga ko‘ra, 14 avgust holatiga ko‘ra, kasalxonada 39 odam qolmoqda.

Samaradagi kasalxonada 14 bemor bor, 4 bemor Moskvaga olib ketilgan, hammasi bo‘lib 57 kishi.

Zaharlanganlarning hammasi Xorazm viloyatining Honqa tumanidan.

Ozodlik Samarada qishloq xo‘jaligi ishlari shug‘ullanib, pul topayotgan muhojirlar zaharlangani haqida 18 iyul kuni xabar qilgan edi.​