O‘zbekistonning tibbiyot oliy o‘quv yurtlariga qabul qilish uchun viloyatlarga ajratilgan maqsadli qabul kvotalari bo‘yicha berilgan grantlar, Ozodlikka arz qilgan sirdaryolik ba’zi abiturientlar iddaosicha, boshqa viloyatliklar tomonidan egallab olinmoqda.
Toshkent Tibbiyot Akademiyasi qabul komissiyasi a’zolaridan birining Ozodlikka aytishicha, hujjatlarni onlayn qabul qilish tartibi abiturientlarga istagan hududda propiskaga turib, hujjat topshirishga imkon beradi.
Prezident Mirziyoyev 2017 yilning 5 mayida imzolagan “2017/2018 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga qabul to‘g‘risida”gi qarorga binoan, 2017/2018 o‘quv yilidan boshlab, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari buyurtmalariga binoan viloyatlar uchun O‘zbekiston tibbiyot oliy ta’lim muassasalariga davlat grantlari asosida bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha maqsadli qabul bo‘yicha kvotalar ajratilib kelmoqda.
Hukumat shu tariqa yuqori malakali tibbiyot kadrlariga hududlarda bo‘lgan o‘tkir talabni qondirishni rejalashtirgan edi.
Biroq Ozodlikka bir guruh sirdaryolik abiturientlar nomidan murojaat qilgan 20 yashar Madina Amirova Sirdaryo viloyatiga ajratilgan kvotalarni boshqa viloyatliklar egallab olayotgani uchun, ikki yildan buyon Toshkent tibbiyot institutlariga hujjat topshirib, o‘qishga kirolmayotganini iddao qildi:
- Bu kvotalarni noto‘g‘ri taqsimlashayapti. O‘tgan yili Toshkent Tibbiyot Akademiyasining Davolash fakultetiga ajratilgan 35 grant o‘rindan 21 tasini sirdaryoliklar olibdi, qolganlari bizning viloyatdan emas. Bu yil ham Toshkent Tibbiyot Akademiyasida Sirdaryo viloyatiga ajratilgan 47 ta o‘rinning katta qismini boshqa viloyatdagilar egalladi.
Madinaning aytishicha, u bu ma’lumotlarni Tibbiyot Akademiyasida o‘qiyotgan va masalani ataylab o‘rgangan yurtdoshlaridan olgan.
Madina Amirovaning ishonishicha, ayrim maktab bitiruvchilari o‘tish balli pastroq bo‘lgan Sirdaryo viloyatiga “propiska”ga turib, shu viloyatdan tibbiyot oliygohlariga hujjat topshirmoqda:
- Bizning viloyatimizga kelib, vaqtinchalik propiska olib, topshirvorishayapti. Bizning viloyatda 100 foiz yaxshi test yechadiganlar yo‘q, bilim darajasi pastroq. Men 134 ball yig‘dim, o‘tish balli esa 149 bo‘ldi. Eng ko‘p sirdaryoliklar nomidan grant olgan bola xorazmlik ekan. Ular meditsina institutlarini bitirib, o‘z viloyatlariga qaytib ketadi. Sirdaryodan “vrach chiqsin” deb hukumat bergan grantlardan sirdaryolik yoshlar foydalana olmasa bu kvotalardan nima naf?!
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Abiturient Madinaning bu iddaolarini Toshkent tibbiyot oliygohida o‘qiyotgan sirdaryolik bir necha talaba ham takrorladi.
Ismini ochiqlamaslikni so‘ragan sirdaryolik talabalardan biri bu yil Toshkent Tibbiyot Akademiyasining 1- kursini bitirganini, Sirdaryo viloyatiga ajratilgan 35 grant o‘ringa qabul qilingan kursdoshlaridan 14 nafari boshqa viloyatliklar ekanini aytdi.
Talabaning bu iddaosi rost-yolg‘onligini Akademiya ma’muriyatidan so‘rab bilishning imkoni bo‘lmadi.
Abiturient Madinaning aytishicha, 20 ga yaqin ota-onalar kvotalar masalasida Sirdaryo viloyat hokimiyatiga shikoyat bilan chiqqan va hokimlik mutasaddisidan “bu masalada keyingi yil tartib o‘rnatamiz” degan javobni olgan.
Ozodlik Madina aytgan "kvotalar masalasiga javobgar Umid ismli Sirdaryo viloyat hokimligi mutassadisi" bilan bog‘landi. Biroq u savolni eshitdiyu javob bermay aloqani uzib qo‘ydi.
Toshkent Tibbiyot Akademiyasining qabul komissiyasi a’zolaridan biri, Ozodlikning viloyatlarga ajratilayotgan kvotalar masalasida bergan savoliga javoban, hujjatlarni onlayn qabul qilishga oid yangi tartib abiturientlarga istagan hududda propiskaga turib, hujjat topshirishga imkon beradi dedi:
- Hujjat topshirgan paytda yashash joyidagi pasport ma’lumoti bizga kelib tushadi. Propiskasi qaerda bo‘lsa o‘sha joydan hujjat topshiriladi. Qabul komissiyasi uning propiskasini nazorat qila olmaydi! Hammasi qonuniy bo‘lsa, demak abiturient boshqa viloyatga propiskaga turib, tibbiyot institutiga hujjat topshirishi mumkin. Bu kvotalar o‘sha hududlarda tibbiy mutaxassislar yetishmasligi uchun joriy qilingan edi. Lekin ular oliygohni bitirganidan keyin o‘z viloyatiga borib ishlab berishlari shart.
Oliygoh xodimi so‘zlariga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi oliy ta’lim muassasalari imkoniyatlaridan kelib chiqib, viloyatlardan kelgan abiturientlarni Davlat granti asosida o‘qishga qabul qilish ko‘rsatkichlarini belgilab beradi.
Maqsadli qabul orqali o‘qishga kirgan abiturient oliygohni bitirgach, o‘z hududida Davlat komissiyasining alohida qarori bilan belgilanadigan va shartnomada ko‘rsatilgan muddatda, masalan, uch-besh yilgacha ishlab berishi shart. Bordi-yu, u shartnomada belgilangan shartlar bo‘yicha ishlashdan bosh tortsa, yuborilgan joyda ishlashni istamasa, buning sabablari o‘rganilib, shartnomada belgilangan tartibda ish ko‘riladi.
Qabul komissiyasi a’zosi o‘qishni bitirib, o‘z viloyatiga qaytib ishlab berishdan bosh tortgan tibbiyot mutaxassisidan davlat tomonidan o‘qishga sarflangan mablag‘ sud orqali undirilishi mumkinligini ham aytib o‘tdi.
2019/2020 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga davlat buyurtmasi asosida bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha kunduzgi ta’lim shakliga 80 430 nafar, sirtqi ta’lim shakliga 19 985 nafar; kechki ta’lim shakliga 1 985 nafar, magistraturaga 7 695 nafar talaba qabul qilish belgilab qo‘yilgan.